Boqijon To‘xliyev: “Adabiyot iste’dodli yozuvchinigina emas, balki iste’dodli kitobxonni ham talab qiladi” (2015)

“Kitob bizning hozirgi hayotimizdir. Unga hamma muhtoj, …bolalar ham. Hamma gap ular uchun kitob tanlashda, biz hammadan oldin nomunosib tanlangan kitoblarni o‘qish hech narsa o‘qimagandan ko‘ra yomonroq va zararliroqdir, degan fikrga qo‘shilamiz”.
V.G.Belinskiy

“Sharq yulduzi” jurnali: — Badiiy asar tarbiya vositasimi? Yaxshi kitob ezgulikka, yomoni yovuzlikka yetaklashiga ishonasizmi?

Boqijon To‘xliyev: — Savolga hech bir ikkilanishsiz, uzil-kesil holda ijobiy javob berish mumkin. Badiiy asar haqiqatda ham tarbiya vositasi. Bo‘lganda ham nihoyatda kuchli, qudratli va ta’sirchan vosita. Bu haqiqat odamzod tomonidan juda qadim zamonlardayoq anglab yetilgan. Agar shunday bo‘lmaganida, eramizdan oldingi 106-43 yillarda yashab o‘tgan Mark Tulliy Sitseron: “Kitobi yo‘q uy joni yo‘q tanaga o‘xshaydi”, – deb yozmagan bo‘lardi. Agar shunday bo‘lmaganida, podsholar o‘z xazinalarida eng nodir va noyob ashyolar qatorida kitoblarni saqlamagan bo‘lar edi. Agar shunday bo‘lmaganida, Sharqning ham, G‘arbning ham buyuk mutafakkirlari butun dunyo ahlini kitob o‘qishga chorlashmagan bo‘lar edi.

XI asrning buyuk mutafakkiri Yusuf Xos Hojib yaxshi kitoblarni munosib kishilarga berish, aksincha, nomunosib kishilardan ularni asrash kerakligi haqida o‘git beradi:

Kitab qadrini ma biliglig bilur,
Uqushsiz kishidin adin ne kelur.
E, tekma kishika kitab bermagu
Apang do‘stung ersa, emin bo‘lmagu.

Ma’nosi:

Kitob qadrini ham bilimli biladi,
Zakovatsiz kishidan (jaholatdan) bo‘lak nima keladi?!
Ey, har xil kishiga kitob bermaslik kerak,
Agarchi do‘sting bo‘lsa ham, xotirjam bo‘lmaslik kerak.

 Odamzodning paydo bo‘lganidan to hozirgacha yashab, umrguzaronlik qilib kelishi uning bir o‘zi emas, balki boshqalar, o‘zini qurshab turganlar bilan birgalikda, hamjihatlikda faoliyat yuritishini taqozo etgan. Ular o‘zaro iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy sohalarda muloqotda bo‘lsagina jamiyat hayotining tekis, xotirjam, ertangi kunga ishonch va umid bilan odimlash imkoniyatlarini his etishgan. Bunday faoliyat turlari ichida ma’naviy faoliyatning ham o‘z o‘rni va ahamiyati borligini tobora ko‘proq his etib borishgan. Albatta, badiiy adabiyot biz tasavvur qilgan, bilgan va ko‘rgan hozirgi darajasiga birdaniga yetib kelgan emas. U ham nihoyatda uzun va murakkab taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan. Zero, odamzod birgalikda yashash jarayonida o‘zi biladiganini boshqalarga o‘rgatish hamda bilmaganlarini boshqalardan o‘rganish zaruratiga ko‘proq duch kela boshlagan. Hatto, ular dastlab yaratgan ish qurollari ham boshida ishga yaroqliligi nuqtai nazaridan baholangan bo‘lsa-da, asta-sekin uning qulayligi, nihoyat, uning ko‘rinishida ham ko‘zga manzur bo‘lishi ustuvorlik kasb eta borgan. Demak, ular insondagi didning, xususan, badiiy didning takomili uchun xizmat qilgan. Bularning barchasi kechagi kunga, insoniyatning o‘tmishiga daxldor. Bugun esa…

Bugun ham badiiy did tarbiyasi alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi yoshlarimizning badiiy didlari tarbiyasi jamiyatimiz, jonajon yurtimiz – O‘zbekistonning ertasi, kelajagi bilan bevosita bog‘liq ekanligini tan olishimiz kerak. Buning uchun esa tarbiyaviy muhitning hozirgi holati ijobiy tomonga yanada jiddiy tarzda o‘zgarishi, yoshlarimizning ongu shuuriga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan mafkura, g‘oya va oqimlarning salbiy ta’sirlariga nisbatan immunitet hosil qilgan avlodning tarbiyalanib borish darajasi muntazam, izchil va barqaror bo‘lishi kerak.

Bugungi jamiyat insoniyat erishgan tsivilizatsiyaning eng baland cho‘qqisida turibdi. Albatta, jahon ahli bu cho‘qqining atrofida o‘ziga xos va o‘ziga mos bo‘lgan darajalardan joy olgan, shunga ko‘ra, ular bir-biriga o‘xshaydi va bir-birlaridan farq ham qiladi. Bu farqlarning katta qismi, nazarimizda, ularning kitobga, xususan, badiiy adabiyotga bo‘lgan munosabatlaridan kelib chiqadi.

“Ertaklar – yaxshilikka yetaklar”, – degan aytim tasodifiy emas. Xalq bilib aytadi. Bilganini boshqalarga yetadigan qilib aytadi. Mazkur aytimda xalq og‘zaki ijodining bir namunasi – ertak misolida xalqning badiiy adabiyotga bo‘lgan munosabati, unga bergan bahosi mujassamlashgan. Badiiy adabiyot hayot manzaralarini kitobxon ko‘z oldida jonli, xuddi hayotning o‘ziga o‘xshatgan holda namoyon etishi bilan maroqli. Bu maroq, ayniqsa, yosh avlodda nihoyatda kuchli va ta’sirli bo‘ladi. Shuning uchun ham ularni yaxshi kitoblarga oshno qilishning sharofati ko‘p.

Keyingi paytlarda televizordan, ayniqsa, kompyuter (internet)lardan yozg‘irishlarning tobora ko‘payib borayotgani ochiq seziladi. Bu yozg‘irishlarning bir tomonlamaligini e’tirof etish kerak. Zero, faqat yozg‘irishning o‘zi bilan hech ish bitgan emas, bitmaydi ham. Buning o‘rniga televideniye, radio, kompyuter texnologiyalaridan, ommaviy axborotning boshqa vositalaridan o‘z manfaatimiz yo‘lida – yosh avlodni tarbiyalashga ijobiy hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan jihatlarni ko‘paytirish haqida o‘ylash muhimroq ko‘rinadi. Ayni mana shu sohada bizning notugalliklarimiz, kemtikliklarimiz ko‘proq.

Endilikda televizorda ham milliy ma’naviyatimizga tayanadigan mult­filmlar soni va salmog‘ining tobora ko‘payib borayotganidan ko‘z yummasligimiz kerak. Ulardagi ayrim kamchilik va kemtikliklar haqida esa mutaxassislar o‘z so‘zlarini aytishlari lozim. Ammo bir narsani unutmaslik kerakki, multfilmning asosiy tayanch nuqtasi badiiy adabiyotdir. Shunga ko‘ra, biz ularga ham badiiy adabiyotning o‘ziga xos targ‘ibi, demakki, eng kenja avlodning tarbiyasidagi muhim omil sifatida qarashimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, yaxshi kitob targ‘ibining jiddiy tarzda kengaytirilishi maqsadga muvofiq ko‘rinadi. Bunda rang-barang shakl va ko‘rinishlarning imkonlari katta. Hamma gap ulardan o‘z o‘rnida va omilkorlik bilan foydalanishda, xolos. Jajji bolajonlarimizning multfilmlar oldida o‘zini qanday tutayotganini ko‘rgan kishi, ularning inson ruhiyatiga nechog‘li ta’sir o‘tkazishini juda ochiq va yorqin tasavvur qila oladi. Shuning uchun ham badiiy adabiyotning tarbiyaviy imkoniyatlariga shubhalanib qarashga hech qanday asos yo‘q. Aksincha, bu imkoniyatning tengsiz ta’sir quvvatiga ega ekanligini e’tirof etgan holda, uni bevosita bolalarimizga yaqinlashtirishning yo‘llarini ko‘proq izlashimiz kerak, xolos.

Yana bir marta alohida ta’kidlash joizki, badiiy adabiyotning ta’sir kuchi, quvvati nihoyatda katta. U insonni yaratishga, bunyodkorlikka ham, buzg‘unchilikka ham undashi, rag‘batlantirishi mumkin. Zero, K.Gelvetsiy aytganiday: “Kitob­lar orasida xuddi kishilar orasida bo‘lgani kabi yaxshi yoki yomon jamiyatga ro‘para kelib qolish mumkin”. Shuning uchun ham bolalarni “yomon jamiyat”ga emas, balki “yaxshi jamiyat”ga ro‘para qilish ayni muddao bo‘ladi.

Psixologlarning kuzatishlaricha, bolaning ilk tasavvurlari nihoyatda yashovchan va ta’sirchan bo‘ladi. Ular mana shu ilk “tasavvur va tajribalari”ni keyinchalik hayotda qilib ko‘rish uchun urinishar ekan. Demak, bemaza urf-odatlar, noo‘rin xatti-harakatlar, bir so‘z bilan aytganda, buzg‘unchilik g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan multfilm yoki badiiy asar voqealari hamda qahramonlariga taqlidning real hayotda ham yuz bermasligiga kim kafolat bera oladi?!

Bularning barchasi biz uchun saboq bo‘lishi, ezgulikni targ‘ib qiladigan, uni bolalarimizning ongu tafakkuri, ruhiyatiga singdirishga vosita bo‘ladigan adabiyot namunalarigina bugungi jamiyatimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qo‘llaridan yetaklab, munavvar istiqbol sari boshlashi joiz va zarurligini e’tirof etishga to‘g‘ri keladi. So‘zimiz quruq bo‘lmasligi uchun bir tarixiy misolga murojaat etish o‘rinli ko‘rinadi. Gap buyuk Nizomiy “Xamsa”siga javob tariqasida yozilgan “Maxzan ul-asror” (Xorazmiy) asaridagi bir hikoya ustida boradi. Hikoyaning muhim jihati shundaki, u real hayotiy asosga ega. Hikoya qahramoni – Amir Temur. Muallifning tasvirlashicha, Temurbek birdaniga oliy darajaga yetishgan emas. U dastlab ancha qiyinchiliklarni, mashaqqatlarni boshdan kechirgan. Uning davlati ham birdaniga barqaror bo‘lib qolmagan:

Chunki Temurbek burun etti xuruj,
Davlati topmaydur edi bu uruj.[1]
Xorazmiy Temurbekning “ojizu mafluk” (“falokatga uchragan”, “jafo ko‘rgan”) tarzda kezishini uqtirar ekan, kutilmaganda:
Tengri qazosi bila axtarguzar,
Bu siquv jo qildi ilkin zaxmdor.

“Ilki zaxmdor” – qo‘li yarador bo‘lgandan keyin uning umidi kesiladi. Biroq “himmati oliy” unga yana “zo‘r dast” beradi. Unda “Tangridan umidvor” bo‘lishga imkon tug‘iladi. Ammo hali sinov davom etadi. Taqdir unga yana bir yangi muammoni taqdim etadi:

Toki azal hukmi bila dasti g‘ayb,
Soldi ayoqina shikast uzra ayb.

Bir iligi, bir oyog‘i mubtalo,
Qoldi bu g‘ariblikda dushman aro.

Ya’ni bir qo‘li va bir oyog‘i shikastlanib, dushman orasida qiyin ahvolda qoldi. U mutlaqo umidsizlik girdobida qolgan edi. Ana shu holatda taqdir unga ajoyib bir kuzatuvni ro‘para qiladi:

Ko‘rdiki bir mo‘r: oyog‘i, ali yo‘q,
Bo‘ksasi majruhu yorim beli yo‘q.

Eng ajoyibi shuki, mo‘r (chumoli) shu holati bilan bir zum ham tinim bilmasdi. U muntazam harakat bilan o‘z maqsadi sari intilardi:

Keldi-yu ul tomg‘a yovushti ravon,
Sa’y hamon erdi, yiqilmoq hamon.

Chumolida ahd qat’iy edi, bu yiqilishlar uning ahdini mutlaqo qaytarolmasdi. Shuning uchun ham u harakatida muntazamlikni kanda qilmasdi:

Ushbu yiqilg‘ong‘a to‘ngulmadi mo‘r,
Yormanib ul tomg‘a yana qildi zo‘r.

Chiqdi yorin yo‘lga yovushqucha tund,
Tirnog‘i sustaydi, tishi bo‘ldi kund.

Eng yomoni shu ediki, chumoli tom boshiga yetay deganda, yana yerga qulab tushadi. Bu hol bir necha marta takrorlanadi:

Tushti yana bosh quyi ul tomdin,
Keldi-yu yana yopushdi nokomdin.

Olti-eti qatla tusha yarmana,
Chiqti o‘shul tom boshina tirmana.

Temurbek bu jarayonni maroq bilan kuzatadi. Undan tegishli xulosa ham chiqaradi:

Bek etib ul ishtin o‘z ishini yod,
Bo‘ldi o‘shul ramz bila ko‘ngli shod!

Kuchlanib ul dam yuraki jo‘sh etib,
Zahmati xush bo‘lg‘uchi xomush etib…

Tutti jahon mulkiyatin yak qalam,
Urdi yetti kishvar ichinda alam!

Muallif – Xorazmiy holatni umumlashtirar ekan, shunday mulohazalarni bildiradi:

Kimgaki himmat nazari tush bo‘lur,
Ko‘kni talashquchi uchar qush bo‘lur.

Hikmat ila davlat etagin tutar,
Er kishi himmat ila ishga yetar.

Xorazmiyning mazkur xulosasi, badiiy adabiyotning ta’sir kuchiga behad ishonch va e’tiqod zamirida yuzaga kelganiga shubha yo‘q.

— Eng katta adabiyot yuragimizda yashaydi. Demak, adabiyot har birimizning, hammamizning ichimizda. Lekin adabiyotga “yaqin” bo‘lganimiz holda nega dunyoda zulm bor? Nega bugun insoniyat yangi yo‘l qidirmoqda? “Yo‘lini yo‘qotgan dunyo”da adabiyotning o‘rni va roli bormi? Nega u, ya’ni adabiyot dunyoning yo‘lini yo‘qotishiga jim qarab tur(a)di? Endi-chi, adabiyot dunyoning ravishiga ta’sir etib, uning yangi, munosib yo‘l topishiga ilhomlantiruvchi kuch bo‘la oladimi-yo‘qmi?..

— Dastlab shuni aytish lozimki, zulm adabiyotning borligi uchun, uning ko‘pchilik qalbidan munosib o‘rin olganligi uchun emas, aksincha, mana shu shifobaxsh dori – malhamning hammaga birday yetib bormagani uchun yuzaga keladi, shunday muhitdan kuch oladi. Zulm oziqlanadigan eng asosiy manbalardan biri ham ma’rifatsizlik, ma’naviyatsizlikdir. Oddiy odamning ma’rifatsizligi, ma’naviyatsizligi bilan qo‘lida boshqalarga ta’sir o‘tkazish imkoni bo‘lgan ayrim shaxslarning ma’naviyatsizligida, albatta, farq bor. Yusuf Xos Hojib ta’biri bilan aytganda, agar narsa kirlansa, ifloslansa, uni suv bilan yuvib tozalash mumkin bo‘ladi. Agar suvning o‘zi kir bo‘lsa-chi? Yoki:

Kishi iglasa o‘t o‘tachi berur,
O‘tachi iginga emin kim qilur?

Ma’nosi:

Odam dardga giriftor bo‘lsa, tabib unga dori-darmon qiladi, tabibning dardiga kim dori-darmon qiladi?!

Agar taraqqiyotning eng oliy darajasi sifatida XX asr hamda bizning asrimiz olinadigan bo‘lsa, aytish mumkinki, insoniyatning hayratomuz kashfiyotlari ayni mana shu davrlarga to‘g‘ri keladi. Afsuski, buzg‘unchi g‘oyalarning eng oliy darajalardagi “kashf etilishi” ham ayni mana shu asrlar zimmasiga tushib turibdi.

Insoniyat yangi va munosib taraqqiyot yo‘lini izlamoqda. Bu yo‘l urush va vayronagarchiliklarni, insoniyat erishgan tsivilizatsiya yutuqlarining yo‘q bo‘lib ketishini, jaholat va yovuzlik ildizlarini yo‘qotishga, qo‘porib tashlashga qaratilgan. Bunda har qanday vositalardan ko‘ra kitobning, badiiy adabiyotning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. V.Gyugoning ko‘rsatishicha, “Har kuni yaxshi kitoblarni o‘qish ta’sirida qo‘pollikning har qanday shakli xuddi olovga tushgandek erib ketadi”. Kitobga yaqin bo‘lmagan odamning inson ma’naviyatiga daxldor olam hodisalari ichida yashashiga shubhaning uyg‘onishi aniq.

Darhaqiqat, adabiyot tom ma’nosi bilan tarbiya maktabi ekanligini hech kim inkor etmaydi, inkor etolmaydi (zero, “adabiyot” so‘zining o‘zagiyoq bunga ochiq dalolat qilib turadi). Ammo uning o‘z vazifasini bajarish-bajarmasligi to‘g‘risida esa fikrlarning rang-barang bo‘lishi ham bor gap. Bu adabiyotning o‘zigagina bog‘liq emas. Bu yerda, nazarimizda, ikkita omil bor. Ularning birinchisi, yaratilayotgan badiiy asarlarning o‘zi, ikkinchisi esa, u bilan muntazam tanishib bor(ma)ayotgan kitobxon.

Adabiy asar yaratilib kitob holiga kelgunicha u muallifning, ijodkorning xos, shaxsiy mulki bo‘ladi. Kitobxon hukmiga havola etilgan kundan boshlab, u ijodkorning shaxsiy mulki maqomidan chiqadi. Endi u shu mulkdan bahramand bo‘ladigan, uni o‘qib o‘ziga tegishli xulosalar chiqarib, muayyan mulohazalar yuritish imkonini beradigan ijtimoiy ob’ektga aylanadi. Shunday ekan, mana shu “ijtimoiy ob’ekt”ning mohiyati nimadan iborat? Nima uchun barcha “ijtimoiy ob’ekt”lar jamiyat a’zolari o‘rtasida bir xil mavqe va obro‘ qozonmaydi? Ularning zamondoshlarga, xususan, yosh avlodning ongu shuuriga ijobiy ma’nodagi “daxl qilishi”ga nimalar xalaqit beradi? O‘qilmayotgan kitob haqida faqat yoshlar, kitobxonlar emas, yozuvchi, shoir, dramaturgning o‘zi ham, yozuvchi va kitobxon muloqotini ta’minlash uchun safarbar qilingan tanqidchi, murabbiy, o‘qituvchi, ota-onalar ham bu haqda o‘ylab ko‘rishi kerak emasmikan?!

Gap shundaki, haqiqiy asarning badiiyligi, demakki, uning zamonaviyligi, haqqoniyligi, odam va olam haqidagi haqiqatlarni aks ettirib berish, insonlar ko‘nglidagi rang-barang tuyg‘ular bilan uyg‘unlik darajasi, o‘zbekona so‘zning ohor va ifodasi mavjud ehtiyojlarga mos va munosib kelishi kerak. Bu ijodkorning “badiiy mahorat” deb nomlanadigan mavqeiga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan qaraladigan bo‘lsa, biz adabiyotning qaysi yo‘ldan yurishini, qayoqqa qarab boshlashini ayni mana shunday oliyqadr namunalarning ko‘p va ozligi bilan o‘lchashga majburiyat sezamiz.

Bu andozani bizga dastlab hazrat Alisher Navoiy bergan. Uning nazarida, shoirlar “nazm gulistonining xushnag‘ma qushlari”dir. Ammo ularning barchasi bir darajada emas. Ular a’lo, o‘rta va past darajalarni tashkil etadi. “Nazm adosi bag‘oyat arjumand va benihoyat sharif va dilpisand” (“Mahbub ul-qulub”) bo‘lganlari ularning a’lolaridir. Ali ibn Abu Tolib, Shayx Farididdin Attor, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Muslihiddin Sa’diy Sheroziy, Amir Xusrav Dehlaviy, Zahiruddin Sanoiy, Shayx Avhaduddin, Shamsuddin Muhammad Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy singari ulug‘ ijodkorlar shu siraga kiradi. Ayni paytda, bular orasida shundaylari ham borki, “yuz mashaqqat bila bir baytkim bog‘lashturg‘aylar da’vo ovozasin yetti falakdin oshurg‘aylar. So‘zlarida ne haqoyiq va ma’orif no‘shidin halovat va nazmlarida ne shavq va ishq o‘tidin harorat”. (Demak, bunday kitoblarni o‘qish zarurati yo‘q, bugina emas, ular zararli hamdir).

Alisher Navoiy tasnif oxirida bir ruboiyni ilova qiladi:

A’lolaridur nedinki dersen a’lo,
Adnolari ham barcha danidin adno.
Avsatlarikim, hech nimaga yaramas,
Bilkim, nafas urmamoq alardin avlo.

Ma’nosi:

Ularning a’lolari har narsadin a’lodir,
Tubanlari esa barcha tubanlarning tubanidir.
O‘rtachalari esa hech narsaga yaramaydi,
Bilginki, ular haqida og‘iz ochmaslik munosibdir.

Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, badiiy asar badiiylik talablariga mukammal darajada javob berganidagina “zavqu hol ahli bular latoyifi bila masrur” hamda “bular maorifi bila huzur qilurlar”. Boshqa holatlarda esa ular ijtimoiy-ma’naviy hamda adabiy-badiiy chiqit hisoblanadi. Chiqitdan, yaroqsiz narsadan foydalanish esa foyda emas, balki zarar keltiradi.

Tom ma’nodagi yaxshi asar yozgan adibning, ijodkorning soyada qolib ketishi mumkin emas. Biz ko‘plab ijodkorlarimizning bu borada munosib ijod yo‘lini davom ettirayotganlarini, yoshlarning esa shu muqaddas yo‘lga munosib bo‘lishga intilayotganlarini ko‘rib, kuzatib kelamiz. Albatta, niyat va ijro, maqsad va natija har doim ham bir xil bo‘lavermaydi. Shuning uchun ham ijodkor omilining bu borada hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini e’tirof qilish joiz. (Demak, F.M.Dostoyevskiyning: “O‘rganing va o‘qing. Jiddiy kitoblarni o‘qing. Boshqasini hayotning o‘zi qiladi”, – degan o‘gitlari bugun ham o‘z kuchini saqlab turibdi).

Hodisaning ikkinchi tomonida kitobxon degan eng asosiy “omil” ham bor. Yaxshi yoki yomon asarning birinchi va oliy darajadagi hakami – kitobxon. Lekin bu hakamlar nihoyatda serqatlam. Ular bir-birlaridan dunyoqarashlari, e’tiqodi, qiziqish doiralari, yoshi, jinsi, umumiy adabiy tayyorgarliklari, ya’ni badiiy didlariga ko‘ra farqlanadi. Bunday rang-barang qatlamning har birida shakllan(ma)gan turfa ehtiyojlar mavjud.

Kitob do‘konlarida tursangiz, kitobxonlarning alohida mualliflar yozgan asarlarni izlab kelayotganlarini ko‘rasiz. Bu hol kishini quvontiradi. Demak, bugun biz zamondoshlarimizni, ayniqsa, yoshlarni kitob o‘qimaslikda ayblay olmaymiz. Axir, mamlakatimizda yuzdan ortiq nashriyotlar faoliyat yuritmoqda. Ular yangi va rang-barang kitoblarni muntazam ravishda chop etishmoqda. Bu asarlarning barchasi kitobxon “bisoti”dan joy olmoqda. Ammo bu kitoblarning badiiy-estetik darajasi bir xilmi? Ularning barchasi bir xil darajadami? Ularning barchasi ham bir xilda ehtiyojmandlarning, xususan, yoshlarimizning badiiy-estetik jihatdan boyib borishlariga xizmat qila oladimi?

Agar haqiqiy badiiy asar yoshlarimizning qo‘liga yetib borsa, undan munosib oziqlanish amalga oshsa, mening nazarimda, buning natijasida yosh ko‘ngillarda ezgulikka, go‘zallikka, erk va adolatga, mustaqillik va ijodkorlikka bo‘lgan mayl va rag‘batga ham ijobiy ta’sir bo‘ladi.

Xuddi shu narsaning o‘zi ularning qalbida yovuzlik va xunuklikka, loqaydlik va beparvolikka nisbatan keskin e’tiroz va raddiyalarni ham keltirib chiqaradi. “Zulm” tushunchasining ham mana shu guruh ichida inqiroz va toshbo‘ronga uchrashini tasavvur qilish mumkin.

Adabiyot har qanday holatda ham o‘z kitobxoniga osongina, o‘z-o‘zicha yetib boravermaydi. Vaholanki, “adabiyot iste’dodli yozuvchinigina emas, balki iste’dodli kitobxonni ham talab qiladi” (I.Gyote). Iste’dodli kitobxon esa alohida va jiddiy tarbiyaga muhtojdir. Hazrat Navoiy ta’birlari bilan aytganda, iste’dod egalarini tarbiya qilmamak hayfdir. Bu juda uzun va mashaqqatli yo‘l. Bu yo‘lning tarmoqlanishi ham o‘ziga xos va murakkab. Oila, maktabgacha tarbiya muassasalari, umumiy o‘rta ta’lim maktab­lari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari, maktabdan tashqari muassasalar, ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar, televideniye, radio…

Nazarimda, biz oila kutubxonasining shakllanishi va rivojiga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Bu boradagi yaxshi tajriba va tashabbuslar ommalashtirilishi, rag‘batlantirilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ta’lim muassasalaridagi kutubxonalar fondining yanada yangi va yaxshi kitoblar bilan boyitilishi borasida qayg‘urishimiz o‘rinli bo‘ladi. Nash­riyotlarning yangi kitoblarini ta’lim muassasalariga sovg‘a qilishlari uchun, ehtimol, soliq tizimida yengillik va imtiyozlarning joriy etilishini ko‘zda tutish samarali bo‘lar.

— Bitta asar jamiyatga ikki xil ta’sir ko‘rsatadimi? Nima uchun?..

— Badiiy adabiyotning o‘ziga xosliklaridan biri – unda ko‘p ma’nolilikning mujassamlashgani bilan belgilanadi. Ayniqsa, buyuk asarlar, buyuk adiblarning ijodlarida bunday holatlar ko‘p uchraydi. Bir asarning ikki yoki undan ortiq talqinlarining yuzaga kelishi tasodifiy emas.

Tasavvuf tarixida mashhur bo‘lgan xurosonlik Shayx Abu Said ibn Abul Xayr (967-1049) tasavvuf targ‘ibiga bag‘ishlangan faoliyatida kelib chiqishi xalq og‘zaki ijodiga borib taqaladigan ruboiylardan unumli foydalangan. Shayxning o‘zi ruboiylar yozgan emas. Bu va boshqa dalillarga tayanib turib Ye.E.Bertels shunday yozadi: “Boshqa shayxlar ham oldingi davrlarda shunday yo‘l tutishgan deb o‘ylash uchun asoslar mavjud. Ular, asosan, dunyoviy lirika sifatida yaratilgan ishqiy she’rlardan foydalanishgan. Ularda odatdagi insoniy muhabbat kuylangan, faqat tegishli talqinlar bilan sharhlab berilgan” (Bertels Ye.E. Izbrannыe trudы. Sufizm i sufiyskaya literatura. – M.: Nauka, 1965, s.44-45). Biz Alisher Navoiyning “Ashraqat min aksi shamsil…”, “Kecha kelgumdur debon…”, “O‘n sakkiz ming olam…” singari g‘azallarining, Cho‘lpon qalamiga mansub “Go‘zal”, Abdulla Oripov yozgan “Tilla baliqcha” singari she’rlarining rang-barang talqinlarini esga olishimiz mumkin.

Yaxshi kitob hamma uchun oziq bera oladi. Masalan, “Avesto”ni katta ham, kichik ham o‘qishi mumkin. Shunday ekan, uni mutaxassislarga, oddiy kitobxonlarga taqdim va tavsiya etishning yo‘llarini izlashga to‘g‘ri keladi. Ammo uni hamma bir xilda tushuna oladimi? Bu boshqa masala.

Ilgari Alisher Navoiy asarlarini dindan xoli qilib ko‘rsatishga, uning tasavvuf bilan aloqadorligini inkor qilishga moyillik bor edi. Endilikda Navoiyning barcha asarlaridan, har bitta she’ridan tasavvuf izlashga maylu rag‘batning ortib borayotgani kuzatiladi. Bu yo‘nalishning foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishini muhtaram olimlarimiz Naj­middin Komilov, Ibrohim Haqqulov va boshqalar bot-bot ta’kidlashgan. Nazarimizda, bunday jiddiy va katta muammolarning hal qilinishida mutaxassislarimiz o‘z so‘zlarini ko‘proq va muntazamroq aytib borishlari kerak. Muhtaram shoirimiz Erkin Vohidovning bu boradagi ajoyib bir she’ri yodga keladi:

Jiyan tog‘asiga: “Jinnisan”, – dedi,
Ota o‘git berdi o‘g‘liga sekin:
Tog‘ang katta odam, kattani esa
Sizlash kerak, o‘g‘lim, “Jinnisiz”, – degin.

Otaning o‘g‘li tomonidan sodir etilgan nojo‘ya harakat va so‘ziga munosabati to‘g‘ri. U o‘g‘lidagi nojo‘yalikni o‘z o‘rnida payqagan. Shunga ko‘ra, unga dashnom berish va uni bu yo‘ldan qaytarishga urinishi ham tabiiy. Shunga qaramay, uning “tarbiyaviy vositasi” o‘rinli emas. Zero, u bu sohaning mutaxassisi emas. Uning mo‘ljalni to‘g‘ri ololmay qolishi ayni mana shu nuqta bilan aloqador. Shuning uchun ham badiiy adabiyot targ‘ibida ham mutaxassislar faollik ko‘rsatishi shart.

 — Xos va omma didi hamda adabiyoti haqida siz nima degan bo‘lardingiz? Hammaga “hamma narsa”ni taqdim qilish qanday oqibatlarga olib keladi? Ma’naviy immuniteti hali yetarlicha shakllanmagan yosh avlodga qanday asarlar tavsiya etiladiyu qandaylari yo‘q?

— Albatta, kitobxonning didi uning olam va odamga qarashlarining eng yorqin ifodasi bo‘la oladi. Hamma gap mazkur didning qay tarzda shakl­lantirilishi va rivojlantirilishiga bog‘liq. Pedagoglar, psixologlar, fiziologlar, umuman, olimlar, ijodkorlarning ko‘plab avlodlari bu borada jiddiy bosh qotirib kelishgan.

Endigina shakllanib kelayotgan farzandlarimiz, o‘g‘il-qizlarimizning, yosh avlodning birinchi navbatda jismoniy imkoniyati har xil bo‘ladi. Ularning ruhiy-ma’naviy rivojida ham bir xillikdan ko‘ra har xillik­ mo‘lroq. Bunga faqat jismoniy emas, balki ularning rivojlanish sharoitlari, tarbiyalanayotgan oilaviy muhitlari, ularni qurshab turgan ijtimoiy muhit va boshqalar ham kuchli ta’sir o‘tkazadi. Bularning barchasi ularga alohida-alohida munosabat bildirishni, o‘ziga xos yondashuvlarni taqozo etadi. Bu yerda pedagogikadagi umumiy qonuniyatlarni takrorlab o‘tirishning zarurati yo‘q. Ammo maktabgacha yoshdagi bolalar uchun alohida, kichik maktab yoshidagilar uchun alohida, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari yoshidagilar uchun alohida badiiy kitoblarga ehtiyoj borligini ta’kidlash o‘rinli bo‘lar. Mana shu yo‘nalishda ustoz va murabbiylarimiz, ijodkorlarimiz, noshirlarimiz hali ular oldida qarzdor bo‘lib turishibdi. Ularga birinchi navbatda xalqimizning o‘z milliy-ma’naviy qadriyatlari bilan tabiiy ravishda yo‘g‘rilgan og‘zaki ijodning qadim va boy namunalarini, mumtoz adabiyotimiz durdonalarini, zamonaviy ijodkorlarimiz yaratayotgan bebaho badiiy kashfiyotlarni, jahon adabiyotining eng munosib javohirlarini ularning yosh va saviyalariga munosib holda tavsiya etish joiz bo‘ladi. Ertak, maqol va topishmoqlardan boshlab bolalar shoir va yozuvchilarining eng sara asarlarigacha katta adadlar bilan nashr etilishi va imkoni boricha har bir xonadonga yetib borishi uchun harakat qilishimiz o‘rinli bo‘ladi.

Hamma bosqichlarda mumtoz adabiyotimiz namunalarini, xususan, Alisher Navoiy asarlarini o‘qib-o‘rganishga munosib sharoit hozirlanishi kerak. Buning uchun esa har bir yoshdagi bolaning o‘ziga xos xususiyatlarni e’tiborga olgan holda, Alisher Navoiyning turli janrlardagi asarlari saralanib tavsiya etilishi, ikkinchidan, ularni tegishli lug‘at va izohlar bilan ta’minlab berish, uchinchidan, buyuk mutafakkir asarlarini o‘qib tushunishni qulaylashtiradigan qo‘shimcha shakl va vositalar: nasriy bayon, izoh va sharhlar bilan yonma-yon berish, mustaqil o‘qish uchun Navoiy asarlarining xilma-xil (jumladan, rangli va bezakli) ommaviy nashrlarini amalga oshirish o‘rinli bo‘ladi.

Biz yoshlarimizning, ayniqsa, bolalarimizning yaxshi va o‘zlariga mos hamda munosib bo‘lgan kitoblar bilan tezroq ko‘rishishlari, muloqotga kirishishlari uchun sharoit yaratish haqida ko‘proq qayg‘urishimiz joiz ko‘rinadi. Ilk yoshlikdan hosil qilingan ko‘nikma va malakalar inson umrining oxirigacha o‘ziga hamroh bo‘lib qoladi. Shunday ekan, oila, maktabgacha tarbiya muassasalar, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari uchun mos va munosib kitob fondlarini ko‘paytirish yo‘llarini izlashimiz, bolalarimizning kitob bilan oshnoligiga imkon beradigan eng kichik imkonlardan ham unumli foydalanishning shakl va usullarini izlashimiz, bu boradagi yaxshi va munosib tajribalarni ommalashtirishimiz o‘rinli bo‘ladi. Yangi kitoblarning targ‘ibi, namoyishi, muallif bilan uchrashuvlar, adabiy kechalar ijtimoiy-ma’naviy hayotimizning tarkibiy bo‘laklariga aylanib borsa qani edi.

— Umidbaxsh va tushkun adabiyotning o‘quvchi va jamiyatga ta’siri masalasida nimalar deya olasiz? Zamonaviy dunyoning bugun qanday adabiyotga ehtiyoji bor?

— Bugungi jamiyatimizning taraqqiyoti jahoniy oqimlarga uyg‘unlashib bormoqda. Bu badiiy adabiyotga ham taalluqli. Kattalarning badiiy adabiyotga munosabatida ham madad kerak, albatta, ammo yoshlarimizning bu borada himoya va yordamga muhtojligi ayon haqiqat. Yosh Alisherning qo‘lida Farididdin Attorning tasavvuf falsafasiga bag‘ishlangan “Mantiq ut-tayr” kitobini ko‘rib qolgan ota – G‘iyosiddin Kichkina nima uchun bezovtalangan edi? Ota qalbida murg‘ak ko‘ngilning yoshiga nomunosib bo‘lgan fikr va g‘oyalar ta’sirida o‘zining tabiiy rivojlanishidan chetga og‘ib ketish xavfi namoyon bo‘lgan emasmi?! Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, hozirgi paytda bizda tanlash imkoniyati nihoyatda katta. Shuning uchun ham bolalarimizga olamni, zamonaviy dunyoni ko‘rsatadigan, uni tushuntirib, izohlab beradigan, ularning ma’naviy olamiga ijobiy ta’sir o‘tkaza oladigan kitoblarni topishda, saralashda, ularni bevosita farzandlarimizning qo‘liga yetib borishida kattalarning, mutaxassislarning yordam va maslahatlari juda-juda zarur bo‘lib turibdi.

Badiiy adabiyot olam va odamga xos bo‘lgan hayot hodisalarining barchasini o‘ziga xos tarzda aks ettirish xususiyatiga ega ekan, kitobxon sifatidagi yosh nihol ana shu hayot bilan ro‘para keladi. Mana shu hayot haqida o‘ylashga, mulohaza yuritishga, tegishli darajada munosabat bildirishga ehtiyoj sezadi. Demak, uning ongi, tafakkuri ham, tuyg‘ulari ham undan oziq oladi. Shuning uchun ham ular o‘qiydigan kitoblarning ham ma’rifiy, ham ma’naviy jihatdan yuksalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsata oladigan bo‘lishi muhim ko‘rinadi. Eng muhimi, bolalarimizni nomunosib, badiiy-estetik jihatdan saviyasi past bo‘lgan kitob va asarlardan yiroq tutishimiz kerak. Buning asosiy yo‘li esa yangi va yaxshi asarlarning salmog‘i muntazam va izchil ravishda ortib borishi kerak, xolos.

— O‘tmish merosni har bir zamon o‘z mezonlari chig‘irig‘idan o‘tkazib turishi kerakmi? Nima uchun?

Insoniyat o‘z kelajagi tomon intilib yashaydi. Bu tabiat va jamiyatning eng muhim qonuniyatlaridan biri. Shunga qaramay, u kelajakni o‘tmish orqali reallashtirib borishi ham bor gap. Gap o‘tmishdan kelayotgan meros haqida boradigan bo‘lsa, usiz bugunni ham, ertani ham tasavvur qilish mumkin emas. Biz, har qanday holatda ham andoza uchun mavjud narsalarga qarashga majburmiz. Bizgacha yetib kelgan ma’naviy meros xazinasi juda muhtasham va boy. Bu xazina ichidagi har bitta alohida olingan ma’naviy mulkning o‘z vazifalari bor. Har bir zamon ulardan o‘z ehtiyoj va zaruriyatlariga ko‘ra foydalanadi. “Avesto”, O‘rxun-Enasoy obidalari, islomgacha bo‘lgan davrda yaratilgan ko‘plab yozma yodgorliklar, Mahmud Qoshg‘ariy zakosi bilan bunyod etilgan “Devonu lug‘otit-turk”, Yusuf Xos Hojibdek mutafakkir adib yaratgan “Qutadg‘u bilig”, hazrat Alisher Navoiy dahosi tufayli yuzaga kelgan benazir mo‘jizalar…

Mahmud Qoshg‘ariy turkiy so‘zlarning arab tilidagi ma’nolarini izohlab, sharhlab bergan. Fikr-mulohazalariga dalil sifatida turkiy xalqlarning hayoti va og‘zaki ijodiga oid manba va materiallardan foydalangan. Ular orasida ko‘plab xalq maqollari ham mavjud. Mana ularning ayrimlari: Qut belgusi – bilik (baxt belgisi ilmdir). Erdam bashi – til (odobning boshi – til). Yazin qatig‘lansa, qishin sevnur (Yozda tirishgan kishi, qishda sevinadi). Kuzaku uzun bo‘lsa, qo‘l kuymas (Kosov uzun bo‘lsa, qo‘l kuymaydi)…

Kitob o‘zida ko‘plab afsona va rivoyatlarni, xalq qo‘shiqlarini, madhiya va marsiyalarni, urf-odatlar tasviri va xalqona so‘zlarning ma’no va mazmunining talqinlarini mujassamlashtirgan. Ulkan merosimiz namunalari orasida “Qumanlar tuzugi” degan nom bilan yetib kelgan yana bir ajo­yib obida bor. Bu obida XIV asrda yaratilgan. Tarkibi va mazmuniga ko‘ra mutlaqo original bo‘lgan bu asar o‘z davridagi ayrim turkiy xalqlarning dunyoqarashi, qiziqishlari, e’tiqodi, urf-odatlari haqida nihoyatda boy ma’lumotlarni jamlagan. Kitob faylasuflar, folklorshunoslar, adabiyotshunoslar, tilshunoslar uchun juda boy va rang-barang ma’lumot hamda materiallarni mujascamlashtirgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. U turkiy xalqlarning nisbatan qadimgi davrlarga daxldor bo‘lgan ayrim maqol va ko‘plab topishmoqlarining ilk yozma manbasi hamdir.

Mazkur kitob birinchi marotaba ko‘p tilli turkiy-forsiy-nemischa-italyancha ixcham lug‘atni mujassamlashtirgani bilan ham e’tiborli. Kitobda xristian dini madhiyalarining quman tilidagi tarjimalari asosiy o‘rin tutadi. Biz uchun muhimi, mazkur matndagi turkiy so‘zlarning qaydlaridir. Mazkur matnlardagi so‘z ma’nolarining jiddiy o‘rganilishi qadimgi turkiy tilimizdagi ayrim ochiq qolgan sahifalarni to‘ldirish va tuzatish imkonlarini kengaytiradi.

Gap Alisher Navoiy haqida boradigan bo‘lsa, aytish lozimki, buyuk mutafakkirimiz qoldirgan bebaho meros o‘z zamonida qanchalik ijtimoiy-ma’naviy vazifalarni ado etgan bo‘lsa, bugun ham ular shu vazifani ado etishdan og‘ishgani yo‘q. Ular orasida yoshlarimizni yuksak ma’naviy mezonlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan bebaho duru javohirlar istagancha topiladi.

Ammo bu aytilganlar, o‘tmish ma’naviy merosimizning barchasini hech istisnosiz bugungi kunimizda ham foydalanishimiz kerak, degani emas. Ularning orasida o‘z zamonasining taqozosi yoki muallifning shaxsiy andazalari bilan yaratilgan, o‘z zamonida muayyan tarixiy, ijtimoiy-estetik vazifalarni ado etgan, biroq bugungi kunimiz uchun ma’naviy jihatdan eskirgan ayrim aqida va mulohazalar ham yo‘q emas. Ularni ilmiylik nuqtai nazaridan, tarixiylik tamoyillariga amal qilgan holda o‘rganish zaruriyati bor, xolos. Bu yodgorliklar va ularning asl mohiyatini olimlar, soha mutaxassislarining o‘rganishlari kifoya qiladi.

Ammo bunday holat va hodisalar dengiz oldidagi tomchi, xolos. Eng muhimi, ko‘z ilg‘amas sarhadlarga borib taqaladigan ma’naviy merosimiz durdonalari juda boy va rang-barang. Ularni jamiyatimiz a’zolarining, ayniqsa, yoshlarimizning har doim ardoqlanadigan ma’naviy mulkiga aylantirish asosiy vazifa sifatida turaveradi.

— Inson tirik ekan, har doim tanlov qarshisida turadi. Xuddi uch yo‘l boshidan chiqib qolgan ertak qahramoni kabi. Har qanaqa mulozamatni bir chetga surib qo‘yib aytganda, to‘g‘ri tanlov qilishda adabiyotning roli bormi-yo‘qmi, bo‘lsa, qay darajada?

Biz bugun hayotni kitobsiz tasavvur qila olmaymiz. Zero, endilikda “Inson havosiz yashay olmaganidek, kitobsiz ham yashay olmaydi” (S.P.Korolyov). Buyuk allomalarimiz, mutafakkirlarimiz, ijodkorlarimizning hayoti va ijodi biz uchun o‘rnak va namuna, ular qoldirgan meros sahifalaridagi donishmandona o‘git va kuzatishlar esa mayoq, mash’ala vazifasini ado etadi. Ular har qanday kashfiyotning poydevori – kitob, deb ta’kidlashadi.

Yusuf Xos Hojib ko‘plab kasb-hunar egalaridagi doimiy fazilatlar haqida gapirganida ularning kitobga, badiiy so‘zga yaqinligini ham e’tiborda tutgan. Adib mamlakat boshlig‘ining kitob o‘qib turgan holati haqida ham ma’lumot beradi. Alisher Navoiy Amur Temurning kitobga, xususan, she’r va she’rxonlikka munosabatini alohida ta’kidlaydi. Zahiriddin Muhammad Bobur ham buyuk tarixiy shaxslarning kitobga, badiiy adabiyotga bo‘lgan munosabatlariga alohida e’tibor berganligi muxlislariga yaxshi ma’lum bo‘lgan.

Yusuf Xos Hojibning elchi haqidagi mulohazalar silsilasida quyidagi misralar ham mavjud:

Kitablar o‘qir ham bilir ersa so‘z,
Uqar ersa so‘z ham qo‘shar ersa so‘z.

Ma’nosi:

Kitoblar o‘qisa hamda so‘z (ma’nolarini) bilsa,
She’rlarni uqadigan (his etadigan) va o‘zi ham yozadigan bo‘lsa.

Shuning uchun ham insonning kim bo‘lishi, kelajakda qanday shaxs bo‘lib yetishishi ko‘p jihatdan kitobga bog‘liq. Kitob – bilim manbai. Badiiy adabiyot esa insonning shaxs sifatida shakllanishi va kamol topishida, eng muhimi, uning mustaqil va ijodiy fikrlashida, hayotning bebaho hikmatlari xazinasiga yo‘l ochadigan tilla kalitdir. Bu kalitning boshqa oddiy kalitlardan farq qiladigan ajoyib xislati bor: u yopiq eshiklarning ko‘pini ocha oladigan universal xususiyatga ega. Shuning uchun ham u yoshlarimizning, o‘sib kelayotgan avlodning qo‘liga qanchalik erta berilca, shunchalik yaxshi va samarali bo‘ladi.

Badiiy adabiyot bola uchun hayot hodisalari bilan tanishib borishning eng sodda, oson va qulay vositasidir. Alisher Navoiy badiiy adabiyotning, ayniqsa, she’riy asarlarning o‘rgatilishi “ravon o‘lsun savod” degan maqsadga xizmat qilishini ta’kidlaydi. Allaning yosh go‘dakni tinch­lantirishidan tashqari, unga huzur va halovat, ayni paytda, kattalar olamiga yaqinlashtiradigan vosita ekanligini onalarning o‘zlari kashf etishgan. Topishmoqlarning bolalardagi aqliy faoliyat – tafakkur tarzining shakllanishi va rivojidagi o‘rni va ahamiyatini dono xalq ilmiy tadqiqotlarsiz ham nihoyatda puxta darajada anglab yetgan. Ertak va dos­tonlarimiz bolalarni hayot hodisalari bilan ham, kundalik urf-odatlar, rasm-rusumlar bilan ham, xalqning orzu-umidlari bilan ham tanishtirib borishning eng munosib vositalaridan biri sifatida o‘z vazifasini ado etib kelgan. Badiiy asar qahramonlari kattalarni ham befarq qoldirmagan. Agar shunday bo‘lmaganida edi, ko‘plab badiiy asarlardagi qahramonlarning kishi nomlari sifatida ommalishib ketishi sodir bo‘larmidi? Anvar, Jamila, Zebuniso, Zulayho, Kumush, Nodira, Ota­bek, Ra’no, Ulug‘bek, Farhod, Farruh, Shirin, Yusuf, Hoshimjon singari nomlar, aslida, adiblarga yoki ularning asarlariga, aniqrog‘i, asar qahramonlariga bo‘lgan ishonch va e’tiqodlarning go‘zal namunalaridir.

Qadim-qadimdan yaxshi asarlar ham, ularning mualliflari ham munosib qadrlangan. Bunday asarlarning asrlardan asrlarga, ajdodlardan avlodlarga yetib kelishining o‘zi ularga berilgan eng oliy baho vazifasini ado etadi.

Yosh avlodning badiiy asarlarga, uning qahramonlariga ijobiy ma’nolardagi taqlidlari ularning hayotiy aqidalari va andozalari haqida ham nishon berib turadi. Yusuf Xos Hojib jamiyat a’zolarini ikkiga: o‘rgatuvchilar va o‘rganuvchilarga ajratadi. Biz bu fikrni davom ettirgan holda o‘rgatuvchilarning munosib kitoblar tavsiya etishlarida, o‘rganuvchilarning esa bu yo‘lda hormay-tolmay munavvar manzillarga oliyjanob niyatlar, bitmas-tuganmas ishtiyoq bilan intilishlarida sobitlik tilab qolamiz.

Sharq yulduzi jurnali, 2015 yil, 3-son


Boqijon To‘xliyev 1954 yilda tug‘ilgan. Xo‘jand Davlat pedagogika institutini bitirgan.   “Bilim – ezgulik yo‘li”, “Moddiy va ma’naviy hayot uyg‘unligi Yusuf Xos Hojib talqinida”, “Qutadg‘u bilig”ning poetikasi masalalari”, “Badiiy asarlarni sharhlab o‘rganish (mumtoz asarlar misolida)” singari o‘ndan ortiq kitoblari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun “Adabiyot” darsliklari va o‘quv qo‘llanmalari muallifi.

[1] Uruj – “yuksalish”, “ravnaq” ma’nolarini bildiradi.