Erkin Komilov: “Xalq e’tiborida bo‘lish — ulkan mas’uliyat” (2010)

Tomoshabin muhabbatini qozonish oson emas. Har bir san’atkor bu orzuga mashaqqatli izlanishlar orqali erishadi. O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov ana shunday fidoyi san’atkorlardan. San’atkor bilan ulug‘ ayyom arafasidagi suhbatimiz istiqlolning sahna san’ati, ijodkor uchun yaratgan keng imkoniyatlari xususida.

— San’at olamiga, xususan, teatr dargohiga kelganingizga ham, mana, qirq yildan oshdi. O‘tgan yillar san’atkorning keng ma’noda shakllanishi, o‘zidan qoniqishi uchun yetarlimi?..

— Yo‘q! Menimcha, hech qachon ijodkor bu so‘zni tilga olmasligi kerak. Qolaversa, o‘zidan, ijodidan tugal darajada qoniqish uchun faqat bosib o‘tilgan yillarning o‘zi kifoya emas, nazarimda. Aksariyat kasbdoshlarim kabi men ham ko‘zlagan manzilim hali oldinda, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, aktyor sifatida ko‘pgina niyatlarimga erishdim. Ancha yillardan beri kinoda psixologik xarakterdagi rol ijro etishni ko‘nglimga tugib yurardim va nihoyat bu orzum ham amalga oshdi. Jahongir Qosimovning “Suv yoqalab” filmidagi Bolta Mardon obrazi har jihatdan ko‘nglimdagi rol bo‘ldi, deb aytsam bo‘ladi. Teatr masalasiga keladigan bo‘lsak, o‘zim orzu qilgan deyarli barcha rollarni o‘ynadim. Turli xarakterdagi ham komik, ham tragik ko‘lamdagi qahramonlarni ijro etishga muvaffaq bo‘ldim. Umuman, har bir teatr aktyori erishishi mumkin bo‘lgan asosiy maqsadlarga erishdim, biroqhali eng yaxshi obrazlarim oldinda, deb o‘ylayman.

— Yurtimizning istiqlolga erishishi teatr aktyorlari uchun qanday imkoniyatlar ochdi?

— Albatta, istiqlol yillarida yuz bergan o‘zgarishlar miqyosini bir necha so‘z bilan tasvirlab berish mushkul. Bir paytlar Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Fitrat asarlarini teatr sahnasida ko‘rish faqat orzu edi. Aynan istiqlol davrida Prezidentimizning madaniyatga, san’at ahliga e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli teatrimiz qaytadan ta’mirdan chiqarilib, jahon talablariga javob beradigan zamonaviy qiyofaga ega bo‘ldi. Bugun teatrimizda aktyorlar uchun ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan barcha sharoitlar yaratilgan. Televizor, muzlatgich kabi oddiy anjomlardan tortib eng zamonaviy sahna uskunalarigacha, barcha-barchasi muhayyo. Endilikda aktyorlarimiz oldida birgina vazifa bor — xalq orzu-istaklariga javob bera oladigan asarlar yaratish.

— Bugun Milliy teatrning yetakchi aktyorlari haqida gap borganda, shubhasiz, Erkin Komilov nomini tilga olishadi…

— O‘zing haqingda fikr bildirish juda qiyin. O‘ylab ko‘rsam, butun hayotim mana shu teatrda o‘tibdi. Ehtimol, shuning uchun siz aytayotgan ta’rifda jon bordir. Yana kim biladi, deysiz. Bu endi mutaxassis va muxlislar hukmiga havola.

— Xalq e’tiborida bo‘lish aktyor uchun baxtmi yoki mas’uliyat?

— Shubhasiz, bu — mas’uliyat. Xalq e’tiboriga tushganingizdan so‘ng uning ko‘nglidan joy olishni ham bilish kerak. Xalq xotirasida manguga qolib, millat timsoliga aylanish haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Bunday baxt millionlab odamlar orasidan kamdan-kam kishiga nasib qilsa kerak. Shaxsan men uchun xalq e’tiborida bo‘lish juda ulkan mas’uliyat. Shuning o‘ziyoq san’atkor oldiga juda katta vazifalarni qo‘yadi. Tinimsiz ravishda izlanishga, yangi obraz va xarakterlar yaratishga harakat qilasiz. Baxtni qachon his qilaman? Qachonki biror-bir odam ijro etgan rolim haqida iliq fikr bildirsa, men uning samimiy ekanligiga ishonsam, chinakam zavqni his etaman.

Afsuski, bugun yoshlarimiz orasida mashhurlik kasaliga chalinib qolayotganlari ham bor. Tomoshabinlar e’tirofini qozonmay turib, o‘zini yulduz deb hisoblash xalq e’tiborini suiiste’mol qilishni anglatadi. “Qanday rol o‘ynasam ham tomoshabinlar qabul qilaverar ekan-da”, deb o‘ylash noto‘g‘ri. Shukrki, haqiqiy san’atning farqiga boradigan odamlar kam emas.

— Oxirgi paytlarda sizni teatr sahnasidan ko‘ra, ko‘proq kinoda uchratyapmiz.

— Keyingi vaqtlarda asosan komediyalar qo‘yilgani uchunmi, bunday asarlarda o‘ynashni yoshimga ep ko‘rmayapman. O‘zimda jiddiy psixologik rollarni ijro etish uchun ehtiyoj kuchli bo‘lgani sababli ba’zi takliflarni rad etishga to‘g‘ri keldi. Shu kungacha sahnada ikki yuzga yaqin rollarni ijro etdim. Balki yoshlarga yo‘l ochish vaqti kelgandir… lekin umuman faoliyat yuritmayapman, desam noto‘g‘ri bo‘ladi. Ayni kunlarda Qo‘chqor Norqobil piyesasi asosida Nodira Mahmudova sahnalashtirayotgan “Biz ham odammiz” spektaklidagi Jayron bobo ismli cho‘pon roli ustida ishlayapman. Ijro etishim kerak bo‘lgan qahramonimning fikrlari, dunyoqarashi menga juda yaqin.

— Sir emaski, mustaqillik yillarida tariximizni tiklash borasida ko‘p xayrli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, teatr sahnasida Amir Temur, Alisher Navoiy, Spitamen, Cho‘lpon, Usmon Nosir kabi tarixiy siymolarning hayotini yoritishga alohida e’tibor qaratildi. Shaxsan o‘zingiz qaysi tarixiy qahramon qiyofasini yaratishni xohlardingiz?

— Ochig‘ini aytsam, Mirzo Ulug‘bekni orzu qilardim. Biroqhozir o‘ylab qarasam, ilgari teatrimizda tarixiy mavzuda bir qancha bebaho spektakllar sahnalashtirilgan ekan. Bugun biz sahnalashtirmoqchi bo‘lgan tarixiy asar, agar o‘shalar darajasida bo‘lmasa, menimcha, bu asarlarga qo‘l urishning hojati yo‘q. Chunki tomoshabin bu spektakllarni ko‘rgach: “Olim Xo‘jayev boshqacha o‘ynagan edi, Shukur Burhonov esa bunday ijro qilgan” deb o‘zicha baholashi mumkin. Har qanday holatda ham tomoshabin haq. Tarixiy mavzudagi asarlarni sahnalashtirish ijodiy jamoadan alohida safarbarlikni talab qiladi. Bundan tashqari, o‘zim ham yuqoridagi talablarga to‘liq javob bera olamanmi? Masalaning bu jihati ham bor. Sababi, tarixiy personajlarni, ayniqsa, Mirzo Ulug‘bek kabi murakkab taqdirli qahramonlarni ijro etish uchun katta jismoniy quvvat kerak.

— Ulug‘ bayram arafasidagi tilaklaringiz…

— Avvalo, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi haqida ikki og‘iz so‘z aytib o‘tmoqchiman. Ko‘p yillik faoliyati davomida bu gazeta butun bir o‘zbek ziyolilarining avlodini tarbiyalab kelyapti, desam mubolag‘a bo‘lmas.

Gazetaning har bir sonini muntazam kuzatib boradigan barcha muxlislarni asriy orzularimizni o‘zida jo etgan qutlug‘ bayram bilan chin ko‘ngildan tabriklayman. Ilohim, istiqlolimiz abadiy bo‘lsin!

Aziz Imomov,

San’at institutitalabasi

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 35-sonidan olindi.