Elimiz dardu quvonchi — tilimiz (1989)

Jurnalimizning o‘tgan sonida «Muallif mulohazasi» rubrikasida ilk bor taniqli dramaturg va publitsist Abduqahhor Ibrohimovning maqolasi yoritilgan edi. Tilimiz muammolari — bugungi davra suhbatida qatnashayotgan mualliflarimiz mulohazalari ham shu mavzuga qaratilgan. Davra suhbatida respublikamizning taniqli ijodkorlaridan Abdulla Oripov, filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos olim Baxtiyor Nazarov, respublika Fanlar akademiyasi Prezidiumining yetakchi mutaxassisi Qo‘zivoy Qoraboyevlar ishtirok etishadi.

Baxtiyor Nazarov: «Yangidan-yangi zafarlar quchilgan» turg‘unlik yillarida nafaqat xalq xo‘jaligi, sotsial-iqtisodiy taraqqiyotda, shuningdek, kishilarimiz ma’naviyatini tarbiyalashda, o‘tmishni, u bilan bog‘liq bo‘lgan madaniy va adabiy merosni o‘rganishda, millatlararo munosabat masalalarida jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘yildi. Xususan, bu davrda milliy tillar, shu jumladan, o‘zbek tiliga e’tibor susaydi. O‘zbekiston aholisining 70 foizdan ko‘prog‘ini o‘zbek xalqi tashkil etsa-da, shuiingdek, qardosh xalqlar — tojik, qozoq, qirg‘iz, ozarbayjon, turkman, buxoro yahudiylari, turk, qrim-tatar, uyg‘ur, tatar, boshqirdlar, qolaversa, bu yerda (ayniqsa qishloqlarimizda) ko‘p yillardan buyon yashab kelayotgan rus, ukrain, belorus, arman va boshqa xalqlarning bir qismi o‘zbek tilida so‘zlasha yoki tushuna olsa-da, tilimiz minbarlarda yangramadi, rasmiy davlat ishlarida qoniqarli qo‘llanilmadi, oliy o‘quv yurtlarida uning roli nihoyatda susaydi. Ilmiy tadqiqot institutlaridagi ahvolni so‘zlashdan til ojiz, hatto ona tilimiz masalalariga bag‘ishlangan dissertatsiyalarning rus tilida yozilishi yoki bu tilga o‘girilishini qanday izohlash mumkin! Bugungi oshkoralik tufayli, butun mamlakatda  demokratiya printsiplarini qayta tiklashga qattiq bel bog‘langan bir paytda bu nuqsonlarni ochiqchasiga gapirish va ularni tezroq tuzataylik deya keng jamoatchilikka, mana, masalan, necha yuz ming sonli muhtaram jurnalxonlarimizga aytish imkoniyatiga ega bo‘ldik.

Qo‘zivoy Qoraboyev: Darhaqiqat, sotsialistik jamiyatimizga zoriqib kutilgan oshkoralik kayfiyati, demokratiyaning hayotbaxsh shabadalari kirib kela boshladi. Buning natijasida hal etilishini kutib turgan hayotiy muhim muammolar borligi ham ma’lum bo‘lib qoldi. Boshqa milliy tillar qatori, o‘zbek tilining hayotimizda, kundalik turmushimizda tutgan o‘rnini, rolini aniq belgilab olish, tilimizga bo‘lgan munosabatlarda mas’uliyatni oshirish kabilar shunday muammolar jumlasiga kiradi. Shuni ham aytish kerakki, har bir til boshqa tillardan o‘ziga xos jozibasi bilan farqlanadi. Bu haqda Alisher Navoiy ham, Aleksandr Pushkin ham, V. I. Lenin ham haqqoniy fikrlarni bayon etishgan.

Abdulla Oripov: Dunyoda turli-tuman qushlarning mavjudligi tabiiy bo‘lgani singari turfa xil tillarning borligi ham tabiiy holdir. To‘g‘ri, tarix sahifalarini bir varaqlasak, ba’zi tillarning ayrim qush turlari kabi turli sabablar tufayli yo‘qolib ketganiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, sanskrit, latin hozirgi paytda o‘lik tillar bo‘lib, tor ilmiy doiralarda, til tarixi yodgorligi sifatidagina o‘rganiladi. Shu bois har bir xalq o‘z tilini e’zozlaydi, asrab-avaylaydi, boyitadi, buning uchun kurashadi. Bu, masalan, quyosh chiqishi, maysa unishi, shamol esishi kabi tabiiydir.

Baxtiyor Nazarov: Demak, tilimizning ahvoli haqida jiddiy o‘ylaydigan payt keldi. Bugungi kunda o‘zbek tilini rivojlantirish uchun «O‘zbek tili» kompleks programmasini ishlab chiqish zarurligini chuqur his etmoqdamiz. Respublikamizda ana shunday «Rus tili» kompleks programmasi ishlab chiqilgan. Ko‘plab bunday muammolarimizni ko‘ngildagidek hal etish maqsadida tilimiz, tariximiz, madaniy merosimizning hozirgi ahvoli uchun qayg‘uruvchi olimlar, yozuvchilar, san’at ahli, studentlar, istalgan kasb egalarini ixtiyoriy ravishda birlashtiruvchi O‘zbek tili ko‘ngilli jamiyati tuzilsa yaxshi bo‘lardi. Eng muhimi, bu ishda xalqimizning o‘zi ham qatnashardi va shunda chinakam demokratik yo‘l tutgan bo‘lur edik.

Qo‘zivoy Qoraboyev: Siz taklif etgan tadbirlar yana shuning uchun ham muhimki, keyingi paytda o‘z ona tiliga — sut bilan kirgan tiliga bepisand, nigilistik munosabatda bo‘layotgan kishilar paydo bo‘ldi. Bunga sabab o‘zbek tilining roli susayib ketganligidir. Ularga qarata xalqimizning atoqli farzandi, ma’rifatparvar shoir Abdulla Avloniyning ushbu so‘zlarini aytging keladi: «Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurg‘on oynai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdir… Rus tilini bilish esa hayot va saodatimiz uchun osh va non kabi kerak, lekin o‘z yerinda ishlatmak va so‘zlamak zarurdir. Zig‘ir yog‘i solub, moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur… Bobolarimizga yetushgan va yaragan til va adabiyot bizga hech kamlik qilmas. O‘z uyimizdan qidirsak va axtarsak, yo‘qolganlarini ham topamiz. Yo‘qolsa yo‘qolsun, o‘zi boshimga tor edi, deb Yevrupo qalpog‘ini kiyub, kulgi bo‘lmak zo‘r ayb va uyotdir». Bu so‘zlar ilk bor 1913 yilda chop etilgan «Turkiy guliston yohud axloq» kitobidan (1967 hamda 1979 yillarda ham nashr etilgan — Red.) keltirildi, asar hozirga qadar dolzarb ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q bu so‘zlarni har birimiz qayta-qayta o‘qishimiz kerak!

Abdulla Oripov: Abdulla bobomizdan juda qimmatli misolni keltirdingiz, Ko‘zivoy aka. Men boshqa Abdulla bobomiz — Qodiriy romanlarining tili shiraliligi, biz, adiblar ul muhtaram zotdan hamisha o‘rnak olishimiz zarurligi haqida aytmoqchiman. Bugungi kunda Qodiriy romanlari bilan, aytaylik, o‘z ona tilini chala biladigan, asarlarining so‘z boyligi 100 taga ham yetmaydigan biror yozuvchini solishtirib ko‘ring. Bunday manzaraga o‘zingiz baho bering.

Badiiyatning birinchi belgisi — til. Ijodkor (nafaqat ijodkor!) so‘z boyligini ko‘paytirib borishga intilishi zarur. O‘tgan davr mobaynida badiiy tilimiz qotib qolmay, muttasil rivojlanib keldi. Mirtemir she’riyatining tilini bu fikrimga dalil qilib keltirish mumkin. Bir paytlar shevalarda ishlatiladigan so‘zlarning badiiy adabiyotga olib kirilishiga nigilistik munosabatda bo‘lindi, bu masalani ham hozirda ko‘rib chiqish kerak. Yaqinda 548 yillik yubileyi ko‘tarinki ruhda nishonlangan bobomiz Alisher Navoiy asarlarini o‘qishga yoshlarda ishtiyoq baland, lekin barcha so‘zlarni ham tushunaverishmaydi, buni hatto hamma mutaxassislar ham bilaverishmaydi. Buning uchun biror tarixiy taraqqiyot bosqichlarini qoralab bo‘lmaydi. Dante tili hozirgi zamon italyan tilidan uzoqlashgan. Yoki bo‘lmasa slavyan xalqlarining hozirgi tili ilgarigisidan ancha farq qiladi. O‘zimizda ham o‘zgarishlar sezilarli. Masalan, Furqat prozasida o‘nlab «va» bog‘lovchisini uchratish mumkin, hozirgi stilistikamizda bu narsa xato hisoblanadi. Yoxud 20-yillar adabiyotida «bo‘ladir», «keladir» deb yozilgan, iyeyinchalik «r» harfi o‘z-o‘zidan tushib qoldi. Demak, tilni muttasil o‘zgarib boradigan jonli organizmga qiyoslash mumkin. Orada 30—100 yil o‘tar, bizning bugungi nutqimiz yoki yozuvimiz qanday bo‘larkin! Ne bo‘lsa ham, tilning kambag‘allashib ketishiga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur va, aytish kerakki, til o‘z-o‘zidan boyib qolmaydi.

Ba’zan bolalarimiz o‘simliklar nomini bilmaydi, deb o‘pkalanamiz. Axir, bolaning bunga ishi tushmasa, miya omborxona emaski, unga turli terminlarni taxlab, qulflab qo‘yaverilsa… Balki, bu, ilmiy terminologiya ishlab chiqilmagani sabablidir. Yana bir kuzatish: «zangori zkran»da tez-tez ko‘rinib turadigan olimlarimizdan aksariyatining nutqini tinglab turib, so‘z «boyligi» 100—130 tadan ortiq emas, degan achinarli xulosaga kelaman…

Baxtiyor Nazarov: Bu fikrlaringizda jon bor, albatta. Shuning uchun ham tilimiz muammolariga keng jamoatchilikni, xalqimizni jalb etishimiz zarur. Shu yilning 6 yanvar kuni KPSS Markaziy Komitetida fan va madaniyat arboblari bilan uchrashuvda M. S. Gorbachev qayta qurishning intellektual imkoniyatlarini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor berdi va, xususan, milliy munosabatlar haqidagi fikrlarini yakunlab turib, shunday dedi: «Bizning jamiyatimiz xalqning ovoziga quloq solishi kerak. Bizda ko‘pincha shunday bo‘ladiki, o‘z pozitsiyasini ta’kidlash kerak bo‘lgandagina xalqni ro‘kach qiladilar, xalq u yoki bu o‘rtoqning da’vosidan farq qiladigan o‘z fikrini aytganida esa, xalq hamma narsani tushunavermaydi, degan gapni ayta boshlaydilar. Yo‘q, xalq hech kimning adashishiga yo‘l qo‘ymaydi». O‘rtoq M. S. Gorbachea xuddi shu o‘rinda yana qat’iy qilib quyidagilarni aytdi: «O‘ylaymanki, siz bilan bizning adashishimizga ham yo‘l qo‘ymaydi». Bu, mazkur uchrashuvda ishtirok etgan fan va madaniyatning ulkan arboblariga, shuningdek katta-katta lavozimdagi barcha partiya xodimlariga qarata aytilgan fikrdir.

O‘zbekiston SSRda o‘zbek tili davlat tili bo‘lishi kerak, degan fikr esa xato emas. Bu — chuqur o‘ylab, jiddiy mulohaza yuritib, xalq fikrini, jamoatchilik fikrini teran o‘rganib, shundan keyingina bir xulosaga kelishga undaydigan fikr. Shuni takidlash kerakki, rus tili millatlararo vosita tili sifatidagi nihoyatda zarur bo‘lgan mavqeini bundan keyin ham saqlab qolaveradi. Bu muhim vazifani bajarayotgan tilni o‘rganishga esa ehtiyoj orta boradi. Respublikadagi boshqa xalqlarning vakillari va tillariga hurmat mutlaqo susaymaydi. Bunga hamdo‘stligimiz, qardoshlik his-tuyg‘ulari yo‘l qo‘yishi mumkin emas. Agar respublikamizda o‘zbek tili davlat tili sifatida belgilansa, boshqa millat vakillari va tillariga hurmatsizlik ro‘y berishi mumkin, degan hadik asoslimi? Menimcha, asosli emas. Agar tegishli qonunlarda: hamma tillar teng huquqli, kimda-kim boshqa tilga hurmatsizlik qilsa, yoxud uni haqoratlasa qonun oldida tegishlicha javobgarlikka tortiladi, deyilsa, nazarimda boyagidagi kabi hadiklarga butkul o‘rin qolmaydi.

Zero, har bir respublikaning tili uning nomidagi til ekanligi yaqinda kiritilgan to‘ldirish va qo‘shimchalar bilan tasdiqlangan SSSR Konstitutsiyasi (Asosiy qonuni)da ham ma’lum darajada o‘z ifodasini tolgan. Uning 119-moddasi 15-qismida (uni 15-band deyish ham mumkindir) shunday deyiladi: Sovet Ittifoqining Oliy hokimiyati, ya’ni SSSR Oliy Soveti Prezidiumi «SSSR xalq deputatlari s’ezdi, SSSR Oliy Soveti, uning palatalari, SSSR Oliy Sovetining Prezidiumi, SSSR Oliy Soveti Raisi qabul qilgan SSSR qonunlari va boshqa aktlarni ittifoqdosh respublikalarning tillarida e’lon qiladi». Demak, ular Uzbekiston SSRda o‘zbek tilida e’lon qilinadi, ya’ni o‘zbek tili respublikamizda davlat tili statusiga ega bo‘lishi uchun qonuniy asos bor.

Umuman, millatlararo munosabatlar, shuningdek, tilga oid bahslar qay tariqa va nechog‘lik murakkab, yechilmagan, ziddiyatli masalalar atrofida yuritilmasin, eng asosiy maqsad xalqlar va millatlararo nifoq solishga emas, aksincha, ularni birlashtirishga, do‘stlashtirishga, hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilmog‘i kerak.

Qo‘zivoy Qoraboyev: Qonunlarning hayotimiz uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini hech kim rad etmaydi. Lekin bu qonunlarga kiritilmagan shunday haqiqatlar borki, ular har bir inson mansub bo‘lgan millatning ma’naviyati, ruhiyati, bir so‘z bilan aytganda, hayotiy ildizlariga borib taqaladi. Har bir inson mansub bo‘lgan millatning o‘z tuprog‘i, o‘z oshiyoni, o‘z maskani borki, buni VATANIM deb ataydi. «Har bir kishining tug‘ilib o‘sgan shahar va mamlakatini shul kishining Vatani deyilur. Har kim tug‘ilgan, o‘sgan yerini jondan ortiq suyar», — deydi Avloniy. Yoki bo‘lmasa, Alisher bobomizning mana bu mashhur ruboiysini har birimiz bolalikdan yodda tutamiz:

G‘urbatda g‘arib shodumon bo‘lmas emish,
El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish.
Gar oltin qafas ichra qizil gul butsa,
Bulbulg‘a tikandek oshiyon bo‘lmas emish.

Xalqimiz o‘z oshiyonida, o‘z tuprog‘ida nahotki o‘z tilining qonuniy huquqlariga ega bo‘lishga haqqi yo‘q!? Mamlakatimizda oshkoralik va qayta qurish jarayonining takomillashib borishini bu va shu kabi masalalar ijobiy hal etilgandagina chuqur his etish mumkin.

«Insonning ona tili bitta, chunki onasi bitta, Vatani bitta bo‘ladi», — deydi taniqli faylasuf olim, SSSR Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi Erkin Yusupov. Lekin ayrim ziyolilarimiz turg‘unlik yillaridan meros bo‘lib qolgan hadiksirash, ulug‘ rus adibi A. P. Chexovning qahramoniga o‘xshab, «biror kor-hol bo‘lmasin-da, ishqilib» degan pozitsiyada turishibdi. «Pravda Vostoka» gazetasining shu yil 26 yanvar sonidagi bosh maqolada turg‘unlik yillari til masalasida olib borilgan noto‘g‘ri siyosat oqibatida rus tiliga ko‘proq e’tibor berilgani, milliy tillarning rivojlanishi ancha sustlashgani aytilgan. Biroq, bu xatoni to‘g‘rilash uchun oshiqmaslik, tayyorgarlik davrini o‘tish kerak, deyilgan. Keyingi paytda matbuotda ikkitillilik va ko‘ptillilik haqida chiqishlar bo‘ldi. Ammo, shunisi ajablanarliki, respublika Markazkomi qoshidagi til bo‘yicha komissiyaga yuborilayotgan takliflarning 95 foizi o‘zbek tili O‘zbekiston SSRning davlat tili bo‘lishi kerakligini aytayotgan kishilardan kelayotgan bo‘lsa-da, matbuot sahifalarida bu borada bir og‘iz ham gap yo‘q!

Shu yil yanvar oyining oxirida O‘zSSR FA Prezidiumi majlisida tilimiz muammolari haqida juda ma’qul gaplar bo‘ldi. Bu majlisda O‘zSSR FA akademiklari, muxbir a’zolari, taniqli olimlarimiz o‘z ona tillarida nutq so‘zladilar, natijada munozaralardagi jonlanish yaqqol sezildi. Majlisni Akademiyamiz prezidenti Mahmud Salohiddinov olib bordi, tilshunos olimlarimiz oldida turgan vazifalar haqida so‘zladi. Majlisning o‘z ona tilimizda olib borilayotgani tufayli g‘ururlanish hissidan entikib ketdim. Afsus, necha-necha yillar mobaynida mana shu minbarga chiqqan necha-necha o‘zbek olimining qanchadan-qancha fikr-mulohazasi, g‘oyalari o‘z ona tilida ifoda etilmagani tufayli «gap egasiga yetib bormadi» ekan! O‘tgan 31 yil mobaynida (men bu dargohda 1958 yildan buyon xizmat qilib kelaman) Akademiyamizda uyushtirilgan katta-katta anjumanlar, majlislar, ilmiy kengashlar, hatto taniqli o‘zbek olimlarini so‘nggi yo‘lga kuzatish mitinglarida ham o‘z ona tili — o‘zbekchada nutq so‘zlaganlar juda oz bo‘lganiga guvohman. Bu mo‘tabar dargohning tashkil etilganiga 45 yildan oshibdiki, uning biror bir farmoni, qarori, murojaati o‘zbek tilida chop etilgani yo‘q. Bu ahvolni to‘g‘rilashning birdan bir yo‘li o‘zbek tiliga davlat statusi berilishidir, deb o‘ylayman.

Abdulla Oripov: XIX Butunittifoq partiya konferentsiyasida milliy tillarni rivojlantirish xususida ham muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Yaxshi bilamizki, rus tili millatlararo aloqa vositasi bo‘lib xizmat etib kelmoqda. Umuman, u o‘zbek tilining respublika doirasidagi rolini sira ham rad etmasligi kerak. Milliy til masalasini, albatta, butun xalq hal etadi. O‘zbek tiliga davlat statusi berilishi respublikamizda yashayotgan turli millatlar o‘rtasidagi baynalminal munosabatlarga aslo rahna solmaydi.

Baxtiyor Nazarov: Albatta, o‘zbek tili davlat tili bo‘lishi uchun bu masalani hamma joyda: korxona va tashkilotlarda, kolxoz va sovxozlarda, turli o‘quv yurtlarida — respubpika jamoatchiligi tomonidan keng muhokama qilmaslik mumkin emaski, dono xalqmizning «kengashli to‘y tarqamas» degan maqoli bor.

«Sovet O‘zbekistoni» gazetasining shu yil 15 fevral sonida «O‘zbekcha gapiray…» degan qiziqarli bir maqola e’lon qilindi. Uning muallifi — Farg‘ona shahar sayohatlar va ekskursiyalar byurosi ekskursovodi L. Xodyakova O‘zbekistonda yashab turib o‘zbek tilini bilmaslikni normal hol emas, deb baholab, jumladan shunday yozadi: «Ba’zan «O‘zbeklar ruscha gapirishyapti. Bizga o‘zbekcha o‘rganishning hojati bormikin», deguvchilar ham topiladi. Biroq ikki xalqning bir-birini yaxshiroq tushunishida eng yaqin yo‘l — tilni o‘rganish demakdir…

Hozirgi laytda Farg‘onada yashayotgan yevropaliklarning ko‘pchiligida o‘zbek tilini o‘rganishga ishtiyoq katta. Ular orasida yoshlar ham, pensiya yoshiga yaqinlashib qolganlar ham bor. Kurslarda shug‘ullanayotganlar o‘zlari uchun ajoyib kashfiyotlar qilishyapti. Ma’lum bo‘lishicha, rus tilida turkiy so‘zlar juda ko‘p. O‘zbek tili esa yengil o‘zlashtirib olinadigan, boy, ohangdor til ekan. Bu tilni bilish qozoq, qirg‘iz, turkman, qoraqalpoq va boshqa turkiy tillarga mansub xalqlar bilan gaplashish imkonini berar ekan. Axir, hozir mamlakatning kattagina qismida xuddi mana shu tillarda gapiruvchi xalqlar yashaydi-da!»

Qo‘zivoy Qoraboyev: Men hozir o‘ylanib o‘tirib, bir nobop g‘oya jamiyatimizga qanchalik ma’naviy zarar yetkazganining hisobiga yeta olmadim. Bu, SSSRda millatlar bir-biriga qo‘shilib ketib, yagona millat, yagona tilga ega bo‘ladi, degan g‘oya edi. U haqda doktorlik dissertatsiya yoqlaganlar bor, bu g‘oya uzoq yillar targ‘ib qilindi, u mamlakatimizdagi barcha xalqlarning milliy manfaatlariga zarba berdi, tili va madaniyati taraqqiyotiga to‘sqinlik qildi. Qayg‘uli tomoni shunda bo‘ldiki, aytaylik, biror yovvoyi mushuk yoki o‘simlik turi yo‘qolib ketayotganiga ayyuhannos solib, ularni darhol «Qizil kitob»ga kiritib, qo‘riqxonalarda ko‘paytirish haqida qarorlar chiqarildi, lekin qisqa tarixiy davr ichida butun boshli xalqlar (garchi mayda xalqlar bo‘lsa ham) yo‘q bo‘lib ketayotganini qonuniy hodisa deyildi. Men, shaxsan buni katta harflar bilan yoziladigan INSONga, tili va madaniyati inqiroz yoqasiga kelib qolgan ayrim xalqlarga nisbatan haqorat deb hisoblayman.

Bir voqeani aytmay o‘tolmayman. Akademiyamizning sobiq prezidenti Po‘lat Habibullayev Prezidium majlislaridan birida (majlis odatdagidek rus tilida olib borilgandi): «Akademiya nafaqat ilmiy, balki madaniy markaz hamdir. Idoramizda tayyorlanayotgan barcha hujjatlar shunday yuqori saviyada, grammatik jihatdan bekamu ko‘st bo‘lnshi kerakki, bu ish xalqimizning ma’naviy, madaniy jihatdan yuksalishiga qo‘shgan hissamiz bo‘lsin», — degan balandparvoz so‘zlarni aytgandi. Bu talab qaysi tilda amalga oshirilganda, xalqqa nafi qay darajada tegadi, degan savolning tug‘ilishi tabiiy ediki, Habibullayev uchun bunday muammoning o‘zi bo‘lmagan hech qachon. O‘sha «nafaqat ilmiy, balki madaniy markaz» qo‘shgan ulushga bir misol. 1987 yilda SSSR Fanlar akademiyasidan O‘zSSR FAga kelgan komissiya Tarix instituti olimlari chop etgan kitoblarning bor-yo‘g‘i 4 foizi (!) o‘zbek tilida ekanligi (10 foizi chet tillarda nashr etilgan holda!) faktini O‘zbekiston madaniyati, ilmu fani uchun o‘ta salbiy hodisa deb baholagandi. Shunisi ham borki, rus tilidagi (qolgan 86 foizi) kitoblar mualliflarining ko‘pchiligi o‘zbek olimlaridir (kitoblarni asosan o‘zlari tarjima etishadi), ular rus tilida dissertatsiya yozishga majbur, buning ustiga kutubxonalardagi ko‘pgina manbalar o‘sha tilda; so‘nggi paytda esa institutda o‘zbek tarixchi olimlari negadir kamaydi. Mana sizga «xalqimizning ma’naviy, madaniy yuksalishiga qo‘shilgan hissa»! Ishonamizki, Akademiyamiz faoliyatidagi bunday nuqsonlar albatta tugatiladi.

Abdulla Oripov: Ha, gaplaringizga qaraganda, bu dargohda ham o‘ziga yarasha muammolar bor ekan. Kitob chop etish masalasida bizda ham muammolar yetarli. Masalan, keyingi yillarda o‘zbek tilida kitob nashr etish birmuncha kamaydi. Yana bir muammo: o‘quvchilar ayrim badiiy adabiyotlarni do‘konma-do‘kon izlab yurishadiki, ularga bu masalada hatto Yozuvchilar soyuzi ham yordam berolmaydi, ya’ni biz bunday kitoblar tirajini oshirishga aralasholmaymiz. Bular yaqin paytda hal bo‘lishi zarur masalalardandir.

Endi, ijozatingiz bilan salkam chorak asr ilgari yozilgan bir she’rimni o‘qib bersam — «Ona tilimga» rus tiliga ham bir necha bor tarjima etilgan. Menimcha, u hozir ham ta’sir kuchini yo‘qotmagan.

Ming yildirkim, bulbul kalomi
O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.
Ammo sho‘rlik to‘tining holi
O‘zgalarga taqlid hamisha.

Ona tilim, sen borsan, shaksiz
Bulbul kuyin she’rga solurman.
Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolurman…

Baxtiyor Nazarov: Rahmat, Abdulla aka. Endi, suhbatimiz yakunida jurnalxonlar e’tiborini institutimizda olib borilayotgan ayrim ishlarga jalb etmoqchiman. Institutimizda til haqida jamoatchilik fikrini o‘rganuvchi markaz (jamoatchilik asosida) ish boshladi. O‘zbek tilini o‘rganuvchilar uchun pullik 2 yillik kurs tashkil etildi. Arab grafikasi asosidagi eski o‘zbek tili va yozuvini o‘rgatuvchi yillik pullik kurslarda hozirda mashg‘ulotlar olib borilmoqda (o‘qishni istovchilar institutimizga murojaat etishi mumkin). Kelgusi rejalarda quyidagi vazifalarni belgiladik: 10 jilddan iborat «O‘zbek tiliniig izohli lug‘atiini tuzyapmiz; O‘zbekistonning etnolingvistik atlasini tuzish borasida ish boshladik; ruscha-o‘zbekcha bir jildlik lug‘at; o‘zbekcha-tojikcha, tojikcha-o‘zbekcha lug‘atlarni tayyorlashni ham boshlab yubordik.

Xullas, bugungi suhbatimizni foydali bo‘ldi deb hisoblash mumkindir; tilimiz, umuman, madaniyatimiz muammolariga bag‘ishlab mana shunday davra suhbatlari tez-tez o‘tkazib turilsa, degan istak bilan so‘zimizga yakun yasaymiz.

Suhbatni Saidmurod Xo‘jayev yozib oldi.

REDAKSIYaDAN: Muhtaram jurnalxonlar, mana, bugungi suhbat ishtirokchilarining tilimiz muammolariga bag‘ishlangan fikr-mulohazalari bilan tanishib chiqdingiz. Bu suhbat sizda qanday taassurot qoldirdi, mualliflarimizning mulohazalariga qo‘shimcha qilib yoki to‘ldirib nimalarni aytgan bo‘lur edingiz, balki ayrim fikrlar sizni unchalik qoniqtirmagandir yoki e’tiroz uyg‘otgandir sizda! Suhbatda aytilganidek, tilimiz muammolari keng jamoatchilikning fikrlariga tayanilgan holda hal etilishi zarur. O‘z ona tilining taqdiri uchun qayg‘uruvchi har bir kishi esa bu muammolardan chetda turishi mumkin emas. O‘ylaymizki, ushbu suhbatdan olgan taassurotingiz qo‘lingizga qog‘oz-qalam olishga undaydi — maktublaringizni kutamiz.

«Fan va turmush» jurnali, 1989 yil, 4-son