Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: “Haqqoniylik va yaxshilik tarafdorimiz” (1989)

— Muhtaram muftiy hazratlari, Siz O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlarining talabiga binoan ana shu obro‘li tashkilotga demokratik yo‘l bilan saylangan birinchi diniy rahbarsiz. Bundan ko‘rinib turibdiki, Siz o‘z qavmlaringiz hayoti bilan yaqin tanishsiz, ularning kayfiyati va umidlarini payqab olasiz. Ularning bugungi qayta qurishga, O‘rta Osiyodagi yangilanish jabhalariga munosabatlari qanday?

— Musulmonlar qizg‘in davom etayotgan yangilanish jarayonini qo‘llab quvvatlaydilar. Ular haqqoniylik va yaxshilik tuyg‘usi bilan yashashni istaydilar. Shu paytgacha ana shu muqaddas qonunga to‘liq amal qilib yashash uchun O‘rta Osiyoda imkoniyat yo‘q edi. Bizning diniy ishlarimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilmagandi. Bunga hukumat ham, qator diniy arboblar ham aybdordir. Hozir hamma ishlar yaxshilik tarafga o‘zgarmoqda. Hukumat rahbarlarining dindorlarga iliq munosabat bildirayotganini, mamlakatimizda ham ular hurmatini joyiga qo‘yayotganini, dindorlarning fikr-o‘ylari bilan hisoblashishayotganligini ko‘rib turibmiz. Buning yorqin misoli davlat tashkilotlaridan birida saqlanayotgan xalifa Usmon Qur’onining bizga qaytarilishi bo‘ldi. Bu ham qayta qurish sharofati. Shuningdek, asta-sekin eski masjidlar ham musulmonlar ixtiyoriga qaytarilmoqda…

Qayta qurish ma’naviy poklanishga chaqirmoqda. Bizning dinimiz talabi ham shu: Islom ichkilikbozlikni, fohishabozlikni, giyohvandlik va poraxo‘rlikni qattiq qoralaydi. Biz shu paytgacha ana shunday illatlarga qarshi kurashda yakkalinib qoldik. Hozir esa butun mamlakatimiz xalqlari qayta qurish tufayli ana shunday poklanish yo‘lini tutmoqda. Bu musulmonlarda yaxshilik sari umid uyg‘otmoqda.

— Ko‘z o‘ngimizda dindorlarning ham, dinga, ishonmovchilarning ham hayotning hamma sohalarida faolligi oshayotganligi kishini quvontiradi. Menimcha, Sho‘ro hayotidagi yuz berayotgan jarayonlar dindorlarga o‘z erkinliklarini namoyon etish imkoniyatini bermoqda. Mana masalan, sizlarda O‘rta Osiyoda musulmonlar o‘z talablarini ro‘y-rost o‘rtaga tashlayapti. O‘zlariga yangi muftiy saylashdi.

— Ha, ular o‘zgarishlar shamolini sezdirmoqda. Oshkoralik har kimning o‘z dardini aytishiga imkoniyat beryapti. Qaysi din bo‘lishidan qat’iy nazar jamiyatdan ayri yashab bo‘lmaydi. Barcha dinlarda jamiyat mavjud bo‘lgan va yuz berayotgan taraflar talqin qilinadi. Dindorlar haqiqiy va arzigulik hayot kechirish tarafdori.

— Sizni muftiylik darajasiga saylagan musulmonlar qurultoyida qanday aniq muammolar muhokama qilindi?

— Bu qurultoy bizning Diniy boshqarmamiz tarixida to‘rtinchisi bo‘ldi. Vakillar ilgarigidek maxsus ro‘yxatlar asosida emas, balki demokratik yo‘l bilan tanlandi. Diniy jamoalar imom va yigirmalik hay’atiga kimni saylashni o‘zlari hal qildilar. Juda jonli tortishuvlar bo‘ldi. Har kim o‘z fikrini aytdi. Muammolarga kelsak, ular bizda ancha to‘planib qolgan ekan. Ulardan eng o‘tkiri bu – diniy xodimlarning bilim saviyasi va faolligi bo‘ldi. Bilimdon mullalar yetishmaydi. Bu haqda qurultoyda baralla aytildi. Kutilmagan kishilarning mulla bo‘lib qolishi ham Islomga putur yetkazmoqda. Qurultoyda Diniy boshqarmamiz nomiga musulmonlardan ko‘plab arizalar tushdi. Biz ularni hozir atroflicha o‘rganyapmiz. Ba’zi bir talablar qondirilmoqda. Diniy boshqarmamiz eshigi hamma vaqt hamma uchun ochiq. Men ham, yordamchilarim ham doimo har bir musulmonni tinglashga tayyormiz.

— Mixail Sergeevich Gorbachev o‘z chiqishlaridan birida hali mamlakatda turg‘unlik qoidalari bilan yashayotgan rayonlar borligi, bu yerlarga qayta qurish juda-juda kech kirib borishi haqida kuyunib gapirdilar. Bu jarayon O‘rta Osiyoda qanday yuz berayapti? Diniy sohada yangilanish qanday ko‘chmoqda?

— Umuman aytganda qayta qurish bizga 6-fevraldan keyin yetib keldi. Mitingda musulmonlar turg‘unlik davriga, diniy sohaga ham kirib kelayotgan buyruqbozlikka qarshi chiqdilar. Islom aqidalarini mensimagan diniy arboblarni odamlar qattiq qoralashdi. Islom xizmatkori dinning nozik taraflarini bilmasligi, payg‘ambarimiz sunnatlarini mukammal o‘rganmaganligi, bu – juda yomon fazilat! To‘g‘ri, bu bir qarashda tuzatish mumkin bo‘lgan kamchilik. Lekin o‘sha arbob o‘z qavmlari ishonchini oqlamasa-chi? Bunday paytda u musulmonlarning diniy yo‘lboshchisi bo‘lolmaydi.

— Ha, hozir Siz juda mas’uliyatli lavozimdasiz. Buning ustiga SSSR xalq noibi ham etib saylandingiz. Muftiy va noib sifatida birinchi galdagi rejalaringiz nimalardan iborat?

— Bu rejalarni alohida-alohida bayon etish menimcha nojoiz. Bugun bizni jamiyatimizning ma’naviy darajasi bezovta qilmoqda. Yoshlar alohida e’tiborni o‘zlariga qaratyapti. Hozir ko‘cha-kuyda to‘da-to‘da o‘spirinlarni uchratasan. Go‘yoki ularni boradigan joyi, qiladigan ishlari yo‘qdek. Ularning aqli, his-tuyg‘usi tarbiyasiz qolmoqda.

Biz ulardan har qanday salbiy ishlarni kutishimiz mumkin. Bu haqda butun jamoatchilik o‘ylashi kerak. To‘g‘ri, har kimning o‘ziga yarasha tashvishi bor. Menimcha, ularni ruhiy jihatdan tarbiyaga tortish kerak. Ular qalbini poklash uchun masjidlarga jalb etish lozim. Chunki Islomda masjid nafaqat ibodatxona, balki jamoatchilik tarbiya markazi hamdir. Payg‘ambarimiz davrida masjidlarda umumjamoatchilik manfaatlari muhokama qilingan. Bizda esa masjidlarni faqat namoz o‘qish uchun ochishdi. O‘ylaymanki, bu an’analarni qayta tiklaymiz. Ana shunda kimlar bu yerdan bir-birlari bilan fikr almashadilar. Kim nimaga muhtoj, kim kasalmand, kimga qanday yordam kerakligi xususida tegishli maslahatlar oladilar. Masjidlarni qayta tiklash – umumjamoatchilikka foyda tegadigan tarbiya maskaniga aylantirish mening noib sifatidagi rejalarimning asosiylaridan biri. Albatta, biz radio, televideniye va gazetalar orqali ko‘proq chiqishlar qilish tarafdorimiz. Chunki, bizning tarbiyaga muhtoj jamiyatdan shikoyatlarimiz juda katta. Faqat buni tushunish kerak.

— O‘rta Osiyodagi o‘tkir muammolardan yana biri bu bolalar o‘limi, ayollar va yoshlarning kasalmandligidir. Musulmonlar ko‘p bolali bo‘lishni Islom talabi deb tushunishadi. Lekin hamma oila ham bolalarni to‘q va salomat o‘stirish qobiliyatiga ega emas-ku? Ayrim hollarda vrachlar xotinlarga boshqa tug‘maslikni maslahat berishsada, ular o‘z hayotlarini xavf ostita qo‘yib bo‘lsa-da, to‘qqizinchi va o‘ninchi farzandli bo‘lishga harakat qiladilar.

— Islom shiori ko‘p bolali bo‘lish albatta. Lekin musulmonlar ularni sog‘-salomat va haqiqiy insonlar qilib o‘stirishga majburdir. Agar shunday imkoniyat bo‘lmasa keragidan ortiqcha farzand tug‘maslik gunoh emas. Oiladagi bolalarning nimjon va kasalmand bo‘lishiga Islom yoki musulmonlar aybdor emaslar. Buning ildizini sotsial muammolardan qidirish kerak. Fojiaviy ahvol va bolalar salomatligi xususida xalq deputatlari s’ezdida ham gapirildi. “Bu illatlar butun hayotimiz qurilishi bilan bog‘liqdir. Islomni yaxshi talqin qilishga ojiz kishilar ana shu illatlarning barchasiga Islomni aybdor deb biladilar. Qaysidir bolalar vrachi radio va matbuotda chiqish qilib, bolalar o‘limining ko‘payishi Islomga bog‘liq deb vaj karson ko‘rsatadi. Jurnalistlardan biri esa Odilov haqida yozar ekan, uning «imperiyasini» vujudga kelishiga Islom aybdor deydi. Hamma aybni Islomga ag‘darish balki kim uchundir juda-juda kerakdir. Agar jamiyatimizda Islomning tub manfaatlari chuqur o‘rganilganda edi, bunday ahmoqona fikrlar kelib chiqmasdi.

Qur’oni Karimda ayollar o‘z bolalarini to‘liq ikki yil ko‘krak suti bilan emizishlari ko‘rsatilib o‘tilgan. Bu ayollarga tug‘ishdagi muhlatni bir me’yorda saqlash imkonini beradi.

— Islom musulmonlar qabri ustida haykallar bo‘lishiga e’tiroz bildiradi. Bugun ba’zi bir qabrlarda qimmatbaho toshlardan yodgorliklar o‘rnatilganligini ham guvohi bo‘lyapmiz. Albatta, bu kishining hayotlik paytida qanday ish bilan band bo‘lganligini bildiradi.

— Ateistlar, jurnalistlar har doim ham Islomning asli bilan bid’atlar orasida farq borligini anglashmaydi. Hozirgi dafn marosimlarida, nikohlarda va boshqa ommaviy tantanalarda shunchalik ko‘p mol dunyo sarflanmoqdaki, bular Islomning asl mohiyatiga tamoman zid.

Payg‘ambarimizning hadislarida qabr ustiga yodgorlik o‘rnatish qat’iyan man etiladi. Qabr o‘z holicha turishi kerak. Mayli uni yomg‘ir yuvsin, qor bossin. O‘t-o‘lanlar ko‘karsin. Lekin uni hozir marmar toshlar bilan bekitishadi. Hattoki Toshkentdagi qabristonlarda shunday qabr toshlari borki, 40 – 50 ming so‘mlik. Bu yaxshi odat emas. Agar shu sarflangan pullar bechora hojatmand kambag‘allarga berilganda edi, Allohning rahmati bo‘lardi o‘sha bandaga.

— Redaktsiyaga kelayotgan ko‘plab xatlarda qayerdan qanday qilib Qur’on topish so‘ralgan. Musulmonlardan biri shunday yozadi: «Men to‘rt o‘g‘ilning otasiman. Yaqin orada ularni uylantirishim kerak. Ana’na bo‘yicha men ularning har biriga Qur’on berishim lozim. Lekin uni qayerdan olay? Menga har birini 400 – 500 so‘mdan sotib olishni maslahat berishyapti. Demak, uni qayerdadir chop etishadi va chayqovga chiqarishadi»! Musulmonlar bundan yana nahotki davlatimiz yoki musulmonlar rahbarlari Qur’onni chop etishni va uning har birini borinki 100 so‘mdan sotishni yo‘lga qo‘ya olmasa, deb so‘ramoqda. Haqiqatdan ham shu yo‘l bilan davlat manfaatlariga foyda olish yoki diniy boshqarma tomonidan tashkil qilinib masjidlar ehtiyojiga ishlatish mumkin-ku?

— Ha, bu savollar jiddiy javob talab qiladi. Men muftiy sifatida musulmonlarni diniy adabiyotlar bilan ta’min etishga majburman. Musulmonlar o‘z dinlari tarixni og‘izma-og‘iz yoki chala mullalardan eshitib emas, balki o‘z ko‘zlari bilan o‘qib o‘rganishlari shart. Biz o‘z imkoniyatlarimiz hisobiga 50 ming nusha Qur’on nashr qilishni rejalashtirganmiz. Musulmon davlatlaridan ham bu muqaddas kitobni keltirish maqsadimiz bor. Toki muqaddas kitobni chayqovga chiqarishga hojat qolmasin.

— Sizning fikringizcha dinga sig‘inish haqidagi qonun albatta bo‘lishi kerakmi?

— Eng asosiysi – bu din ta’limotini o‘qitishga ruxsat etilishi. Yana diniy targ‘ibot olib borishga ijozat berilishi. Biz hamma masjidlar qoshida Islomdan dars berilishini yo‘lga qo‘yishni xohlaymiz. Chunki musulmonlar yetarli diniy adabiyotlarga ega emaslar, targ‘ibotchilar so‘zi ularning har biriga yetib bormaydi. Islomdan dars olish imkoniyatiga ularning har biri ega emas. Diniy jamoalarni ro‘yxatga olishga oshiquvchi tashkilotlar javobgarligini ham belgilash zarur. Musulmonlar onda-sonda bo‘lsa-da, jamoa bo‘lib namoz o‘qishni orzu qilishadi. Shu sababli ular qaysidir joyda to‘planadilar. Keyin qarabsizki, masjid ro‘yxatga olinmagan emish. Insonlarni shunday yo‘l tanlashga majbur etish insofdanmi? Yo Alloh buyurganidan voz kech, yoki davlat qonunini buz.

Bilmadim, yangi qonunda ateistik targ‘ibot to‘g‘risida gapirilarmikan. Balki, uning saviyasi va tartibi qonunda ko‘rsatilmas. Lekin O‘rta Osiyo musulmonlarida unga nisbatan haqqoniy e’tirozlar bor. Bizdagi targ‘ibotchilar o‘z ishlarini yaxshi bilishmaydi. Islomning mohiyatidan mutlaqo bexabar, Qur’on haqida tasavvurga ham ega emaslar. Ana shuning uchun ham ularning ko‘plab chiqishlari musulmonlar noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Islom institutida rektor bo‘lib ishlagan paytimda targ‘ibotchilar bilan uchrashuv o‘tkazdim. Ular ijtimoiy fan olimlari, taniqli kishilar edi. Menga berilgan savollardan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, ular din borasida eng oddiy masalalarga ham no‘noq ekan.

Ular o‘zlarining targ‘ibotlari uchun kerakli narsalarni olisharkanda Qur’onda unday deyilgan, bunday deyilgan deb yurishaverarkan.

O‘zbek tilidagi viloyat gazetalaridan birida taniqli islomshunos Qur’onda Iso alayhissalomning nikohsiz tug‘ilganligi tan olingan deb yozadi. Ne baxtki, Qur’onda bunday deyilmagan. Agar shu so‘zni xristian dini vakillari o‘qishsa bormi? Bunday o‘ylovsiz ishlar faqat musulmonlar g‘ashiga tegishdan boshqa narsa emas. Mana ateistlarning qilayotgan ishi.

Albatta, bizning ateistlarimiz orasidan Salmon Rushdi chiqmas deb o‘ylayman. O‘zingiz o‘ylang – agar bir kishining shaxsiyatiga tegilsa u sudga beradi. Millionlab kishilarni haqorat qilsa-chi? Ularning muqaddas dinini, kitobini, payg‘ambarini haqoratlasa-chi? Kitob «Shayton suralari» deb nomlanishining o‘zi borib turgan haqorat. Musulmonlar doimo chidamli, sabr-bardoshli bo‘lib kelishgan. Lekin payg‘ambar shaxsiyati haqida haqoratomuz gaplar aytilganda musulmonlar qarab turmaydi.

— Men bu kitobni o‘qiganim yo‘q. Lekin Salmon Rushdi atrofidagi gap-so‘zlar, ayniqsa, uni tergovsiz o‘limga hukm etilishi kishini tashvishga solmay qo‘ymaydi. Nahotki musulmon olami inson huquqlari haqidagi xalqaro hujjatni tan olmasa?

— Ha, albatta. Xalqaro sud hal qilishi kerak. Salmon Rushdi kim o‘zi? Uning maqsadlari nima? Uni bu kitobni yozishga nimalar majbur qildi?

— Insoniylik va haqqoniylik qonuniga amal qilgan holda hamma narsaga qo‘l urish mumkin. Nahotki Islomning yashil bayrog‘i ostida, diniy shiorlarga amal qilib, Farg‘ona, Qo‘qon va Ozarbayjonda kishilarni o‘ldirish, uylarni yondirish, xarobaga aylantirishda ishtirok etganlar harakati musulmon va ishonmovchilar tuyg‘usini nazorat qilish bo‘lmasa?

— Ular katta gunohlarga yo‘l qo‘yishdi. Islomdan jinoyatchilik maqsadida foydalanishmokda. Mening deputat sifatidagi bosh vazifalarimdan biri kishilar qaysi din va millatga taalluqli bo‘lishidan qat’iy nazar ular o‘rtasida iliq munosabat o‘rnatish, Islomdan millatlar o‘rtasida o‘zaro adovat urug‘ini sochishda foydalanuvchilarga qarshi qat’iyan kurashishdan iborat.

— Sizning bu boradagi ishlaringizga muvaffaqiyat tilayman. Suhbat uchun rahmat.

— Jurnal o‘quvchilariga o‘z qarashlarimni bayon etaolganimdan minnatdorman, o‘z navbatida ushbu imkoniyat uchun tahrir hay’atiga tashakkur aytaman.

«Nauka i religiya» jurnalining 1989 yil, 7-sonidan kisqartirilgan holda olindi.