Burgut qanotida… Rasul Hamzatov: Xotiralar, mulohazalar (1987)

Suhbatni «Ogonyok» jurnalining maxsus muxbiri Feliks Medvedev yozib olgan.

Shoir. Faylasuf. Hamzat Sadasaning o‘g‘li. Fotimat, Zarima va Solihatlarning otasi. To‘rt nabiraning bobosi. Epikur ta’limotining tarafdori. Diltortar suhbatdosh. Soddalarning soddasi. Peshonasi yarqiroq, omadli. Bir paytning o‘zida ham Gargantyua, ham Pantagryuel. Ham Sancho Pansa, ham Don Kixot. Sholoxovning suhbatdoshi. Tvardovskiy, Fadeev, Simonovlarning do‘sti. Tirik klassik. Tasavvurga sig‘maydi. Yarim dunyoni kezib chiqqan tinib-tinchimas. Fidel Kastro hamda Indira Gandi bilan soatlab suhbat qurgan. Bu dunyoda sadoqatli ikki yorning — she’riyat va xotini Fotimatning bir umrli shaydosi. Yuzta kitobning muallifi.

Dog‘iston xalq shoiri. Davlat mukofotlarining sohibi. Lenin mukofotining laureati. SSSR va RSFSR Yozuvchilar soyuzining sekretarlaridan. SSSR Oliy Sovetining deputati. SSSR Oliy Soveti Prezidiumining a’zosi. Sotsialistik Mehnat Qahramoni…

Men Rasul Hamzatov bilan sakkiz kun birga bo‘ldim. Tog‘ yo‘llarida kezib, vertolyotlarda uchib, mashinalarda yurib, Dog‘istonning katta qismini aylanib chiqdik. Go‘zalligi ta’rifga sig‘maydigan bu yurt odamni hayratga soladi. Tong qoldiradi. Uyqusini o‘g‘irlaydi.

Rasul Hamzatov — shu zaminning farzandi.

Hamzat Sadasa xonadonida

— Sada ovulida, otamning uyida suhbatlashayotganimdan mamnunman. Qachonlardir borliq olamdan uzilib qolgan bu tog‘ qishlog‘i hozir butun olam bilan bog‘langan. Bu yerdan tevarak-atrof kaftdek yaqqol ko‘rinadi. Bir kuni mendan, tug‘ilgan uying qayerda, deb so‘rab qolishdi, shunda men tog‘lik donishmandlar aytganidek, «Burgut qanotining ustida va ostida», deb javob qildim.

Otam hayotligida bu yerda ko‘p taniqli yozuvchilar, madaniyat arboblari mehmon bo‘lishgan. Menikiga esa Tvardovskiy, Simonov, Grossman, Kron, Mixalkov va boshqalar kelishgan.

Gohida eshitib qolaman: meni go‘yo tarjimonlar shoir qilgan emish. Nima ham derdim, xursandman, mayli, shunday bo‘laqolsin. To‘g‘risi, men bu haqda o‘ylamayman ham. Tarjimonlarimning bari bilan urushdan keyingi yillari Adabiyot institutida birga o‘qiganman. Qaysi birimizning kim bo‘lishimizni unda hech qaysimiz bilmasdik. Ittifoqda nom qozonishimda, rus o‘quvchisiga tanilishimda ko‘maklashgani uchun tarjimonlarim Naum Grebnev, Yakov Kozlovskiy, Vera Zvyagintseva, Yelena Nikolayevskaya, Semyon Lipkin, Vladimir Solouxin, Yakov Xelemskiy va boshqalardan minnatdorman.

Nima desam ekan, menda milliy tuyg‘u bor, millatchilik tuyg‘usi yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas. Nafaqat menda, balki butun xalqimda shunday.

Shunday gap bor: kim o‘tmishga to‘pponchadan o‘q uzsa, kelajak uni zambarakdan o‘qqa tutadi. Hozir qayta qurish, eskini buzish ishlari ketyapti, ammo hammasini buzaverish shartmas, deb hisoblayman. Yaxshilarini ehtiyotlash, asrash va tiklash lozim.

Ko‘ksimda xuddi ikkita yurak urib turgandek: bittasi — «tarafdor», ikkinchisi — «qarshi». Men ikkiga bo‘linib qolgandekman. Agar mamlakatda hamma narsa bitta odamga bog‘liq bo‘lib qolsa, menimcha, bundan yomoni yo‘q. Oldin shaxsga sig‘inish illati mavjud edi, keyin mansabga sig‘inish boshlandi. Shunday odamlar borki, ular mehmonlarni o‘zlariga maqtaydilar, salomatligiga qadah ko‘taradilar, mehr-muhabbat izhor qiladilar, mehmonlar tarqagach esa, hali ostonadan izlari qurimay turib, ularni so‘kishga tushadilar — shukrki, bunday toifadan emasman.

Tarixiy shaxslar to‘g‘risida indamaslik adolatdan emas. Nelarga bunchalik ishongan edim-u, nima uchun va qayerda aldashganini men ham bilgim keladi. Biz yashagan davrda chindan ham jinoyatlar bo‘lgan bo‘lsa, kechirmaslik kerak, ularni yoqlab ham bo‘lmaydi. Ko‘plarning fojiali xatosi shundaki, ular davlatimiz mustahkamlanyapti, deb o‘ylashgan. Bordiyu davlat mustahkamlaygan bo‘lsa ham, odamzod ayniy boshladi. Bu aynish bugungi kunda ham davom etyapti, deb hisoblayman, chunki unga bir paytlar Lenin aytgan kommunistik manmanlik va to‘ralik kasali yuqib bo‘lgan.

«Bizga nima bo‘lgan o‘zi! Nahot turgan-bitganimiz yomon!» degan savollarni shu kunlarda tez-tez eshityapmiz. Horijda mendan shuni so‘rashadi, qadrdon ovulimda ham shu gap. Qolaversa, o‘zim ham o‘zimdan so‘rayman: «Bu nima degan gap: ishladik, ter to‘kdik, yashadik, ashulalar aytdik, o‘ynadik, endi ma’lum bo‘ldiki, Lenindan keyingi bari rahbarlar yomon ekan!» Bu savolga aniq javobni hozircha eshitganim yo‘q. Javob esa, berilishi kerak.

Siz mendan yigirma yil davomida SSSR Oliy Soveti Prezidiumining a’zosi sifatida qanday qilib ayrim xato ko‘rsatmalarga, qarorlarga, ayrim «qahramonlar»ning (endi bilishimizcha, aslida noloyiq kimsalarning) taqdirlanishiga ovoz berganimni so‘rayapsiz. Rostini aytsam, orden va medallarga qancha oltin ketishini, qanchadan-qancha mablag‘ sarflanishini o‘ylardim! Biroq bunda ham ishga to‘ralarcha yondashilardi: o‘ninchi besh yillikda muncha, o‘n birinchi besh yillikda mana buncha odam mukofotlanishi kerak… Bu nima degan gap, axir! Bu yoqda SSSR Oliy Sovetining nashriyoti ishlab turibdi. Nimalarni chop etadi? Oliy Sovet qarorlarining stenografik hisobotlarini. O‘n besh tilda. Shu ko‘rsatmalarning o‘zi keyinchalik joylarda ham bosiladi. Shunday bo‘lishi shartmi? Oliy navli qog‘ozga bosilgan bu semiz-semiz kitoblar o‘lik mol bo‘pib yotibdi-ku. Albatta, ovoz berganman, aksari to‘g‘ri, insoniy, adolatli qarorlarga ovoz berganman. Alam qiladigan joyi — o‘shanday qarorlar chiqqaniga qaramay, jinoyat juda sekin kamayyapti, sog‘liqni saqlash sohamiz havas qiladigan darajada emas… Yomon tomonlarimiz, kam-ko‘stlarimiz ozmi… Ha, men ikkiga bo‘linib qolganman. Bu haqiqat chap tomonda, boshqasi o‘ng tomoida. Har bir avlod hodisaga o‘zicha qarab, o‘zicha baholasa kerak-da.

Men Dog‘istonda, shunday muhitda o‘sganmanki, bu yerda Leninni Stalin asarlari orqali o‘rganilardi. Lekinning o‘zi kam o‘qilardi. Ko‘chirmalar ko‘proq Stalin asarlaridan olinardi. Birinchi she’rimni ham men Stalin to‘g‘risida yozganman: yosh bolalik paytimdayoq e’lon qildirganman o‘sha qasidamni. Gazeta muharriri bosh maqolasida, bu she’rni yod olmagan bironta tog‘lik qolmaydi, deb xitob qilgan. O‘shanda yurtimizga Stalinning kelishini qanday nishonlagan edik-a! Axir, u respublkkaga avtonomiya huquqi berilganini e’lon qilgan edi!

Dohiyning tashrifini, respublikaning tug‘ilishi va avtonomiya huquqiga ega bo‘lishini, har bir tog‘lik o‘zining tug‘ilgan kunidek kutib olgandi. Bundayin muhim voqealarga bag‘ishlangan dostonim uchun o‘sha yillar Stalin mukofotiga sazovor bo‘lganman. U paytlar xalkimning bor-yuqligi birgina uning nomi bilan bog‘liq edi. Tarix naqadar tez o‘zgaradi-ya: bugun respublikada avtonomiya berilgani munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram ham boshqa kunga ko‘chirilgan…

Boshqa jihatdan esa, mening vaqtimni o‘g‘irlashgan, deb hisoblayman. Umrimning bir qismini o‘g‘irlatganman. Ma’lum bo‘lishicha, mendan ko‘p narsalarni yashirishgan. Shu ovulda yashadim, maktabida o‘qidim, ular esa mendan tarixning qaysidir qismlarini, butun bir qatlamini sir tutishibdi. Ayrim shoirlarni yashirishibdi, boshqalarini ko‘z-ko‘zlab ko‘rsatishibdi. Men u paytlar, hatto Mayakovskiyni ham to‘la bilmasdim. Yeseninni, Blokni bilmasdim. Men Jarov, Bezimenskiy, Viktor Gusev she’rlari ruhida tarbiyalanganman. Hayot ulkan teatr tomoshalari edi, parda ortida nimalar sodir bo‘layotgani tug‘risida esa, hech narsa bilmasdim. Shunchaki, men hamma narsaga soddalarcha ishonaverardim. 1937 yili o‘n to‘rt yoshli o‘spirin paytimda odamlar qatli om qilinayotgani to‘g‘risida gazetalardan o‘qib bilganimda ham, haqiqatan xalq dushmanlarini qamashayotibdi, deb o‘ylaganman.

Mendan tez-tez, ijodingizda otangizning ta’siri kuchlimi, deb so‘rab turishadi. Nima desam bo‘ladi? Men Hamzat Sadasani buyuk shoir deb bilaman, ammo o‘zim she’riyat bilan mustaqil, otamning ta’siriga berilmasdan jiddiy shug‘ullana boshlaganimdan keyingina shoir bo‘lib yetishdim. 1945 yili, urushdan keyin Moskvaga bordim, Adabiyot institutiga o‘qishga kirdim. Moskvaga ko‘pmillatli respublikadan keldim. Bizning tomonlarda shunday gap bor (o‘zlashtirayotganim yo‘q, odamlarning gapi bu): qo‘shnisini so‘kkan kishi o‘z uyida aqmoq, esi yo‘q bo‘ladi, boshqa millatni so‘kkan kishi millati ichida ahmoq, boshqa mamlakatni so‘kkan kishi esa, o‘z mamlakatida ahmoq. Kattalarga hurmat, ayollarga yaxshi munosabat, mehmondo‘stlik — tog‘liklarning azaliy an’analaridir. Eshigi mehmonlarga lang ochiq otamning uyi — mening bolaligim.

Otamning oldiga Nikolay Tixonov, o‘ktam shoir Vladimir Lugovskoylar ko‘p kelishgan. Dastlabki she’rlarimni ularga o‘qib berganimda o‘n bir yoshli bola edim. Ular esa she’rlarini otamga o‘qib berishardi. Otamni dunyoga tanitgan ham o‘shalardir. Keyinroq Moskvada menga o‘shalar boshpana berishdi. Institutga imtihon topshirayotganimda birinchi inshodayoq (uni men bir rus shoiridan diqqat bilan ko‘chirib yozgan edim) oltmishta — roppa-rosa o‘sha partadoshim qilgan xatocha xato qilganman. Meni odam qilgunicha ko‘p ovora bo‘lishgan, eh-he… Men unda eng jo‘n narsalarni, masalan, chukcha kim, yahudiy kim, ruslar kim — shularni ham bilmasdim. Bu haqda o‘ylamasdim-da; Katta teatrda ilk marta Ulanovani ko‘rishim — menga yangilik. MXATda Tarasovni ko‘rishim — yangilik. Pasternakni uchratsam — yangilik. Erenburgning nutqini eshitsam — yangilik.

Mitinglar, muhokamalar, qoralashlar ham yangilik. Yig‘inlardan birida men ham qatnashdim, kimnidir la’natladim. Yonimda ayrim taniqli yozuvchilar turishardi, ular ham fosh qilishardi. Ko‘rganlarimning barini otamga yozib yubordim. U meni zudlik bilan Dog‘istonga chaqirib oldi. «O‘zing la’natlagan yozuvchilarning asarlarini o‘qiganmisan?» deb so‘radi. «Yo‘q, o‘qimaganman, lekin ular to‘g‘risida gazetalar yozishyapti-ku». Shunda otamning nazari menga qadaldi va: «Yozuvchining kitobini o‘qimay turib u to‘g‘rida fikr aytishga nima haqqing bor?» dedi.

O‘shanda otamning nasihatiga jon-jon deb kirganman demayman, ammo bu yog‘iga yengiltaklik qilmaslikka uringanman. Mitinglarning esa hisobi yo‘q edi. Pasternak masalasida, Tvardovskiy masalasida, musiqa, kosmopolotizm masalalarida…

O‘sha yillari mening xalqimning boshiga ne kulfatlar tushganini aytmaysizmi. Respublikaning butun partiya tashkiloti — inqilobni amalga oshirgan barcha ziyoli tor-mor etildi. Kitoblar yoqildi, kutubxonalarga o‘t qo‘yildi. Ularni kimningdir xohishi bilan aybdor bo‘lib chiqqan odamlar uzoq yillar davomida yiqqan edi.

…Bugungi kunda Rossiya Kulikovo jangini, «Igor jangnomasi»ni, Pushkinni bayram qilayotgani quvonchli hodisa. Lekin, afsuski, tarixning ahamiyati ba’zida kamsitilmoqda. Misol uchun, Mahachqal’ada, universitet kafedrasida Dog‘iston tarixini o‘rganish bekor qilindi. Nahot shunday qilish mumkin bo‘lsa!? O‘z xalqi tarixini o‘rganish boshqa xalqlar tarixini o‘rganishga xalaqit bermaydi. Shaxsan men, masalan, arab madaniyatidan juda minnatdorman, chunki mening otam shu til bois nihoyat o‘qimishli odam edi. Romen Rolanni u arab tilida o‘qigan, Tolstoyni, Chexovni, rus kitoblarini ham arabchada o‘qigan.

Har bir xalqning madaniyati — ta’zim qilsa arziydigan madaniyat, deb o‘ylayman. Ancha paytlargacha bizda milliy masalani hal etishning eng yaxshi yo‘li — indamaslik, deb hisoblanib kelingan edi. O‘zimizni shunday tutganmizki, go‘yo bu masala allaqachon kun tartibimizdan tushib qolgan.

O‘zimizga ham o‘zimizni pardozlab ko‘rsatgimiz keladi-ya!

Otalar va bolalar muammosi butun dunyoda bor. Bizda esa, bu masala xuddi tag-tomiri bilan uzil-kesil hal bo‘lgandek. Go‘yo bizda hamma narsa sip-silliq, hamma narsa xamirdan qil sug‘urgandek oppa-oson. Shu qadar xaspo‘shladikki, mana endi u xatolarni tuzatish mashaqqat bo‘lib qoldi.

Ko‘p narsalarni she’rlarimda aks ettirishga harakat qilganman. Rost, men publitsist emasman. Grajdanlikni bizda har xil tushunishadi. Hozir qayta qurish ketyapti. Orqaga qarab-qarab olg‘a yurish kerak — shunday qilmasa bo‘lmaydi. Boshqa yo‘l yo‘q. Faqat, har kim harakat qilayotganini ko‘rsatishi emas, isbotlashi kerak. Biroq har bir tashabbusda ham, afsuski, goho qusur bo‘ladi. Hozir shunday narsa ro‘y beryaptiki, men buni biryoqlamalik deb atagan bo‘lardim. Baqiroqlar, mahmadonalar, buzg‘unchilar ko‘payib ketdi. Oshkoralik niqobida — jazavali og‘iz ko‘pirtirishlar. Haqiqat, axir, jiddiy bahsda, har xil qarashlarning muqoyasasida-ku.

Boshqa jihatdan, agar ortimizga qarasangiz, bir tuslilik adabiyotimiz rivojiga juda qattiq to‘sqinlik qilganini ko‘rasiz. Qanday yaxshi, ko‘p yozuvchilar safimizga qaytishdi! Allaqanday jinoyatchilarning gunohidan o‘tamiz-ku, nega endi adabiyotda amnistiya e’lon qilish mumkin emas? Bir paytlar Buninning gunohidan o‘tilganga o‘xshab. Biz uni kechirdik, hamon sevamiz. Bordiyu qaytarmaganimizda, kechirmaganimizda nima bo‘lardi? Buninsiz bizga nimadir yetishmagan bo‘lardi, adabiyotda bir bo‘sh joy sezilib turardi.

Yangi «eski» nomlarning paydo bo‘lishi boshqa mualliflarni kamsitmasligi kerak. Adabiyot bir kishi kelsa boshqasi unga joy bo‘shatishi lozim bo‘lgan soha emas. Adabiyotda joy hammaga yetadi.

Dog‘istonda ham ayrimlar, rus madaniyati milliy madaniyatimizni yutib yubormasmikan, deb o‘ylashadi. Puch gap.

Bizning murabbiylarimiz uchta — tabiat, yillar va asrlar dahosi.

Kamina partiyaniug yettita s’ezdiga Delegat bo‘lganman, qatnashganman. Ayniqsa, XXII bilan XXVII s’ezdlar yodimda qoldi. Chunki bu s’ezdlarda inson qadr-qimmati to‘g‘risida: imon-diyonat xususida, haqiqat haqida, odamiy munosabatlar borasida gaplar bo‘ldi. Men ikkinchi s’ezddan boshlab yozuvchilarning hamma anjumanida ishtirok etdim. Ikkinchi s’ezd bilan oxirgisi — sakkizinchisi, menimcha, eng qiziqarli o‘tdi. Boshqa s’ezdlarning ahamiyatini kamsitmoqchimasman, qaysidir jihatlari bilan ular ham muhim, lekin ularda tanqidiy nutqlar aytilmagan, ko‘proq chapakbozlik yangrab turgan, ko‘proq yasama, nosamimiy birdamlik hukm surgan. Ularda Valentin Ovechkin, Aleksandr Tvardovskiy, Mixail Sholoxovlarning yorqin, o‘tkir so‘zlari yetishmagan.

Fadeevning hamma nutqi esimda qolgan: u hamisha idrok bilan, o‘z qadrini bilgan holda, hayajon ila so‘zlardi,

Ishxonada, telefon jarang-jurungi jo‘rligida

— Yaqinda Angliyaga borgan edim, o‘sha yerda ko‘plardan, hozir dunyoning ma’naviy poytaxti — Rossiya, Sovet Ittifoqi, degan gaplarni eshitdim. Yaqin oragacha ham bizning mamlakatimizda ro‘y berayotgan hodisalarga kam qiziqishardi. Endi esa Moskvaga chindan ham butun dunyo ko‘z tikib turibdi, Umid bilan, tashvish bilan ko‘z tikyapti: qayta qurish yutib chiqarmikan? Men ham o‘zimga shu savolni beraman. Ha, biz shaxsga sig‘inishga qarshimiz, zo‘ravonlikka qarshimiz, inson huquqlarining poymol etilishiga qarshimiz. Biroq men mansabga sig‘inishning kurtaklarini, amaldorlarning talvasalarini ko‘ryapman.

Ovulimizda bir aqida bor: oldin o‘zidan kattadan — ko‘proq yulduz ko‘rgandan so‘raladi. Endi bo‘lsa, yig‘ilishlar qoldirilyapti, to‘ylar qoldirilyapti… rayon militsionerining kelishi kutiladi: u o‘zi emas, «amal»i bilan keladi-da, busiz esa tadbirni boshlash mumkin emas. Men mansabga qarshi emasman, biroq odamzodning har bir ishida uning ahamiyatini bo‘rttiraverish yaramaydi.

Deputatman, odamlar oldimga yordam so‘rab kelishadi. Qanaqa yordam deng. «Falonchining huzuriga kirishimga yordam bering, Pismadonchining oldiga…» Bu turishda ministrning qabuliga oddiy odam mutlaqo kirolmas ekan-da, deb o‘ylab qolaman. Holbuki, minglab odam haqiqat izlayapti, minglab odam adog‘i ko‘rinmas keraksiz komandirovkalarda yo o‘z hisobidan otpuskalarga chiqib, idoralarda navbat kutyapti.

Byurokratlikka qarshi kurashimizning o‘zi ham goho quruq safsataga aylanib ketmoqda. Haligacha xilma-xil qog‘ozlar, puch qarorlar ko‘p! Xudoning bermish kuni bir tashabbus. Lekin eskilarini ham o‘ylab ko‘rishimiz, unutmasligimiz kerak. Ayniqsa, kengashbozlik Yozuvchilar soyuzida avj olyapti. Uning ustiga, ko‘plari samarasiz. Nega deganda, ular mijg‘ovlik, hasratbozlikdan bo‘lak narsa emas.

Adabiy mahorat ham merosga o‘tadigan ishga o‘xshab qoldi. Adabiyot institutlarida otalar o‘qigan edi, endi ularning o‘g‘illari, nevaralar o‘qimoqda. Buni men qarindoshlik xudbinligi deb atagan bo‘lardim.

Bunaqa xudbinlik ilmda ham bor. San’atda ham, Diplomatiyada ham. Hatto savdoda ham bor. Yaqinda bir gapni eshitdim: qarindoshlar o‘zaro yig‘in o‘tkazib, «urug‘»laridan bittasini Sotsialistik Mehnat Qahramoni qilishga kelishibdi va hammalarining ishini uning nomiga o‘tkazishibdi. Nima deb o‘ylaysiz? Shunga erishishgan ham.

Aslida kamtarroq bo‘lishi lozim bo‘lgan ayrim kap-katta yozuvchilarning hovliqmaliklari ham menga yoqmaydi. O‘ylashadiki, qayta qurish o‘shalar tufayli boshlangan. To‘g‘ri, Pasternakning navbati keldi. Lekin ayni shu «kap-kattalar»dan ba’zilari Pasternakni uyushmamizdan haydashga qo‘l ko‘tarishgani ham sir emas. Buyuk shoir nomining himoyasiga bel bog‘lab chiqqan mardlardan hech kim vaqtida uning yonini olmagan edi. Holbuki, ular o‘shanda ham Pasternakning barcha she’rlarini, barcha asarlarini bilishardi, u Rossiyaga Shekspirdan, Gyotedan, Baratashvilidan go‘zal tarjimalar hadya etganidan xabardor edilar. Nima sababdan o‘shanda jim turishgan?

Mana, hozir Tvardovskiy to‘g‘risida ko‘p gapirilyapti, ko‘p yozilyapti. Tvardovskiyning muzeyini ochish kerak va boshqa-boshqa …deb ko‘p takrorlanyapti. Ammo, ey qadrdonlarim, uning qabriga bir boringlar-a. Qanday qarovsiz holda ekanini bir ko‘ringlar! Aqalli gul qo‘yishsa-chi. «Noviy mir» bosgan material uchun «…javobgarlikka tortilsin!» sarlavhali kollektiv xatlar bitilganida bu hozirgi botirlar qayoqda edilar! Shundoq ham o‘zi kasal, to‘shakda yotgan Tvardovskiyni zaharlashganida bular qaysi burchaklarda edi! Nega o‘shanda katta shoirni hech kim himoya qilib chiqmadi!

So‘nggi yillar baxtim chopib, Tvardovskiy bilan juda do‘stlashib ketgan edim. Hujjatlarni ko‘z-ko‘zlab maqtanishni yoqtirmayman, lekin uning menga yozgan xatlari bor. Meni izlab mehmonxonalarga kelgan, o‘zim ham unikida ko‘p marta bo‘lganman. Shaxsan meni uning nimasi tortardi! Butun Ovrupa she’riyatini, Sharq she’riyatini, Hofizni benihoya zo‘r bilishi, xitoy she’riyatiga oshiqligi. U kamtar inson edi. Maqolalarida ham, suhbatlarida ham, ishda ham. Mustaqil, o‘ziga xos shaxs edi. Kimlargadir yoqishga hech qachon intilmasdi,

Adabiyot institutining yaqinida mashhur qahvaxona bo‘lardi. Tez-tez o‘sha yerga borib turardim. U ham kelardi. O‘shanda dildan qurilgan suhbatlarimizni unutib bo‘ladimi? She’rlarimni, rost gap, biron marta maqtamagan, «Mening Dog‘istonim»ni esa jurnalida chop ettirgan.

Shunday qilib, «Noviy mir» jurnali tahrir hay’atining a’zosi bo‘ldim. O‘sha paytlari men tahrir hay’atining a’zosi bo‘lgan «Literaturnaya Rossiya» gazetasi «Noviy mir» jurnali va Aleksandr Tvardovskiy to‘g‘risida jirkanch bir maqola yozdi. Shunda Tvardovskiy menga bunday degan: «Men raddiya yozdim, agar xohlasang, sen ham yo meni yo «Lit. Rossiyani tanla».

U meni o‘ziga do‘st sanardi, lekin men uni do‘stim deyishga tilim bormasdi. Chunki u men uchun haddan tashqari ulkan odam edi. U nimagadir respublikalarga chiqishni xushlamasdi, lekin bizning ovulga xotini Mariya Illarionovna bilan birga kelardi. Unga men Hojimurod yurgan yerlarni ko‘rsatganman. Esimda, bir gal Mariya Illarionovnaga gul terayotganimda, Aleksandr Trifonovich: «Men maysalarni yoqtiraman», degan edi.

Yon daftarchasiga biron nima yozib turganini hech ko‘rmaganman. Hammasini yodda saqlab qolishga intilardi. Arxivimda Tvardovskiyning Dog‘iston safaridan hikoya qiluvchi ko‘p suratlar saqlangan. Qanday yaxshi! Ularga qarab turib, uning naqadar ruhan boy bo‘lganini his qilaman.

Ancha ilgari yozilgan «Ikki yurak» dostonimni Tvardovskiyga o‘qishga berdim. U xat yozdi (albatta, bu xat ham turibdi). Xat shafqatsizlarcha yozilgan, Aleksandr Trifonovich meni keskin tanqid qilgan edi. Garchi uning hamma fikrlarini ham to‘g‘ri deb hisoblamasam-da, undan ranjimadim.

Tvardovskiyni xatosiz deb bekor o‘ylashadi. Xatosiz odamning o‘zi yo‘q. Men uni juda hurmat qilaman, ehtimol boshqa hech knm bunchalik hurmatlamas. U — buyuk yozuvchi. Ammo uning ham gunohlari bor edi. Nimalardadir nosamimiy edimi… Davr boshqacha edi. Umuman, bularni tarix oydinlashtiradi.

Oldingi gapga qaytay. Xullas, uning xati meni lol qoldirdi. U meni mavzuni narigi dunyodan olganim, badiiy usullarni emishki, boshqa kimdandir o‘zlashtirganim uchun ayblagan edi. Balki bunda o‘ziga ishora qilgandir. Bunaqa o‘ylansa, o‘zining «Tyorkin narigi dunyoda» degan asari ham yangilik emas. Jannat bilan do‘zax to‘g‘risida ungacha ham qancha yozilgan-u… Gap aslida nimadaligini, Aleksandr Trifonovich nimaga bu qadar g‘azablanganini keyin tushundim. Uning jahlini chiqargan narsa — dostonimni bir begona kimsaga o‘qib berganim bo‘lgan ekan. Buni unga yetkazishgan. To‘g‘ri, birovga o‘qitganman, lekin kimga o‘qitish mening ixtiyorim-ku. U kimsa — «Izvestiya»ning o‘sha paytdagi muharriri Aleksey Ajubey edi. Dostonim chop etilmadi. Shundayicha stolim ustida 25 yil qolib ketdi.

Tvardovskiy o‘zini do‘stday tutardi, aslida u ustoz edi. Ammo buni hech qachon takidlamagan. O‘zining ustozligini, murabbiyligini ro‘kach qilmagan. Uning she’riyati ojizlar tarafida, oddiy kishilar tomonida edi. Biz esa juda ko‘p hollarda kuchlilar tomonida yuramiz. Garchi tabiatga, adabiyot tabiatiga to‘g‘ri kelmasa-da, asalga qand qo‘shib ichish bilan shug‘ullanamiz.

Fadeev, Fedin, Svetlov, Smelyakovlarning do‘stligiga hamisha havas qilardim. Ular bari Markaziy adabiyotchilar uyiga (MAU) choy ustida yoki biror bokaldan vino ustida to‘planib, do‘stona suhbat qurib, uzoq-uzoq o‘tirishardi. Faqat Tvardovskiy bir kuni menga: «Adabiyotchilar uyiga borma. Ichging kelsa, boshqa joyga bor», degan.

Ko‘hna Darband xarobalarida

— «G‘arbga sajda qilinayotgani» to‘g‘risidagi shubhali formula qayoqdan chiqqan gap o‘zi? Gyote qarshisida, Flober qarshisida, Heyne qarshisida, yapon she’riyati yoki xitoy Du Fu she’riyati qarshisida ta’zim qilinsa — shu yomonmi?!

Boshqa tomondan, rost, G‘arb bilan Sharqning o‘zaro bir-biriga ta’siri milliy xususiyatlarni baravarlashtirib qo‘yadi.

Har qanday shoshqaloqlik millatchilikni tug‘diradi, xolos. Chinakam internatsionalizmni tarbiyalash qiyinroq. Mana, misollar. Dog‘istonlik bir yigit rus qizga uylandi, deylik. Bu hol millatlarning do‘stligi sifatida darhbl ko‘z-ko‘zlanadi. Holbuki, bu juda jo‘n, oddiy hodisa: ikki yosh bir-birini yaxshi ko‘rib qolgan, vassalom! Yoki, deylik, kolxozda besh xil millat vakili ishlaydi, o‘zaro tinch, do‘st bo‘lib yashaydi. «Internatsionalizmning samarasi!» deb ayyuhannos solishadi qovoqbosh aqidaparastlar. Bundan chiqadiki, bordiyu biror chet el matahiga navbat talashib bir-birlari bilan jiqqamusht bo‘lishsa, buni millatchilik deyish kerak ekan-da! Bema’nilik! Umuman olganda, menga Dog‘istonda internatsional tarbiya ancha yaxshi hal etilgandek tuyuladi, chunki ko‘ptilli respublikamizda hayotning o‘zi shuni taqozo qilgan. Bizda shunday joylar borki, u yerlar turli millat vakillarining o‘zaro yaqinligi bilan tabarruk bo‘lib ketgan. Albatta, rus tili hammamizni birlashtirib turgan ikkinchi til bo‘lib qoldi. Ha, men ikkitillikni, zullisoniylikni quvvatlayman. Chingiz Aytmatovning fikriga qo‘shilaman: ikki tilda yozish — vaziyatdan chiqishning yo‘li. Bizning xalqlarimizga ikkitillilik — ikkita ona tilidek gap.

Biroq ikkitillikni zo‘rlik bilan joriy etish yaramaydi. Men o‘zimning xalqimdan kelib chiqib gapiryapman. Ikkitillilikni qabul qilish ham, qabul qilmaslik ham gurji yoki estonlarning o‘z ishi. Menimcha, qancha ko‘p tilni bilsangiz, shuncha yaxshi. Aholisi oz elatlarga bu, ayniqsa, kerak. Chingiz Aytmatov rus tilida yozadi, Afandi Kapiyev rus tilida yozgan. Fozil Iskandar rus tilida yozadi — bular adabiyotda o‘zini oqlagan hodisalardir. Umuman olganda, odam nafaqat o‘z ona tili, boshqa tillarni ham bilishi kerak. Kimningdir so‘zini eslang: qancha ko‘p til bilsang, shuncha uzoq yashaysan. Qani endi ingliz tilini ham, farang tilini ham bilsam! Afsuski… O‘ylashimcha, yangi avlod bizga qaraganda ma’lumotliroq, demakki, «internatsionalroq» bo‘ladi.

Ona suti bilan kirgan tillar vaqt o‘tishi bilan yo‘q bo‘lib ketmaydi. Hozir ham yo‘qolish emas, tillarning mustaqillashish jarayoni ketyapti. Dog‘istonning o‘zida keyingi yillar ichida o‘z ona tilimizda bolalar va kattalarning beshta jurnali tashkil bo‘ldi.

Tilsiz, tarixsiz xalq yo‘q. Mening xalqim ehtimol u qadar buyuk emasdir, lekin dog‘iston xalqining tarixi ham boy, ham ibratli. Inson kulfatlari ham, quvonchlari ham — bari unda mujassam. Shunday ekan, nega xalqimni ranjitish kerak, kim buni xohlardi?! Yaqinda, islom to‘g‘risida bir maqola o‘qidim, unda din bilan bog‘liq ayrim atamalar va ismlarni boshqasiga almashtirish taklif etilgan. Men islom tarafda emasman, lekin otim Rasul Hamzatov emas, Vasiliy Hamzatov bo‘lsa, uning — maqola muallifining dardi yengillashadimi?!

Hatto «Yalla» ansamblining nomi ham talaffuzdagina «olloh» so‘ziga o‘xshaydi. Xalq o‘zi yaratadi, o‘zi nom tanlaydi. Zo‘ravonlik bu yerda ketmaydi. Bir vaqtlar machitlarni va          vayron qilishganida, unga qo‘shib xalqning tarixini ham, me’morchiligini ham, madaniyatini ham vayron qilishgan.

Boshqa xalqlarning tarixi to‘g‘risida osmondan turib gapiradigan, «…bo‘rttirib qo‘rsatish…» deb ayblar taqaydigan odamlarga shubha bilan qarayman. O‘zbekiston qadim tarixga ega. Gurjiston qadim tarixga ega. Armaniston qadim tarixga ega. Bunga shubha qilish mumkinmi? Shubhaga na hojat? Bor narsani bor deydilar-da. Kimningdir tarixi yosh, kimningdir tarixi qadimiyroq, chuqurroq. Bir-birimizni o‘rganishimiz kerak. Xalqlar bir-birlarining tilini bilishsa — bu qanday yaxshi! Axir, har bir xalqning tarixida hali biz bilmagan qanchadan-qancha narsalar yotibdi!

Hozir insonga ishonish kerak. Mansabga emas, insonga. Hatto 1937 yili biz «Odam bunday hur nafas olayotgan boshqa biror yurtni bylmayman», deb ashula aytardik. Lekin hur nafas olish degani nafaqat o‘z uyida yashash degani, balki dunyoni ko‘rish, Parij bo‘ylab aylanish, London tumanlarini dimoqda tuyish degani hamdir. Chet elga tez-tez chiqib turish kerak. Xorijiy mamlakatlar bilan muomala qilmasdan, ilmiy-texnik ayirboshlovlarsiz, adabiy-madaniy aloqalarsiz qanday qilib olg‘a yurish mumkin? Yaxshiyam bu masalada partiyaning yigirmanchi, yigirma ikkinchi s’ezdlarida ko‘p ishlar qilindi. Chet elga boradigan odamga hujjatlarini rasmiylashtirish ishlarini tezlik bilan yengillashtirish kerak, bundagi asabiylikka barham berish lozim. Horijga borish uchun qancha komissiyadan o‘tiladi, qancha qog‘ozlar to‘lg‘aziladi-ya! Boshimdan o‘tganini aytyapman. Holbuki, men o‘ynab kelgani bormayapman-ku, adabiyot, davlat ishlari bilan boraman-ku.

Bizda o‘qishga kirish ham ba’zida to‘ralarcha sansalorlikdan boshqa narsa emas. Misol uchun, chekka respublikadagi abituriyentga rus tilida insho yozishning nima keragi bor? Menga qadim slavyan tilini majburlab o‘qitishgan. Bugun u kerak bo‘lyaptimi? Biron marta ham kerak bo‘lmadi. Balki qadim slavyan tilini bilish ortiqchalik qilmas, lekin shaxsan menda bunaqa zarurat bo‘lmagan. Shunday qilib, inshodagi xatosi uchun respublikadan kelgan abituriyent institutga kirolmaydi. Bu adolatdan emas, deb o‘ylayman.

Bugun bizga odamlarning, xalqlarning chambarchas aloqasi naqadar zarur! Bizda telefon aloqasi bor (To‘g‘ri, telefonlarning yarmi ishlamaydi), pochta aloqalari mavjud. Ruhiy aloqalar ko‘proq kerak, eng muhimi, — shular.

Gunibda — Shomil asir olingan joyda

— Dog‘istonliklar uchun eng chigal masala — Shomil taqdiri masalasi. Ma’lumki, Shomilni hatto Marks ham ozodlik harakatining qahramoni, milliy qahramon deb hisoblagan. O‘z vaqtida Chernishevskiy, Dobrolyubov, ko‘p rus kishilari uning mustamlakachilarga qarshi kurashini munosib baholashgan. U Rossiyaga birinchi bo‘lib hujum qilmagan. Qishloqlarga, ovullarga o‘t qo‘yishni chor generallari buyurishgan. Shundan keyin Shomil ozodlik uchun kurashni boshqargan. Nimaga uni bugun ham reaktsion arbob deb hisoblashmoqda? Shomilga mutlaqo isbotlanmagan ayblar taqashmoqda, ochiqdan-ochiq unga nafratlarini izhor qilishmoqda?

Aslida Shomildek qahramonning paydo bo‘lishiga kim aybdor? Javob bitta — shoh va uning bosqinchilik siyosati. Dushman bostirib kirsa, qo‘lni qovushtirib o‘tiradimi? Bu tog‘liklarning tabiatiga to‘g‘ri kelmaydi. Shomil o‘zi hech kimni ranjitmagan. Faqat shohni «ranjitgan». Hozirgi zamon tili bilan aytganda, bosqinchilik siyosatiga qarshi 25 yillik kurashi davomida o‘sha podshonigina «ranjitgan»…

«Shomil» degan dostonimni qachonlar edi yozganim, biroq haligacha biron joyda chop ettirolmayman. Doston yaxshi, mening katta muvaffaqiyatim, demayman, lekin dostonda hikoya qilingan voqealarga yurakdan ishonaman. Shomilning nomidan ayrim yurtdoshlarimiz cho‘lda bo‘ridan qo‘rqqandan battar qo‘rqadilar. Bosqinchi shohdan ham battar undan qo‘rqadilar. Bir rahbar xodimdan: «Shomildan nimaga buncha cho‘chiysiz» deb so‘radim. «Shomilni tiyaga olmasam menga hech narsa bo‘lib qolmaydi, aytsam, ishdan olishadi» deb javob qildi. Haqiqatan ham shunday. Dog‘iston teatrida Shomilning kurashini aks ettirgan spektakl qo‘yilganda, rahbarlardan birontasi bu spektaklni borib ko‘rmadi. Boz ustiga, bitta telefon qo‘ng‘irog‘i tufayli uni sahnadan olib tashlashdi.

Biz nimadan qo‘rqamiz? Tarixdanmi? Haqiqatdanmi? O‘zimizdanmi? Yoki yana va yana millatchilik olabo‘jisidan vahimadamizmi? Biroq Dog‘iston o‘zining milliy tarixiga ega, bu tarixda esa o‘zining qahramonlari, taqdirlari, o‘zining murakkab ijtimoiy ziddiyatlari mavjud. Tarixni «kesish»ning nima keragi bor, u axir kinoplyonka emas-ku. Dog‘iston — respublika, u faqat tayyorlov punkti emas. Shomilning nomini bizning tariximizdan yulib olish yaramaydi. Bu mumkin emas! Shomil harakatiga, uning ishlariga nafaqat dog‘istonliklar, balki yaxshi rus kishilari, Rossiyaning yaxshi yozuvchilari, sotsial-demokratlar ham xayrixoh bo‘lishgan. Shomilchilik harakatiga ukrainlarning ulug‘ farzandi Taras Shevchenko hamdard bo‘lgan, Ozarbayjon, Gurjiston, Qozog‘iston olimlari uni olqishlashgan: Hozirgi paytda ham Dog‘istonda biron shoir yo‘qki, afsonaviy xalq dohiysining nomini xayrli so‘z bilan yodga olmagan bo‘lsa. U haqda Sulaymon Stalskiy, Hamzat Sadasa, Afandi Kapiyevlar yozishgan. Nihoyat, yana bir gap: boshqird xalqining qahramoni Salavat Yulayev ham shohga qarshi kurashgan, lekin uning nomi qatag‘on qilinmagan, hurmat bilan tilga olinadi. Shomilni esa ayrimlar sal bo‘lmasa ingliz ayg‘oqchisi deb hisoblashadi.

Rossiya menga qadrli. Men ko‘p rus ijodqorlarining asarlarini tarjima qilganman. Biroq, nimaga ba’zi rus yozuvchilari, olimlari surbetlarcha bizning tariximizga bostirib kirishadi, buzib, mayib-majruh qylib tashlashadi? Xalqning yuragidagi narsani yulib olish mumkin emas, axir. ’

Biz Tolstoyning «Hoji Murod»iga ko‘nikkanmiz, Shomildan yo Hoji Muroddan ularning murakkab taqdirlari bugungi kunimizga «mos kelishini» talab qilib bo‘lmaydi. Ularning taqdirlari ziddiyatli. Axir, shoh bilan urush chorak asr davom etgan. Hatto dushmanlari ham Shomilni hurmat qilishgan. Tarixni soxtalashtiruvchi bo‘lmaylikda. Har bir xalq o‘z vaqtida Rossiyaga turlicha tarixiy sharoitlarda qo‘shilgan. Biz ularning mustaqillik uchun kurashini rus xalqiga qarshi kurash tarzida talqin qilsak, bu katta xato bo‘ladi. Nafaqat kommunistlarni, balki barcha afkor ommani haqoratlovchi xato bo‘ladi.

Bir vaqtlar Giye Daneyaiya hamda Vladimir Ognev bilan birga «Hoji Murod» stsenariysini yozganman. Daneliya bu kartinani suratga olishi kerak edi. Lekin shunaqa odamlar topildiki, ular ishimizga g‘alati yorliq yopishtirishdi: emishki, bu narsa xalqlar do‘stligiga halaqit berarmish. Bu nima degan gap, birodarlar! Nega endi halaqit berarkan? Lev Tolstoy xalaqit bermaydi, men bo‘lsam xalaqit beramanmi? Shomil to‘g‘risida juda ko‘p adabiyot mavjud, jumladan Pyotr Pavlenkoning qachondan beri qayta nashr qilinmagan qissasi ham bor. Hatto hozirgi tariximizning ayrim sahifalari ham Shomil nomi bilan bog‘liq. Yozuvchi, tarixchi Shomilga munosabat haqida, uning Dog‘iston xalqi tarixida tutgan o‘rni to‘g‘risida haq gapni aytganlari uchungina ko‘plar xizmat vazifasidan, taqdirlaridan, hatto hayotlaridan ayrilgan. Internatsional tarbiya uchun aynan tarixni shunday buzib talqin qilish kerak, deb kim o‘ylayotgan bo‘lsa, u qattiq xato qiladi. Bunaqa munosabat odamning g‘azabini keltiradi, xolos. Qayta qurish Shomilning nomini oqlashga ham daxldordir. Bu juda muhim.

Suratlar zahiraxonasida, Halil Musayev asarlari qarshisida

Dog‘istonning mashhur rangtasvirchi mo‘yqalam ustasi Halil Musayevning kartinalarini ko‘rib turibmiz. Uning taqdiri fajiali. O‘zi Chox qishlog‘ida tug‘ilgan. Iste’dodli rassom ekanini erta namoyon qilgan. Rus sovet jurnallarini suratlar bilan bezagan dog‘istonlik rassomlardan birinchisi. U tog‘ go‘zalining, ayollarning obrazini, chiroyli manzaralarni chizgan. Tabiatni zo‘r iste’dod bilan, yurakdan chizardi. 1921 yili Halil Italiyaga o‘qishga ketdi. O‘sha yerda uylandi. Qandaydir sabablar bilan Vataniga qaytib kelmadi, yot yurtlarda qolib ketdi. Musayev yaqinda Nyu-Yorkda olamdan o‘tdi. Uning kartinalari g‘arbda tan olingan, Ovrupada, Amerikada mashhur. Dog‘istonda esa nomi qatag‘on qilingan. San’atni sevuvchilar uning taqdirini bilishadi, asarlarini qadrlashadi, lekin rasman haligacha tan olinmagan. Shundoq ham bo‘ladimi? O‘z Vataniga, o‘z xalqiga hech bir yomonlik qilmagan odamni yollonotliq qilsak-a. Dog‘istonning atoqli rassomlari juda unaqa ko‘p emas. H. Musayevga o‘xshaganlarni qatordan chiqarib tashlash mumkinmi, axir! Qolaversa, u jasoratli, mard kishi edi. Biz tomonlarda inqilobgacha odamning qiyofasini chizish man etilgan

edi. Halil esa odamlarning, qahramonlarning, jirlovchilarning, ayollarning obrazini chizdi. Uning insonga, tog‘liklarga, qiziqqon, yuragida o‘ti bor vatanparvarlarga mehri baland edi. Yana qaytaraman, biz jinoyatchilarga amnistiyalar chiqaryapmiz, tarixda iz qoldirgan iste’dodli insonlarning gunohidan o‘tishdan esa qo‘rqamiz. Nimaga shunday?

Dunyoga mashhur Kubachi qishlog‘ida

— Yana bitta masala ichimni tatalaydi. Dog‘istonda tilla va kumush buyumlar ishining taqdiri. Bor-yo‘g‘i to‘rt nafar usta qoldi. (Shulardan M. Jamoliddinov — nodir iste’dod egasi, haqiqiy yaratuvchi.) Ulardan keyin respublikada xalq hunarmandchiligining noyob sirlarini o‘rganadigan odam yo‘q. Hozir usta ham yakka xo‘jalikchi shoirdek bo‘lib qolgan. Shoirning xususiy xo‘jaligi — uning yuragi. Zargarda ham shunday. Damashq xanjari butun dunyoga mashhur. Bizdagi amuzgin xanjari ham yomon emas, Lashkarboshilar, marshallar, hatto Shomil ham amuzginda yasalgan xanjarlarni tutishgan. Endi esa ovulni ko‘chirishdi-yu, shu bilan ustalar ham yo‘q bo‘ldi. Ikkita-uchta oilani demasa, ovuldan ham asar qolmayapti. Holbuki bu ustalar ham vaqtida kubachiliklar singari mashhur bo‘lishgan. Bugungi kunda kubachiliklar, gotsatliliklar yasagan nodir buyumlar muzeylardagina saqlanib qolgan. Dog‘iston ustalarini Lenin buyuk ijodkorlar deb atagan. Nima bo‘ldi, nega Dog‘istonning o‘zida ularni qadrlay bilishmadi? Chet ellardan sayyohlar kelishadi, hayratlanishadi, qarashadi, noyob buyumlarni axtarishadi. Biz bo‘lsak, aytish mumkinki, ularga loqaydmiz. Nimaga? Bu Ittifoq miqyosidagi, dunyo miqyosidagi masaladir. Gorkiy Sulaymon Stalskiyga bunday deb yozgan: «Sizni xalqning o‘zi asrasin». Bu vasiyat edi. Lekin unga doim ham amal qilishmayapti. Hozirgi xalq ustalarimiz ijodkor emaslar, men buni achchiq kinoya bilan aytyapman, chunki ular plan uchun ishlashyapti, stakanchalar, muguzlar yasashyapti. Siz menga ayting: muhabbatni planlashtirib bo‘ladimi? Mahoratni-chi? Ba’zan madaniyat ministrligi ustalar bilan shartnoma tuzadi. Barcha buyurtma zamonaviy uslubda, yomon ma’noda zamonaviy. Chunki zamonaviy uslubdagilari ham yaxshi bo‘lishi mumkin. Ustalarning dardini eshitsam, ko‘zlarimdan yosh chiqib ketadi. «Biz o‘lib ketamiz, biz endi hech kimga kerak bo‘lmay qolibmiz, lekin qo‘limizdagi hunarni olishga odam yo‘q…» deyishmoqda ular.

Shoirning uyida — «Ayollar oroli»

— Shunaqa kitobim bor — «Ayollar oroli» degan. Uyimda ham ularning orasida bitta o‘zimman: xotinim, qizlarim, nevara-qizlarim, singlim… Muhabbat haqida, qizlik g‘ururi haqida, ona baxti haqida ko‘p yozganman. Shunday deb o‘ylayman: ilgari ayol chodra ichida yurgan, she’riyat esa ochiq edi, endi ayol ochiq yuribdi, she’riyat esa chodraga kirdi. Odamlarning miridan-sirigacha ko‘rib turadigan ayol to‘g‘risidagi yangi she’rimni yaqinda yozdim. O‘qib beraymi! Eshiting:

VANGA

Ismi Vanga — ziyrak, oqila,
Ko‘ngillarni ko‘rguchi tuyg‘un,
Oliymaqom parixon ila
Nasib etdi uchrashmoq bu kun.
 
Eshitgandim uni ko‘p avval,
O‘tkir zehni shon olib qancha
Bulg‘or elin tutib mufassal
Kelgan edi Dog‘istongacha.
 
Derdilarki, «Vanga qilar lol,
Zingil solib bir boqsa yohu,
Ko‘z oldida kaftdagi misol
Ayon bo‘lar ul begona ruh».
 
Sabrim bitdi, hech aldamayman,
Kimligimni bilmoqqa yeldim.
Sovg‘a olib men Dog‘istondan
Parixonning oldiga keldim.
 
Berdim yo‘lda bo‘lsin deb hamdam
Ko‘p naqshinkor bir irg‘ay aso.
Bir asoki, bani odamda
Bunaqasi topilmas aslo!
 
Asoning sal bo‘shroq po‘stini
Usta obdan naqsh etgan edi.
Va shul naqshga hikmatli so‘zmi,
Yo ma’nomi baxsh etgan edi.
 
…Shafqat qilmas?! bu nimam uchun?
Qachon xafa qildirgan joyim?!
To‘g‘ri, bo‘lgan yoshlikning kuchi,
Ammo endi men ko‘p muloyim.
 
— Voy, yo‘q. Hassa boshqa narsa der
Bu naqshlarda qilmishing ming-ming…
Ayt-chi, kymsan? O‘g‘ri, isrofgar,
O‘Z kuchlaring va o‘z umringning?
 
Yoshlik taftin aqlsizlarcha
To‘zonlarga sochding, so‘ldirding,
Oltin vaqtlaringni o‘ldirding.
«Nima?» She’rmi?..
Hech yararmikin
Yangi asrlarda bu odamlarga?
Keragidan ortiq may ichding
Garchi Qur’on ta’qiqlasa-da.
 
Mana sening kechmishing, to‘ying,
Barchasi shu asoga singgan.
Asradingmi o‘z ota uying,
Hamda asl singlingni chindan?
 
Haqni doim aytib yurdingmi?..
Yo‘q, she’rlaring bu qadar bo‘shang.
Vanga unga boqib astoydil,
So‘ng hassani ushladi sekin.
 
Tayandi-da («Hassa ishonchli»),
Bir-bir qadam tashladi keyin
Va ohista folin boshladi:
Qayda o‘sdim, o‘qidim qayda…
Umri uning o‘tgandek edi
Sada ayollari ichida.
Kaftdagiday ko‘rsatdi barin,
Aytdi ayon-noayon fe’lim
Va obkomga bir kuni hatto
Yozganini ustimdan elim.
 
Yo ko‘p yillik himoya do‘stim
Tanirmikan desam bu qurg‘ur,
Yo‘q, suhbatning so‘nggida o‘zim
Bildim: bunda do‘stim ne qilur?!
 
— Avval otang jimlikni quchgan,
So‘ng onangni chaqirgan Olloh.
Ular uxlar, qo‘lida bilsang
Shunday irg‘ay asolar, biroq…
 
Uxlar bilmay tashvishu alam,
Lekin o‘g‘li kelsa-chi, alhol
Hassa bilan ikkalasi ham
Kutmoqlikka tayyor, bemalol.
Shundan tashvish tortar, ko‘rdingmi,
Qabrdagi ota-onang ham?
Do‘stlaring kim?
Sevgan sen-ku… til tiygum nochor,
Hammasini sanash noqulay,
Axir bunda… xotining ham bor.
Eshitdim-ku barini, chidab
U ko‘p zahar so‘zlarni dedi.
Alam qildi, buning ustiga
Parixonning gapi rost edi.
Neki aytsa rost edi butkul
Hech soxtalik ko‘rmadi ko‘zim.
 
Endi netay? Ne qilsam ma’qul?
Ey, Vanga ayt, ayta qol o‘zing!
Nahot shunday yashagayman boz
Bekor sarflab butun hayotim,
Nelargadir qo‘yaman ixlos
Bir umr o‘zimni yo‘qotib.
 
Axir topsam bir kun abadiy
(Men barchaday — yo‘lovchi, mehmon)
Ota-onalarim kutar asabiy
Qo‘llarida aso — beomon.
Duch kelganlarda…

(Ravshan Fayz tarjimasi)

Hamzat Sadasa tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan kechaga borishda

— San’atdagi, adabiyotdagi ommaviylik meni tashvishlantiryapti, Axir, san’at sport emas-ku. Hozir birgina yozuvchilarning o‘zi naq bo‘lmasa o‘n bir mingtacha. Yozuvchilar s’ezdlarida eng katta bahs (ularda qatnashishning o‘zi uyat) qanaqadir muhim iqtisodiy yoki davlat ahamiyatidagi masala ustida avj olmaydi. Yo‘q. Ovoz berish pallasi, nomzodlar ko‘rsatishda boshlanadi hammasi. Lekin katta miqyosdan qaraganimizda, kimning nomzodi qo‘yilishining nima ahamiyati bor? Faqat bitta narsa ahamiyatli — iste’dod. Bizda ko‘pincha nima bo‘ladi: avvaliga puflab obro‘ni shishiramiz, keyin uning orqasidan kun ko‘rishni boshlaymiz. Ruhiy boyliklarga mana bunday munosabatda bo‘lish mumkinmi? Goh oqlaymiz, goh qora chaplaymiz? yoki aksincha. Yosh kitobxonlar avlodi bunaqa turlanishlarni qanday qabul qiladi? Mukofotlar, unvonlar… Men xalq shoiriman. Lekin meni xalq shoiri deyishlarini istamayman. Tvardovskiyni bunday atashmagan. Mayakovskiyni atashmagan, Blokni atashmagan, Pushkinni atashmagan. Nimaga Rossiyada xalq shoiri degan unvon yo‘q? Frantsiyada, Italiyada nega yo‘q? Va nihoyat, nimaga Gurjistonimizda yo‘q bunday unvon?! Xalq istasa, o‘zi atab olaveradi. Axir, «shoir» degan so‘zda unvon emas, mansab emas, katta burch, mas’uliyat bor-ku.

Bizdagi byurokratizm shunday darajaga yetdiki, telefonni bitta jiringlatib spektakllarni, qo‘shiqlarni taqiqlashadi, telefonni bitta jiringlatib hatto unvonlar tortiq qilishadi. Bir amaldor ikkinchisiga sim qoqadi va bir-birlarining ko‘zlariga qaramay turib, jiddiy ijodiy, jamiyat ahamiyatiga molik, aytish mumkinki, xalq ishlarini hal qilib yuboraverishadi. Biz esa, ochiq muhokama bo‘lishini xohlaymiz, shoirlarning, san’atkorlarning taqdiriga jiddiy munosabatni istaymiz.

O‘tgan davrimizga tanqidiy ko‘z bilan qarayotgan bo‘lsak ham, men ilgarigi adabiyot kunlarimizni, adabiy asarlarning keng muhokamalarini huzur bilan eslayman. Mening yoshlik yillarimda o‘zaro munosabatlarimiz naqadar teng, demokratik edi! Yozuvchi yozuvchi bilan hamqur bo‘lsa, hamyurt bo‘lsa. Fadeevni men juda ko‘p marta ko‘rganman, lekin dastlab uning oldiga borishga iymanardim, kamtarlik xalal berardi. Shunday bo‘lgani bilan u yoshlarga munosabatda oddiy edi, adabiyotchilarning Markaziy uyiga o‘zi kelardi, buni u uyat hisoblamasdi. Ayrim hozirgi rahbarlar esa boshlovchilar bilan yonma-yon o‘tirishni obro‘lariga mos emas deb hisoblashadi.

Men shunday o‘ylayman: biz endi o‘tmishdagi xatti-harakatlarimizga tanqidiy ko‘z bilan qarashimiz, ular bilan hozirgi jamoat xatti-harakati o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashimiz kerak. Men ham xato qilganman. Lekin davr mening ham ko‘p narsamni o‘g‘irlagan. Hammani o‘zini o‘zi ayblashga chaqirmayapman, lekin bizga botirlar bir soatga kerak emas. Yozuvchilar soyuzi tashkil topganining ellik yilligi yubileyi qanday serhasham, laganbardorlarcha o‘tkazilgan edi! Qanday madhiyalar kuylangan! Shunday tasavvur tug‘ilganki, bitta-ikkita odamsiz butun adabiyot yo‘q bo‘ladigandek.

Hozir doston chop ettirish qiyinlashdi. Muharrirlarning fikricha dostonda 500 dan ortiq satr bo‘lishi mumkin emas. Kim ularga bunday huquq bergan? Agar shunday bo‘lganida, Tvardovskiy doston chop ettirmagan bo‘lardi, Blok doston chop ettirmagan bo‘lardi. Nega yaxshi dostonlarni bosish kerak emas?! Boz ustiga, ularning ko‘pi — inqilob solnomalaridir. Yaroslav Smelyakov «Drujba narodov» jurnalida mening «Tog‘ go‘zali» dostonimni tahrir qilgan: u to‘rt ming satr edi. O‘shani bosishgan-ku. «Literaturnaya gazeta»da Konstantin Simonov «Otam bilan suhbat» dostonimni butunisicha e’lon qilgan. Shundan keyin Fadeevdan xat olganman. Yaxshi, mushfiq, samimiy xat. Gap shundaki, ayni o‘sha paytlari bir necha mahalliy jurnallarda mening turkum she’rlarim paydo bo‘lgan edi. Fadeev esa, ma’lum bo‘lishicha, hammasini kuzatib borarkan. U o‘zining o‘rtoqlariga, adabiyotchi hamkasblariga otalarcha e’tiborli edi. Chiqqan barcha narsalarimni bu qadar batafsil tahlil qilgani meni hayron qoldirdi. Ammo xatda eng muhim gap ham bor edi. «Narsalaringizni chiqarishga bir oz shoshilmayapsizmikan? — deb yozgan edi u. — Ishlashga, zahmat chekishga shoshilish kerak…» Bu uning maslahati edi.

«Bir oz shoshilmayapsizmikan!»

Men qabul masalalarini tushunmayman, lekin nimaga shundayki, dog‘istonlik yoki yoqut yozuvchisi SSSR yozuvchilar soyuziga tez qabul qilinadi? Avval u o‘z qiyofasini qadrdon yurtida ko‘rsatsin, xalqining e’tiboriga tushsin. Ittifoq yozuvchilar she’riyatni deb kambag‘allmkka ham rozi bo‘lardilar, hozir esa kabag‘allar she’riyat yordamida boy bo‘lishni istab qolishgan.

Moskvada besh yuz nafar shoir bor. Bu ko‘p. Dog‘istonda ham Yozuvchilar soyuzi a’zolarining sonini chegaralash kerak. (Yoqutistonda ham, Buryatistonda ham, Osetiyada ham, hamma respublikalarda shunday qilish kerak, deb o‘ylayman.) Bizda esa nima bo‘lyapti: bir odam o‘z tilida ikkita kitob chiqaradi, hali e’tiborga tushmagan, boshqa respublikalarda ham uni bir kimsa bilmaydi, u esa allaqachon SSSR Yozuvchilar soyuzining a’zosi! Moskvaga boradi, SSSR Yozuvchilar soyuzining a’zosiman, deydi, kitobini chiqarishni talab qiladi. Uni qo‘llashadi va ko‘ribsizki, u endi o‘z huquqlaridan matal o‘qiy boshlaydi.

Shoirlarga munosabat hozir o‘zgargan, amaldorlar ko‘payib ketdi. Ilgari Konstantin Simonov telefon qilar yoki telegramma yo‘llar, biron nimani so‘rar edi. Bundan odamning ko‘ngli ko‘tarilardi.

She’riyat — shoirning mahrami. She’riyat namoyish emas, she’r bahona odam xilvatga ketadi, o‘zi bilan o‘zi tanho qolgisi keladi. So‘z bilan ham. Bizdagi she’riyatda esa kengashli muhabbat va telefondagi o‘pichlar…

Ehtimol shuning uchundir, saylovchilar bilan uchrashib qayta qurish, san’at, she’riyat to‘g‘risida gapirsam, qachon kolbasa bo‘ladi, vodoprovod qachon o‘tkaziladi, deb so‘rashadi mendan. Saylovchilarimning dardini ham tushunaman, qayta qurishning maqsadi — odamlarga bir bo‘lak non bilan birga to‘g‘ri, samimiy haqiqat so‘zini ham berish. Bunda unisini-da, bunisini-da uddalash kerak. Non zarur, lira ham muhim. She’riyat nonsiz yashaydi, lekin non she’riyatsiz…

Kaspiy aeroportida, xayrlashuv chog‘i

— Hozir «Kontsert» degan nomda bir kitobni yozib tugatdim. Hayot —kontsert, dunyo — kontsert, tarix — kontsert. Bu kontsertlarning g‘ijjagi ham bor, royali ham, rok-muzikasi ham, arg‘uni ham bor… Esimda, urush boshlanishi arafasidagi so‘nggi kun — 1941 yilning 21 iyunida radiodan katta kontsert berilgan edi. Ashulalar, kuylar, ko‘tarinki ohanglar… Chegaralarda esa bu paytda allaqachon nemis desantlari tushirilib qo‘yildi. Ana undan keyin urush kontserti, o‘lim raqslari boshlanib ketdi-ku. Butun Ovrupa yerlarida go‘rlar qazilar, oxirgi qo‘shiqlar kuylanar edi… Hujumlarimizdan birining maxfiy nomi «Kontsert» bo‘lgan…

Agar fashistlarning o‘lim lagerlarida chinakamiga «jonli» kontsertlar qo‘yilmaganda, kitobning nomini hazilga yo‘yish ham mumkin edi.

Hozirgi hayotimiz goho menga hech to‘xtamaydigan kontsertga o‘xshab ketadi. Xushchaqchaq, fojiali, halovatsiz, miyani aynitadigan kontsertga… Dostonni bir davrada o‘qib berdim. Mendan «Nimaga unda Pugachyovaning, rok-muzikaning kontserti yo‘q?» deb so‘rashdi. Kulayinmi, yig‘layinmi — bilmay turardim.

Bu beqarorlik tuyg‘usi, o‘zgarishlar talvasasi, davrlar va shaxslarning shundoq ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘layotgan bu almashinishlari ham menga ba’zan falakning sira tinmaydigan allaqanday kontserti, fojiali notadagi ko‘rinishi bo‘lib tuyuladi. Surnay, balalayka, arg‘un… Birining ovozi havolanadi, boshqasinikini yer yutadi.

Hayotimizning bu buyuk kontserti nima bilan tugashini bilolsak edi!

Nurullo Otaxonov tarjimasi

«Ogonyok» jurnalining 1987 yil, 41-sonidan olindi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1988 yil, 1-son