Alibek Rustamov: “So‘zimiz — besh yuz mingdan kam emas” (1989)

Professor Alibek Rustamov bilan suhbat

Alibek Rustamov — Ma’naviy nuqson vahshiylik rivojining bosh sababchisidir. Ma’naviy tashnalik haqiqiy insonda hech qachon yo‘qolmaydi. Shunday ekan, uni qondirish haqida tinimsiz qayg‘urmoq kerak.

Xurshid Do‘stmuhammad — Qayg‘urish tinimsiz bo‘lmasachi?

A. R. — Fisqu fasod avj olib, jamiyat tushkunlikka uchraydi. Olamshumul ezgu ishlarni amalga oshirish iste’dodiga ega bo‘lgan avlod sun’iy ravishda falaj qilinadi. Bizda shaxsparastlik davrida turli sohalarda bo‘lganidek insonshunoslikka oid ilmu fanlarga katta zarar yetdi. Faol va bilag‘on olimlar yo‘qotildi yoki o‘z vazifasidan chetlatildi. Hozir tabiatning muhofazasiz qolishi, kasallik va turli dorilarning ko‘payishi, yoshlarning o‘zini o‘zi o‘ldirishi, axloqning buzilishi o‘sha siyosatning natijasidir.

X. D. — Til bilan bog‘liq nuqsonlarning muayyan sababi nimada?

A. R. — Buning tilshunoslikdagi asosiy sababi G‘ozi Olim Yunusov, Ye. D. Polivanov, Fitrat kabi ko‘pgina olimlarning o‘zlari repressiya qilinib, asarlarini o‘qish va zikr qilish man qilinib, o‘zbek tilini normaga solish bahosi bilan hamma jihatdan cheklash bo‘ldi.

X. D. — Normani qanday tushunish kerak?

A. R. — Norma aslida tilda adabiy an’anani saqlashdan iborat bo‘lmog‘i kerak. Bizda uning aksi bo‘ldi. Masalan, o‘zbek adabiyotida fe’l zamonning ozarbayjoncha «kelmisham», turkmancha «kelman», ya’ni kelmayman degan formalari, izofaning «mard-i maydon» kabi tojikcha shakli va «abadu-l-abad» singari arabchasi ishlatiladi. Lekin shularning hech biri bular o‘zbekcha emas deb maktab darsliklariga, hatto oliy o‘quv yurtlarining grammatikalariga kiritilmaydi. Natijada oliy ma’lumotli yoshlarimiz mazkur formalarni to‘g‘ri tushunib to‘g‘ri yozolmaydi.

Lug‘atga kelsak, masalan, «quyosh» so‘zining klassik adabiyotimizda «oftob», «shams», «xurshid», «xur», «mehr», «kunash» degan ma’nodoshlari bor. Normachilar mana shuncha so‘zning faqat bittasini lug‘atga kiritish kerak deb, boshqalarini ham kiritish kerak degan kishini qoloqlikda, millatchilikda, arab va forsparastlikda ayblaydilar. Cheklash, hatto buzish so‘z ma’nolarini izohlashda ham uchraydi. Natijada lug‘at tuzish uchun ketgan mablag‘ va mehnat mahsulsiz zoyi bo‘ladi. Chunki «quyosh» so‘zining ma’nosini bilish uchun lug‘atga murojaat qilinmaydi. Eng yomoni, xalqning bilim saviyasi pasayib ketadi. Dunyo lug‘atchiligida ming va undan ortiq davrga oid hamma kitoblarni hisobga olish qoida bo‘lishiga qaramay bizning izohli lug‘atimizda oxirgi 40 yil ham to‘liq qamralmagan. Abdulla Qodiriydan olingan bir necha misol, aslidan emas, o‘zgartirib bosilgan kitobidan olingan. Mamlakatimizdagi qayta qurish harakati hozir mazkur nuqsonlarni bartaraf etishga katta yo‘l ochib berdi. Ammo biz tilshunoslarning yangicha fikrlash va samarali amalga o‘tishimiz qiyin bo‘layapti.

X. D. — Domla, hamon ahvol shunday ekan, tilshunoslik bobida hozirgi eng zarur vazifalar nimalardan iborat bo‘lmog‘i kerak?

A. R. — Birinchi navbatda o‘zbek tilining to‘la izohli lug‘atini nashr etmoq zarur! Unga Navoiy davridagi, hatto undan ilgarigi yozma manbalarda mavjud so‘zlardan tortib to hozirgi internatsional atamalargacha — bari-bari kiritilishi lozim. Shevalar ham bor boyligi bilan lug‘atdan joy olsin. Toki, masalan, Xorazmda tunagan toshkentlik mehmon tashqariga chiqqanida uy egasi «ehtiyot bo‘ling, o‘ra bor», deganda oyoq ostiga qarab boshini ustunga urmasin.

X. D. — U holda jami so‘z boyligimiz qancha bo‘ladi deb o‘ylaysiz?

A. R. — Buni aniq aytishim qiyin, ammo taxminimcha besh yuz mingdan kam bo‘lmaydi.

X. D. — Domla, dunyo-dunyo ma’nolarni anglatuvchi so‘zlarimizdan johillarcha voz kechganimizda yoshlar tarbiyasiga oid talay-talay odobnoma so‘zlardan ham yuz o‘girgan ekanmiz-da?

A. R. — Sekinroq aytasizmi, ukajon! Sharqona tarbiya ilmida olti «Vahdat» degan so‘zning falsafiy ma’nosini bilgan kishi tabiatga va o‘zga kishilarga ularning millati va e’tiqodidan qati nazar yaxshi munosabatda bo‘ladi. «Nafs-i ammora» va «nafs-i lavvoma» degan iboralarni tushungan bola amaldor bo‘lganda poraxo‘r va buzuqi bo‘lmaydi. Hozir maktabni emas, oliy o‘quv yurtini bitirgan o‘g‘il-qizdan so‘rang, mazkur so‘zlarni eshitmagan ham. Vaholanki, ilgari farzandlar 4—5 yoshdan o‘tmay bunday tushunchalar ularning qulog‘iga quyilgan.

X. D. — O‘tgan yili jurnalimizda «Navoiyxonlik» sarlavhasi ostida eski o‘zbek alifbosini o‘rgata boshladingiz. Dastlabki majlis — mashg‘ulotlar chiqishi bilan ko‘plab jurnalxonlardan minnatdorchilik xatlari oldik, hamon olayapmiz. Ulardan ma’lum bo‘lishicha, eski o‘zbek harflarini o‘rganishga ishtiyoqi baland yoshlar juda ko‘p ekan. Redaktsiyaga kelgan xatlarda bevosita Sizga, mashg‘ulotni davom ettirgan Ma’mura Rashidovaga minnatdorchiliklar izhor etilgan. Toshkent shahar Akmal Ikromov rayoni, dan A. Qobilov, Andijon oblast Komsomolobod rayonidagi Pedagogika bilim yurti tolibalari M. Qayumova, D. Daminova, L. Sheraliyeva, Farg‘ona oblast Rishton rayonidan A. To‘xtasinov, V. Nazarov, ToshDU va ToshPIning bir guruh talabalari, Kattaqo‘rg‘on shahridan O. Haydarov, Leninsk shahridan T. Abduraimov, M. Qo‘chqorova, M. Rajapova, M. Yusupov va boshqa ko‘plab jurnalxonlar redaktsiyaning mazkur sahifasidan behad xursand ekanliklarini ma’lum qilganlar. Andijon rayon Nayman qishloq sovetidan Muqaddas Karimova arab tili mutaxassisi bo‘lish uchun qaysi fanlarni puxta egallash zarurligini so‘ragan.

A. R. — «Navoiyxonlik» sahifasining ahamiyatini to‘g‘ri va xolis tushungan barcha do‘stlardan minnatdormiz. Naymanlik qizimiz savoliga kelsak, umuman, qaysi soha kishisi bo‘lishdan qat’i nazar barcha fanlardan chuqur bilim egallaganga ne yetsin. Bevosita arab tili mutaxassisligini egallash uchun esa Toshkent universitetining Sharq fakultetiga kirish, u yerga kirish uchun chet tili, o‘zbek tili va adabiyoti hamda rus tilini maktab hajmida yaxshi bilish kerak.

X. D. — Ivanovo Energetika institutida o‘qiyotgan G‘. Sodiqov «Eski o‘zbek tilidan yangi alfavitga o‘tish qanday va kimlar tomonidan hal qilingan?» deb so‘rabdi. Bulung‘ur rayon «G‘alabaning 40 yilligi» kolxozidan xat yo‘llagan K. Nurjavovning savoli ham shunga yaqin.

A. R. — Arab yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida arab tiliga xos tovushlarni bildiruvchi harflar saqlangan tojik va o‘zbek tiliga xos undosh tovushlarni ifodalash uchun bir necha harf qo‘shilgan edi. Ammo turkiy, jumladan o‘zbek tiliga xos hamma unlilar uchun alohida harf yo‘q edi. Mana shuni hisobga olib, arab yozuviga asoslangan unli alifbosi — 20-yillar boshida isloh qilindi va 1922 yilda maorifchilarning 2-qurultoyida ma’qullatib olindi.

1926 yilda O‘zbekiston Markaziy ijroiya komitetining 4-sessiyasida yangi alifbo qaror qilinib, asta-sekin arab yozuvidan lotin yozuviga o‘tish boshlandi va 1930 yilda bu ish to‘liq amalga oshirildi. Bu alifbo 1935 yilda isloh qilindi. 1940 yilning 8 mayida O‘zbekiston SSR Oliy Soveti lotin yozuvidan rus yozuviga o‘tish haqida qonun chiqardi va bu qonun amalga oshirildi.

X. D. — Domla, oxirgi savol, teleekranda Navoiy g‘azalining sharhida «yor» deganda inson nazarda tutilgan dedingiz. Vaholanki, Navoiy «yor», «visol» deganda xudoni va uning vasliga yetishni nazarda tutgan degan qarashlar bor. Shunga nima deysiz?

A. R. — Qisqacha qilib shuni aytish mumkinki, Navoiy Muvahhid, ya’ni vahdat e’tiqodidagi kishi bo‘lgani uchun uning yori butun borliq, jumladan haq ham, inson ham, tabiat ham. Ammo Navoiyning ishqi pok ma’naviy ishq, shahvoniy emas. Buni uning o‘zi aytgan:

Ishq ahliki, manzurdin istarlar kom,

Ul kom kerakki bir nazar bo‘lsa tamom.

Gar bo‘lsa nazorasida andesha-yi xom,

Ko‘zlarga nazar dog‘i harom o‘ldi harom.

«Ishq» deganda jinsiy intilishni tushunishga o‘rgangan kishiga pok ishqni tushuntirish uchun ko‘p vaqt kerak bo‘ladi. Vaqt bo‘lmaganda yoki tushuntirish qiyin bo‘lganda ba’zilar Navoiyning ishqi sen bilgan ishq emas, uniki ilohiy ishq deb gapni qisqa qilib qo‘yaqoladilar.

Umuman, Navoiyning yor, visol tushunchalari yuzasidan ko‘pchilikdan turli mulohazalar eshitaman. Men bu masalaga bag‘ishlangan maxsus maqola yozishim kerakka o‘xshaydi.

X. D. — O‘sha maqolani bizning jurnalxonlarga mo‘ljallab yozsangiz, e’lon qilsak.

A. R. — Bajonidil. Rahmat.

“Yosh kuch” jurnali, 1989 yil, 4-son