Hamidulla Akbarov: “Eng katta o‘g‘ri — vaqt o‘g‘risi” (2009)

http://n.ziyouz.com/images/hamidulla-akbarov.jpg

O‘zbek xalqi qadimdan ko‘p qirrali madaniyat, urf-odat va san’atga boy millatdir. Shu jumladan, o‘zbek kino san’atining ham o‘ziga xos tarixi, o‘rni va salmog‘i mavjud. Shubhasiz, kino san’ati ham sevimli, ta’sirchan va katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan san’at hisoblanadi. Unda aks etgan har bir lahza insonning ma’naviy, axloqiy jihatdan kamol topishida, qolaversa, badiiy madaniyatimizning yuksalishida muhim ahamiyatga ega. Zotan, bugun globallashuv davrida hayotimizga fan, texnika yangiliklari shiddat bilan kirib kelgan bir davrda yuksak filmlarga bo‘lgan talab va ehtiyoj har qachongidan ortib bormoqda.

«O‘zbekkino» milliy agentligi qoshidagi ekspertlar kengashining a’zosi, professor Hamidulla Akbarov bilan bo‘lib o‘tgan suhbatimiz mavzusi aynan o‘zbek kino san’atining hayotimizda tutgan o‘rni, hozirgi paytda yaratilayotgan filmlarning yutug‘i-yu kamchiliklari va bu boradagi ayrim muammolar xususida bo‘ldi.

— Bugun filmlar yaratish va ularning sifatini yaxshilash bora­sida jid­diy ishlarga qo‘l urilmoqda. Buning yor­qin samarasi sifatida ke­yingi yillarda yurtimizda qanday baquvvat filmlar yaratildi?

— Mustaqillik sharofati tufayli yurtimizda yuksak tarbiyaviy ahamiyatga molik, estetik qiymati baland kinoasarlar yaratila­yotga­nidan mamnunmiz, albatta. Shu o‘rinda istiqlol yillarida ishlangan «Yol­g‘iz yodgorim», «Qor qo‘ynida lola», «O‘tov» singari qator asarlar tomoshabinlar qalbidan joy olganini alohida ta’kidlab o‘tish joiz deb bilaman. O‘zim «O‘zbekkino» milliy agentligi qoshidagi ekspertlar kengashining a’zo­si bo‘lganim uchun ham har bir yan­gi kino asarini sinchiklab ko‘raman. Agar bu sohada ijodiy yangiliklarni his qilsam, fikr-mulohazalarimni televideniye yoki matbuot or­qali bildirishga ehtiyoj sezaman.

Keyingi yillarda o‘zbek kino san’ati nafaqat vatandoshlarimizning, balki Osiyo va Yevropa mamlakatlarining ham e’tiborini qozonmoqda. Buning yorqin dalili sifatida yaqindagina Londonda bo‘lib o‘tgan hujjatli va badiiy filmlar ko‘rigida «Toshkent — islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilinishi munosabati bilan yaratilgan hujjatli film katta shuhrat qozonganini aytardim. Avstriyaning Ins­burg shahrida bo‘lib o‘tgan kinofestivalda esa «Oydinoy» badiiy filmi tomoshabinlarning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Asar xalqaro anjuman sov­rini bilan qaytdi. Bular safiga Gollandiyaning Amsterdam shahrida bosh sov­rinni qo‘lga kiritgan «Quduq» hujjatli filmining ham estetik-tarbiyaviy, ham ma’rifiy ahamiyati katta deb bilaman. Hozir ko‘pchilik ana shu filmlarni ko‘rmay turib, kinosan’atimiz haqida biryoqlama fikr bildirishadi.

Men xorijda munosib baholangan milliy asarlarimizdan o‘zimizning tomoshabinlar ham bahramand bo‘lishini, olim va munaqqidlarimiz badiiy, estetik, g‘oyaviy jihatlarini tahlil etib, jamiyatga, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy olamini boyitayotganini ko‘rsatib berishlarini xohlardim. Buning uchun fundamental tadqiqotlar yaratilishi zarur, deb bilaman.

— Kino san’ati tarixiga bir nazar tashlasak, avvallari ham turli saviyadagi filmlar yaratilgan. Ammo yillar sinovida toblangan «Sen yetim emassan», «Toshkent — non shahri», «Tohir va Zuhra», «Nasriddin sarguzashtlari», “Shum bola” kabi filmlarni xal­qimiz hanuzgacha hayajon bilan tomosha qilishadi. Demoqchimanki, bugungi kunda ham ana shunday umrboqiy kinoasarlar yaratilayaptimi?

— Asli baquvvat adabiyot asarlariga kino ahli hech qachon befarq qaramagan. Masalan, «Temir xotin» yoki «Kelinlar qo‘zg‘oloni» asarlarini olaylik. Qancha yillardan buyon ushbu asarlarga bo‘lgan e’tibor va ishtiyoq susaymayapti. Hattoki, Xitoyda «Kelinlar qo‘zg‘oloni» namoyish etilganda tomoshabinlar bu filmni dublyajsiz ham yaxshi qabul qilganiga o‘zim guvoh bo‘lganman. Ammo… bunday fikrni so‘nggi paytlarda xususiy studiyalar yaratayotgan bir qolipdagi asarlar haqida ayta olmayman. Avvalo, ekrandagi voqealar dramatik jihatdan puxta yozilmaydi. Rejissura ham bo‘sh, zaif ko‘rinadi. Mustaqilligimizdan avval mavzu, qahramon tanlash, hatto filmning metrajini belgilash sobiq «markaz»ning ijozati bilan bo‘lgan. Kino olish jarayoni og‘ir kechgan. Texnik vositalar eskirgan, ijodiy-texnik kadrlar masalasi ham bo‘lmagan. Rejissyorlar oylab, yillab laboratoriyada qayta ishlanadigan kino plyonkalar reaktiv ximikatlardan «omon chiqishi»ni yurak hovuchlab kutib turardilar. Harakatga keltirish og‘ir bo‘lgan apparatlar yordamida ming-ming metr tasmalarga tasvir tushirilgan.

Istiqlol sharofati tufayli yaratilgan ijod erkinligi boshqa sohalar qatorida kino san’atimizga ham katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Bugun davlat studiyalari qatorida nodavlat studiyalarida ham yiliga o‘nlab filmlar olinmoqda. Davlat stu­diyalariga qaraganda, nodavlat stu­diyalar tayyorlayotgan filmlarning sifati biroz zaifroq ko‘rinadi. Axir, ijod erkinligi degani xohlagan odam qo‘liga kamerani ko‘tarib, kino olsin, rejissyorlik qilsin, rol o‘ynasin, kinomusiqa bastalasin degani emas-ku. Bu borada nodavlat studiyalarda rejissura, dramaturgiya, ijrochilik san’ati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlarning aksariyati professional tayyorgarlik ko‘rmagan. Misol uchun sevimli san’atkorimiz Murod Rajabovni mahoratli aktyor sifatida yuksak qadrlaymiz. Kino, teatrda o‘ynagan rollarining hech biriga befarq emasmiz. Ammo uning rejissyor sifatida suratga olgan «Ulfatlar», «Anora» deb ataluvchi filmlarining rejissurasi mutlaqo talabga javob bermaydi. Ayniqsa, «Ulfatlar» nihoyatda bo‘sh ishlangan «asar». Taniqli rejissyor O‘lqin To‘ychiyevning «Chashma», «Orzu ortida» deb nomlangan filmlari tomoshabinlar va munaqqidlar tomonidan yaxshi baholangandi. Ammo nodavlat studiyasida yaratgan «Poyma-poy» asarida milliy urf-odatlarni, insoniy fazilatlarni ko‘rsatishga urinish bor, lekin syujet poyma-poy. Bunday zaif film­lar qatoriga «Bir kelib keting qishlog‘imizga», «Sunami-2», «23», «Har zamonda bir zamon», «Qalbaki dunyo», «Quyun», «Ishkalchi oshiqlar» kabi filmlarni ham qo‘shish mumkin. Bugun maxsus o‘quv yurtida ta’lim olgan san’atkorlar bilan bir qatorda san’at ilm dargohining zinapoya­larini xatlab o‘tmagan havaskorlar ham ssenariy yozishga, rejissura bilan shug‘ullanishga oshiqmoqdalar. Bunday nosog‘lom jarayon kino rivojiga ham, estetik tarbiyaga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Aslida nodavlat studiyalar ham o‘z ichki adabiy kengashiga ega bo‘lishi, ssenariyga bo‘lgan talabni kuchaytirishi, professional ta’lim olgan rejissyorlar bilan hamkorlikda ijod etishi kerak.

– Yuqorida aytib o‘tganingizdek, «O‘zbekkino» milliy agentligi qoshidagi Ekspertlar kengashining vakilisiz. Shubhasiz, katta ekranga chiqarilayotgan har bir kino uchun litsenziya ham aynan siz a’zo bo‘lgan kengash tomonidan beriladi. Shunday ekan, o‘ta yuzaki, umri qisqa filmlarga litsen­ziyaning berilishi…

— Avvalo filmlarga litsenziya berish-bermaslik haqida emas, menimcha rejissyorlarga kino olishga ruxsat berish kerakmi yoki yo‘qmi shu haqida o‘ylash kerak. Yaqinda xorijiy madaniyat markazi tavsiya­si bilan kengashga «Bokiralik yuki» nomli bir hujjatli film taqdim etildi. Unda tasvirlanishicha, bokiralik qiz bolaga yuk bo‘larmish. Bu yukni ko‘tarish juda og‘ir emish. Buni ko‘rgan kengash a’zolari bir ovozdan ekranga chiqishiga yo‘llanma berishmadi. Bu holat — «Bokiralik yuki» qaysidir xorijliklarni tashvishga solayotgandir, lekin bizda bunday muammoning o‘zi yo‘q. Qizlarimiz bokira, iffatli, or-nomusli. Ko‘rayapsizmi, qay darajadagi «yuk»larni bizga singdirmoqchi bo‘lishmoqda. Ekspertlar kengashi a’zolari filmlarni g‘oyaviy, badiiylik mezonlariga rioya qilgan holda baholaydilar. Shaxsan men mavzuga qarab, rejissyorlik da’vosida yurgan shaxsning yoshiga yoki mashhurligiga qarab «siylashga» yo‘l qo‘ymaganman. Sayoz filmlarga men muhokama jarayonida doimo qarshi ovoz berganman. Ammo… Dilimdagi bir gapni aytsam, menimcha eng katta o‘g‘ri bu — vaqt o‘g‘risi. Negaki, bir yarim soat davom etadigan film­ni ekranda chiqarganimizda bir million tomoshabin ko‘rsa, shu daqiqalarda odamlarning qancha vaqtini o‘g‘irlagan bo‘lamiz? Bundan tashqari, xuddi shu tomoshabinning estetik didiga putur yetadi. U yuksak asarlarning qadriga yetmay qo‘yadi. Film ishlayotganlar avvalo, shu narsani yoddan chiqarmasligini istardim.

— Xo‘sh, unda ahvolni o‘nglash, yaxshilash uchun sizning-cha, nima qilmoq kerak?

— Ijodiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish kerak, deb o‘ylayman. Shu bilan birga filmlarni ko‘radigan tomoshabinlarning estetik didini tarbiyalash lozim. Navoiy kutubxonasiga borganimda, kitobsevarlarni kam uchratardim. Shu kunlarda qiroatxona gavjumroq ko‘rinadi. O‘shlarning ko‘pchiligi kitob o‘qimasa-da, kino, teatrga borishadi. Ba’zan kinochilar uyida tomoshabinlar bilan suhbatlashib, «Nega yaxshi kinolar turganida zaif asarlarga tushayapsizlar?», desam, «Bu filmlarni bizga maqtashgan», deyishadi. Ko‘rgan filmlari haqida taassurotlarini so‘rasam, ayrimlari «falonchi aktyor yaxshi o‘ynabdi-yu, lekin umuman asarning mazasi yo‘q» deya ochiq aytishadi. Ayrim yoshlar esa yaxshi-yomon filmlarni bir-biridan ajrata olmaydi. Shu bois bog‘cha, maktab yoshidan bolalarning ota-onasi yoki o‘qituvchilari ularning estetik didini shakllantirib borsa, kino san’atiga bo‘lgan munosabatlari o‘zgacha bo‘lardi.

— Avvalgi Toshkent teatr va rassomchilik instituti, hozirgi San’at institutida bo‘lajak rejissyorlar, aktyorlar yetishib chiqadi. Lekin so‘nggi yillarda ana shu oliy ta’lim dargohi bitiruvchilari orasida nazarimizda yarq etgan iste’dodlar ko‘rinmayotganga o‘xshaydi. Bu borada qanday fikrdasiz?

— Yurtimizda shunday hashamatli san’at dargohining bo‘lishi katta gap. Bu ulug‘ dargohda el nazariga tushgan ne-ne buyuk san’atkorlar tahsil olib, aktyorlik san’atini, sahna sir-asrorlarini o‘rgangan. Ular aktyorlik va rejissyorlikni qismat bilib, o‘ynagan har bir roli yoki suratga tushgan filmi kinotasmalarda mangu muhrlanib qolganini yaxshi bilamiz. San’at oliygohini iste’dodli aktyorlar bitirishayapti, ularning ijodini namoyish etish uchun esa malakali rejissyor va ssenariynavislar bo‘lishi kerak.

Shuhrat Abbosov, O‘lqin To‘ychiyev, Ayub Shahobiddinov kabi iste’dodli kinorejissyorlar ham avval shu oliy o‘quv dargohida ta’lim olishgan. So‘ngra Moskvada rejissyorlarning Oliy kursida ekran estetikasini, texnikasini o‘zlashtirishgan.

O‘zim Moskvada aspiranturada tahsil ko‘rayotganimda 3 yil davomida ssenariynavislar va rejissyorlarning oliy kurslari mashg‘ulotlarida qatnashganman. U yerda 3-4 soat dars o‘tilsa, 5-6 soat kino ko‘rsatishardi. Ustozlarimiz o‘z tajribasidan kelib chiqib, ko‘rgan filmlarimizga taqlid yo ko‘chirishni emas, ijodning keng qirralaridan, montajning turli yo‘llaridan unumli foydalanish yo‘llarini ko‘rsatishardi. Bugun ham bunga katta ehtiyoj bor. Kinoda ham, TVda ham maxsus ijodiy oliygohda yirik san’atkorlar va olimlar ko‘magida audiovizual san’atlarning imkoniyatlari bilan chegaralarini ham o‘rgangan mutaxassislar ijod etishi kerak. Bo‘lajak dorilfununda boy filmoteka (videoteka emas) tasmalarni qayta ishlaydigan laboratoriya va ularni mo‘tadil haroratda saqlaydigan xazina bilan birga kinokameralar, marketing, ilmiy-sotsiologik markaz bo‘lishini istardik.

— Hozirgi paytda ko‘pchilikning rejisyorlikka qo‘l urayotganiga sabab nimada? Yo bunga ehtiyoj shu darajada zaruriyatga aylandimi? Bu borada dunyo tajribasi qanday?

— Kino san’atini yanada yuksaltirishda rejissuraning o‘rni g‘oyat katta albatta. Shuning uchun rejissyorlar bosh­qalardan ko‘ra ziyrakroq, ssenariyni tanlay olish bilan birga operator, aktyorlar va kompozitorlarning ruhiyatiga yo‘l topa bilishi kerak. Ko‘pincha kino taqdimotlarda qatnashganimda rejissyorlarga “Mana bu filmingiz ancha zaif”, deya kamchiliklarini aytsam, “Menda nima ayb, ssenariy bo‘sh-da…”, deyishadi. Axir, ssenariyni u tanlaydi-ku. Xo‘p, ssenariy talabga javob bermas ekan, nega undan yaxshi kino ishlamoqchi bo‘lishadi. Hozir ayrim rejissyorlar yaratayotgan filmlarida hammuallif yoki sherik muallif bo‘lishmoqda. Axir, ssenariyni to‘g‘ri kelgan odam emas, faqat iste’dodga ega bo‘lgan Yozuvchilar yoza olishini unutmaslik darkor. Rejissyordan ssenariy yoza bilishi emas, birinchi navbatda uni ekranlashtira olishi talab etiladi.

Sevimli Yozuvchimiz Abdulla Qodiriy 1927 yilda yozgan bir maqolasida; «Hozircha bizda kinodramaturglar yo‘q. Shu bois kinoni biladiganlarga Yozuvchilarni tirkab qo‘yish kerak. Keyin ijrochilarni tanlay bilish muhim rol o‘ynaydi”, deb yozgan edi. So‘ngra, ­­“… men aktyor bo‘lganimda Otabek rolini o‘ynardim. Chunki qahramonimning xarakterini mendan yaxshi biladigan odam yo‘q», deydi.

Bu tavsiyalarni rejissura sohasiga tatbiq qilish mumkin. Yaqin o‘tmishda ijodning bu murakkab sohasiga qiziqishi bor yoshlarning bir guruhi Moskva, Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg)da tahsil ko‘rgan edi. Ular o‘sha yerda o‘qib, ruhiyati o‘sha muhitga moslashib ketishdi. Ularning aksariyati keyinchalik o‘sha yurtda, g‘ariblikda qoldi. Komil ishonch bilan aytamanki, rejissyorlar va aktyor­larni, umuman, ijodkorlarni faqat va yana faqat o‘zimizda tayyorlash zarur. Har bir xalqning asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan va ana shu xalqqa doir urf-odatlari, taomili, mentaliteti borki, ularni boshqa millat vakillari tushunmasligi yoki baholay olmasligi mumkin.

Yurtboshimizning «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” kitobidan kino, teatrda qahramonni qanday tanlash, qay tarzda badiiy ifoda etish haqidagi fikr-mulohazalarini o‘rganmoq kerak. Unda zahmatkash olim Ozod Sharafiddinovning umri davomida chekkan quvonchi-yu iztiroblari rang-barang bo‘yoqlarda tasvirlanganiga ahamiyat bering-a! Shu asnoda Ozod Sharafiddinov hayotiga bag‘ishlagan ikkita publitsis­tik kino va telefilm ko‘z o‘ngimda yana bir bor gavdalandi. Agar olim haqida Prezidentimiz kitoblaridagi mulohazalaridan kelib chiqib film yaratilsa, ulardan ko‘ra teranroq, hayajonliroq chiqishiga ishonaman. Shu bilan birga uzoq o‘tmishga murojaat etib Ahmad Yassaviy, Bahovuddin Naqshbandiy ta’limotini, tasavvuf ilmining badiiy ifodasini kinoda ta’minlash vaqti kelgani haqida o‘ylashimiz kerak-da. Buning uchun badiiy xazina boy va rang-barang bo‘lishi lozim.

— Bugun teleekranlarimizda esa o‘zbek filmlaridan ko‘ra, chet el seriallari, ayniqsa, turk va koreys seriallari ko‘proq namoyish etilmoqda. Bu filmlarning tarjimasiga qanday qaraysiz?

— Teleekranlarda namoyish etila­yotgan xorij seriallarini xalqimiz qiziqish bilan tomosha qilayapti. Hattoki Toshkentda o‘tkazilgan kinofestivalda koreyalik hamkasblarimizga bosh sovrinning berilgani ham bejiz emas. Lekin dublyaj qilingan filmlarda bir xil ovozlarni eshitayapmiz. Bu masalani hal etish yo‘llari ko‘p. Avvalo nutq madaniyatini o‘zlashtirgan teatr manba bo‘lib xizmat qila oladi. So‘nggi paytlarda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida yangi teleseriallar namoyish etilayotgani ibratli. O‘ylaymanki, bu borada yaqin kelajakda yanada yuksak natijalarga erishiladi.

Adiba Umirova suhbatlashdi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).