Farida Afro‘z: «Shoir – shamolda sham ko‘targan odam» (2009)

http://n.ziyouz.com/images/farida-afruz.jpgYaxshi she’r o‘qiganda kishining ruhi ko‘tariladi. Bir necha kun xayolda charx urib, botiniy sehri tuyg‘ularimizga qudrat bag‘ishlaydi.

Iste’dodli shoira Farida Afro‘z dilkash she’rlari bilan nazmda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ijodkorlardan. Uning «Qirq kokilligim», «Iztirob ko‘ylagi», «Tunlar isyoni», «Ko‘zim manim», «O‘zimdan o‘zimgacha» kabi qator she’riy to‘plamlari kitobxonlarga yaxshi tanish.

Farida Afro‘z bilan bo‘lib o‘tgan suhbatimiz ham bugungi ijod jarayoni, she’riyatning mashaqqatli va totli lahzalari haqida bo‘ldi.

— Farida opa, yaxshi shoir har qanday davrda ham el-yurt nazaridan hech qachon chetda qolmagan. Sizning-cha, bunga qanday erishish mumkin?

— Dunyo yaralibdiki, inson xoh shoh, xoh gado bo‘lsin hayoti davomida ko‘ngil dardlariga davo izlaydi. Ijodkor esa ko‘nglidagini yozish bilan yuraklarga yo‘l topadi. Uning yozganlari ko‘ngil iztiroblariga malham bo‘ladi. Turmushning ikir-chikirlari, hayot to‘fonlari-yu girdoblari, tabiatning mislsiz tarovati shoir uchun ilhom manbaidir. Ijodkor dunyoning g‘ussalari, mayda tashvishlari ichida parchalanib ketmasligi uchun nafaqat yaxshi shoir balki, yetuk ShAXS bo‘lishi ham muhim. Chunki u aytgan so‘z qalblarda adolat timsoli bo‘lib muhrlanadi. Xalq shoir aytgan so‘zga ishonadi.

— Donishmandlardan biri shoirlar — iztirob tomonidan millionlab odamlar orasidan tanlangan qullardir, degandi…

— Shoir hayotda bo‘layotgan voqea-hodisalarga hech qachon befarq bo‘lmagan. Balki uning iztirob ichra yashashi ham shundandir. Shoir qalbi g‘am-g‘ussani, armonni jon-tani bilan his qiladi. So‘z qudrati, so‘z mas’uliyati unga tinchlik bermaydi.

— She’rlaringizda ifodalangan AYoL timsoli shaxsingizga qanchalik yaqin. U boshdan-oyoq mening o‘zim, o‘zligim deb ayta olasizmi?

— She’rlarimdagi Ayol — mening o‘zim, o‘zligim deya olaman. Axir, shoir o‘ziga begona tuyg‘ular haqida qanday yozishi mumkin? Mening ko‘nglim nima desa, shuni yozaman. Men she’rlarim ichraman, ular qalbim suratidir.

— Mashhur xonandalar kuylagan she’rlaringiz ko‘p! Masalan, «Oqbilak oyim», «Faridam», «Sog‘indim» qo‘shiqlari xalqimiz yuragiga singib ketgan. Ayting-chi, siz qo‘shiq uchun she’r yozasizmi?

— Aslida yozilgan yaxshi she’rga kuy bastalanadi. Keyin xonanda tomonidan ijro etiladi. Agar shunday bo‘lsa, bunday kuy-qo‘shiqlar xalqimiz qalbiga tez yetib boradi. Hozirgacha qalbimizga singib ketgan mumtoz qo‘shiqlarning hammasi mana shunday ijodiy zahmat evaziga yaralgan. Ammo ovoz yozish studiyasini tashkil qilganimdan keyin qo‘shiqchilikning yana bir jihatini angladim. Hamma she’r ham yaxshi qo‘shiq bo‘lavermas ekan. Qo‘shiqning o‘ziga xos talablari, mas’uliyati bor. Masalan, mazmunli, samimiy so‘zlar, unli, undosh tovushlar degandek… Ba’zan yaxshi kuyga moslab she’r ham yozish mumkin. Bu albatta, ijodkorning mahoratiga bog‘liq.

— Umuman qanday holatlarda yozasiz? Nimalardan ilhom olasiz, tuyg‘ularingiz nimadan rang oladi?

— Menda ijod uchun mavsumiy davr yo‘q. Ijod uchun vaqt topa olsam bas. Vaqt qurg‘ur esa… o‘zingizga ayon. Behudaga sovurilgan umr, vazifangni anglab turib uddasidan chiqolmayotganingda noshudliging, beparvolik pand beradi. Haqiqiy ilhom — siz aytganingizdek bir yilda bir-ikki marta bo‘ladigan hodisa. Ijodiy ruhni esa hamfikrlar gurungidan, o‘qigan kitoblarimdan olaman.

— Muxlislaringiz Afro‘z taxallusining ma’nosi haqida ko‘p so‘rashadi. Nega bunday taxallus tanlagansiz?

— Mustaqillikning ilk yillarida o‘zimcha mustabid tuzumning sarqitidan qutulmoq, ism-shariflarning oxirida qo‘llanadigan “…eva, yevna” kabi qo‘shimchalardan qochmoqchi bo‘ldim. Afro‘z – nur taratuvchi, nur beruvchi ma’nolarini ang­latadi. Umuman ijodda taxallus bo‘lishi joiz deb bilaman. Axir, ota-bobolarimiz bir narsani bilgandirlarki buni o‘zlariga munosib ko‘rganlar.

— Sizni ko‘pchilik omadli ayol deyishadi. O‘zingiz bunga nima deysiz?

— Ijodkorning qalbi o‘ta nozik bo‘ladi, shu bilan birga har qanday vaziyatda ham go‘zal tuyg‘ularni his eta oladigan sohir hislar kuychisidir. Men umuman turmushning ikir-chikirlariga, mayda tashvishlarga e’tibor qilmaslikka o‘zimda kuch topaman. Hayot, ijod yo‘lida menga pand berganlarning hammasini kechirganman. Yaratganning har lahzasiga shukrona aytib yashayman. Ana shunda odamning yaxshilik qilishga, nimadir yaratishga vaqti ko‘p bo‘lar ekan. Omad yaxshi niyat bilan qilingan mehnatning qorishmasi, deb o‘ylayman.

— Ba’zan shoir oylab, yillab she’r yozmasligi mumkin. Sizning-cha, ijodkor qanday holatlarda yozolmay qoladi?

— Nazarimda, buning uchta sababi bor. O‘zining yozganlaridan qoniqsa yoki o‘ziga talabi kuchaysa yoxud maqtovlar, kibru havo ichra o‘zini yo‘qotib qo‘ysa she’riyat ruhidan ancha yiroqlashadi. Chunki ijod shoirdan pokizalikni, kamtarlikni, mehnatni, o‘z ustida tinmay izlanishni, ko‘p mutolaa qilishni talab etadi.

— Shu kunlarda o‘qigan kitoblaringizdan qay biri sizda yaxshi taassurot qoldirdi?

— Yaqinda Eron “Yangi she’r” maktabining asoschisi Suhrob Sepehriy haqidagi “Qizil gulning siri” nomli kitobni o‘qidim. To‘g‘risi, hali ham bu to‘plamni qo‘limdan qo‘ygim kelmaydi. Uning “Suv odimining tovushi” she’ri ruhiyatimni osti-ustun qilib yubordi. Mana, sizga yaxshi kitobning kuchi, mana, asl she’riyatning sehri, qudrati! Ushbu kitobning tarjimonlari – Ja’far Muhammad va Nargis Shoaliyevani izlab topdim. O‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildirdim.

— Yana bir an’anaviy savol. Aslida shoir kim, she’r nima?

— Shoirlikni qismat deymiz, she’rni esa ulug‘ ne’mat. Chindan ham shunday bo‘lsa, shoir o‘z ilohiy vazifasini, so‘z maqomini qay darajada uddalay olmoqda?! Shoir o‘zining shoirligini bilarmikin? Asrlar va million odamlar ichra tanlanganini his qilarmikan?! Balki bilmas, balki bilmagani ham yaxshidir. Chunki otashin va dilgir so‘z aytmoq, zamonning ko‘zi, elning yuzi bo‘lmoq oson ish emasligi hammamizga ayon.

Chin shoir taqdir to‘fonlarida, bo‘hronlarida o‘zligini yo‘qotmaydi. Hech bir qolipga sig‘may, to‘lib-toshib she’r yozadi. Nazarimda, shoir — shamolda sham ko‘tarib ketayotgan odamdir. Uning borar manzili – yorug‘lik, ezgulik va mehr-muhabbat.

Ozoda Bekmurodova suhbatlashdi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).