Ajdodlar sabog‘i — istiqbol mayog‘i (yosh folklorshunos Farrux Jabborov bilan suhbat) (2017)

— Ko‘pchiligimiz folklor deganda allayu yalla, topishmog‘u maqolni tushunamiz-da. Atlasu adrasga burkanib, doira jo‘rligida qo‘shiq aytayotgan momolar, beqasam chopon bilan do‘ppi kiyvolib, bo‘g‘iq ovozda kuylayotgan bobolar ko‘z o‘ngimizga keladi. Folklor jo‘n hodisadek tuyuladi. Bir maqolangizda xalq og‘zaki ijodi merosini qirq sandiq ichidagi xazinaga mengzagan ekansiz…

— Yanayam aniqrog‘i, ichma-ich qirq devorli qal’a o‘rtasidagi ichma-ich qirq sandiq ichida saqlanadigan xazinaga. Hammamiz ham bolaligimizda ertak eshitib katta bo‘lganmiz. Eslasangiz, qirq po‘lat eshik birma-bir ochib borilganidan keyin bitta sandiq chiqadi. Uni ochib qarashsa, yana bir sandiqni ko‘rishadi. Yana, yana… shunday qilib, ichma-ich qirq sandiqda noyob xazina saqlanadi. Qiyosdan muddao shuki, xalq og‘zaki ijodi zamiridagi hikmat ham asrlar mobaynida ko‘z qorachig‘iday aspallab (avaylab) kelingan. Alla, qo‘shiq, lapar kabi lirik janrlar, ertak, afsona, doston kabi epik janrlar shaklan qancha o‘zgarishga uchramasin, asrlar osha turfa madaniy, ijtimoiy, siyosiy ta’sirotlarni boshdan kechirmasin, baribir, mohiyat asl holicha qolgan. Ehtimol, “sandiq”ning u yer-bu yeri tuzatilgandir. Ehtimol, “qal’a” sal-pal ta’mirlangandir. Bugungi til bilan aytganda, rekonstruktsiya qilingandir. Lekin “xazina”ga zarar yetmagan.

O‘zbek folklori zamiridagi hikmat ko‘lamini umummilliy degan ta’rif bilan ancha cheklab qo‘yamiz. Umuminsoniy qadriyatlar tarannum etilgan, deyish ham qamrovni toraytiradi. Butun koinotga, o‘n sakkiz ming olamga daxldorlikni nazarda tutishimiz, kosmik miqyosda qaray olishimiz kerak. Bu gaplarimni xalq og‘zaki ijodiga xos mubolag‘a san’ati namunasi deb o‘ylamang, tag‘in.

— Yo‘q, men boshqa narsa haqida o‘ylayotgan edim. Qirq sandiq ichidagi xazina degan o‘xshatish tagida folklorni tushunish oson emasligiga ishora ham bordek, nazarimda.

— To‘g‘ri ilg‘absiz. Hamma muammo nimada, bilasizmi?

— Bilmaganim uchun so‘rayapman-da.

— Hamma muammo shundaki, xalq og‘zaki ijodini tushunish oson deb o‘ylab katta xatoga yo‘l qo‘yamiz. Folklor asarlari juda ko‘p qatlamli. Agar siz o‘sha ertakdagi qahramonlardan biri bo‘lsangiz, qal’aning tashqarisidagi bezaklarga og‘zingiz ochilib, ichkarisida nima borligiga qiziqmay qo‘ya qolishingiz, “Bo‘ldi, ko‘rdim”, deb ortga qaytaverishingiz ham mumkin. Yoki bir, ikki, uch… eshikni ochib kirarsiz. Ana boring, sandiqqacha ham yetib bordingiz. Xazina shu ekan, deb cheklansangiz, bilingki, safaringiz behuda ketibdi.

Xalq og‘zaki ijodi namunalarini, xususan, yirik epik janr bo‘lgan dostonlarni sinchiklab o‘qisak, xuddi arxeologik qazishmalardagi asriy madaniyat qatlamlarini tomosha qilayotgandek yoki genetik olim kabi xalqimizning DNK ma’lumotlarini tahlil qilayotgandek holatga tushamiz. Yozma adabiyotga ko‘zi o‘rgangan kitobxon uchun folklor asarlari mutolaasi doim ham serzavq mashg‘ulot tuyulavermasligi mumkin. O‘zimda ham shunday bo‘lgan. Ikki-uch olim televizorga chiqvolib, dostonlarni maqtagani-maqtagan, bori shu cho‘pchak ekan-ku, degan vaqtlarimni bugun kulib eslayman. Men ham ertakdagi “dishan qal’a” devorlariga termulib, qadimiy g‘ishtu toshdan bo‘lak biror qiziqarli narsa topmasdan hafsalasi pir bo‘lgan kitobxonlardan edim. Iltimos, shu joyini tahrir payti qisqartirib tashlamanglar. Biror yil oldin televideniyega intervyu bersam, o‘z fikriga o‘zi qarshi borgan, deb o‘ylashgan, shekilli-da, montaj payti aynan shu gaplarimni kesishibdi. Men bugun — o‘ttizdan o‘tib, folklor bo‘yicha ilmiy izlanish olib borayotgan bo‘lsam-da, universitetni bitirguncha xalq og‘zaki ijodini mirlamaganman, umuman qiziqmaganman. To‘g‘ri, birinchi kursligimizda ustod Mahmud Sa’diy “Alpomish” dostonini hammamizga majburlab o‘qitgan edi…

— Nahotki?! Keyin nima o‘zgardi? Hatto jurnalistika sohasidan biroz chekinib, folklorshunoslikka kirishib ketibsiz. Bunga nima majbur qildi?

— Hozir nomini eslab o‘tdim. Xalqaro jurnalistika fakultetini yo bitirgandim, yo bitirmagandim, bir kuni ustod Sa’diy printerdan chiqarilgan yetmish-sakson betcha ilmiy asarni qo‘limga tutdi. Ertagacha o‘qib kel, fikrlashamiz, dedi. Taniqli folklorshunos Shomirza Turdimovning “Epos va etnos” asari ekan (keyinchalik, adashmasam, 2010 yili “O‘zbekiston” nashriyotida kitob bo‘lib chiqdi). Shu olimning “Go‘ro‘g‘li” turkum dostonlari genezisi to‘g‘risidagi monografiyasini ham yutoqib o‘qidim. Gazetayu jurnallarda e’lon qilingan maqolalarini izlab topdim. Muallif bilan yuzma-yuz suhbatdan keyin esa xalq og‘zaki ijodining mubtalosiga aylandim. Xullas, o‘sha ertakdagi qal’ayu sandiqlarning kalitini qo‘lga kiritgandek bo‘ldim. Yarq etib ko‘zim ochilib ketdi. Yana, bunda folklor muhiti batamom so‘nib bitmagan makonda unib-o‘sganimning ham muhim o‘rni bor, menimcha.

— Xo‘sh, nima ekan o‘sha kalitlar? Qisqacha aytib o‘tsangiz, yoshlarimizga ham asqatib qolarmidi?

— Bir so‘z bilan tushuntirish qiyin-ov. Xalq dostonlarini o‘qishning oltin qoidalaridan biri, eposning yozma adabiyot namunasi emasligini, og‘zaki ijro uchun mo‘ljallanganligini nazardan qochirmaslik kerak. Shunda biroz cho‘zilgandek, biroz qaytariqdek tuyulgan joylari sezilmay ketadi. Istaymizmi-yo‘qmi, fan-texnika taraqqiy etgani sayin folklor muhiti, dostonchilik an’analari susayib boraveradi. Og‘zaki ijroda tinglash imkoniyati ham, afsuski, ko‘pchiligimizda yo‘q.

— Kechirasiz, gapingizni bo‘laman. Milliy teleradio kanallarimizdagi “Oltin do‘mbira”, “Qo‘hna zamin ohanglari” singari dasturlar bu bo‘shliqni birmuncha to‘ldirib turibdi.

— Ha, xabarim bor. “Madaniyat va ma’rifat” telekanali Safarali Qurbonov sa’y-harakati bilan baxshilar ijrosidagi dostonlardan keyin mutaxassislarning intervyularini bera boshlaganini olqishlash kerak. Bu ham folklorni teranroq tushunishimizga ko‘maklashadi. Filologiya fanlari doktori Shomirza Turdimovning xalq qo‘shiqlaridagi ramzlarga bag‘ishlangan o‘n ikki maqolasi bir-ikki yil oldin “Ma’rifat” gazetasida e’lon qilindi. Afsuski, shu bo‘yi gazeta taxlamlarida qolib ketdi. Hurmatli noshirlarimiz ularni yig‘ib, yaxlit kitob tarzida nashr etishsa, uni o‘qigan yoshlarimiz o‘zlari kunda-kunora xirgoyi qilib yuradigan, bir qarashda jo‘n tuyuladigan xalq qo‘shiqlarining ildizi qanchalar chuqur ketganini bilib, hayron qoladilar va folklor merosimizga mehrlari chandon oshadi. Yana bir yo‘li, ertak, afsona, dostonlar mazmun-mohiyatini zamonaviy san’at turlariga ko‘chirishimiz kerak. Ishonasizmi, folklorda Uolt Disney yoki Hollivudning hatto tushiga kirmagan syujet va motivlar bor. Ularni multfilm, kinofilm va spektakllarga aylantirishimiz lozim. Epik syujetlar asosida balladalar, qissayu romanlar yozishimiz kerak. Shunda yoshlarimizning ongu qalbiga yanada yaxshiroq singadi. Lekin bu borada pala-partishlik ketmaydi. Aksincha, teskari ta’sir ko‘rsatadi. Hammaning hafsalasini pir qilishi ham hech gap emas. Eng avval kalitni qo‘lga kiritish, bisotimizni yaxshilab o‘rganish, tagma’nolariga yetish va zamonaviy san’at asarlariga mohirona tatbiq etish, albatta, uch-to‘rt kishi yoki bir-ikki soha vakillarining imkoni doirasidagi ish emas. Aytish joizki, hukumatimiz mazkur yo‘nalishga doimiy e’tibor qaratib kelmoqda. Xalq og‘zaki ijodi xazinasi milliy ma’naviyatimizning sarchashmalaridan biri ekanini Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ham alohida ta’kidlagan edi.

— Suhbatimiz avvalida o‘zbek xalq og‘zaki ijodining jahoniy ko‘lami haqida gapirdingiz. Shunda bir ma’lumot yodimga tushdi. Savol desam ham bo‘ladi. O‘rni bilan izoh berib o‘tsangiz. Yunonlarning dunyoga mashhur “Odesseya”si bilan bizning “Alpomish”imiz orasida o‘xshashlik borligini oddiy kitobxon ham payqaydi. Davr jihatidan olsak, Homer asari qadimiyligi bilan originallikka da’vogarlik qilishi mantiqiydek, nazarimda.

— Masalani bunday qo‘yib bo‘lmaydi. Bahs qo‘zg‘ayman desangiz, ikki tarafning ham himoyachilari istalgancha topiladi. Keyin tongga dovur yoqa bo‘g‘ishishimizga to‘g‘ri keladi. Biz dostonlarimizdan “Alpomish”ni nisbatan yaxshi bilganimiz uchun ham o‘xshashlikni shu asar doirasidagina cheklaymiz. Aslida insonni hayratga soladigan boshqa artefaktlar ham ko‘p… Masalan, Fozil Yo‘ldoshdan yozib olingan “Mashriqo” dostonida Avazxon qisilchang erga duch kelib qoladi. To‘qishgan tog‘larni ko‘radi. Ikki qoya mana shunday (mushtlarini jipslashtirib ko‘rsatadi) kelib bir-biriga uriladi, keyin orasi ochiladi, yana uriladi, yana ochiladi… Manzil tomon borarga boshqa yo‘l yo‘q. Qoyalar o‘rtasidan o‘taman desang, majaqlab tashlaydi.

— “Yason va argonavtlar” kinosini eslatdi!

— Ha, ana! Topdingiz. Farqi shundaki, yunonlarda to‘qnashuvchi qoyalar dengizda bo‘ladi, bizning dostonda tasvirlanishicha esa, cho‘lda joylashgan. Yason kaptar uchirib, sirli-sehrli to‘siqni “aldaydi”. Bir to‘qnashib, orasi ochilib, qayta to‘qnashguncha, kemasini eson-omon o‘tkazib oladi. “Mashriqo”da esa to‘qishgan tog‘larning mexanizmi bor. G‘or ichidagi ayyorlik charxi buralsa, qoyalar qo‘zg‘almay to‘xtab qoladi. Keyin Avazxon va hamrohlari hadikli yerdan sog‘-salomat o‘tib ketadi. Xalq og‘zaki ijodida bunaqa artefaktlar juda ko‘p.

Dostonlarimizda faqat yunon eposlari bilan emas, boshqa xalqlarning folklori bilan ham mushtarak jihatlarni uchratish mumkin. Qadimgi shumerlarning “Gilgamesh”ini aytasizmi, hindlarning “Ramayana”siyu “Mahabhorat”inimi, qayerlaridir o‘zimizning dostonlarga o‘xshab ketaveradi. Aslida ushbu uyg‘unliklar inson tafakkuri, olamni anglash tarziga asos bo‘lgan yagona manbaga borib bog‘lanadi. Hamma gap bu xil faktlarni qaysi xalq qay tarzda saqlab kelganida va qay usulda taqdim eta olganida, deb o‘ylayman. Badiiy-estetik talqinlar keyingi hodisa deyishdan avval shu darajaga ko‘tarilish bosqichlarini nazardan o‘tkazib, so‘ng xulosa chiqarish kerakka o‘xshaydi. Manavi syujetni kim kimdan olgan, degan savol atrofida dahanaki bahsga kirishish befoyda. Axir, dunyo yagona, insoniyat yaxlit. Biz xuddi bir organizmdagi minglab hujayralarga mengzaymiz. Ajdodlarimizning asrlar bo‘yi og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan sabog‘i shunday. Folklor sabog‘i shunday!

— Katta ilmiy xodim-izlanuvchi sifatidagi tadqiqotlaringiz xulosasimi bu?

— …Nima desam ekan? Dissertatsiya mavzuim ham shunga yaqinroq. “O‘zbek xalq eposida syujet tiplari”ni o‘rganayapman. Lekin hali ilmiy xulosalar chiqaradigan darajada mavzuga chuqur kirolmadim, ochig‘i. Dostonlarning hayratlar olamida angrayib yashayapman. Hozircha bilganim, folklorda shunday formulalar borki, bamisoli matematika qoidalaridek hamma joyda aniq ishlaydi. O‘zim o‘rganayotgan syujetlar borasida ham universal qonuniyatlarni topishga intilayapman. Epos syujetining tarkibi dunyoda ko‘plab olimlar tomonidan tadqiq etilgan. Masalan, dostonlarning aksariyati safar motiviga quriladi. Nimadir turtki bo‘lib, qahramon mashaqqatli safarga chiqadi. Yo‘lda to‘siqlarga uchraydi, barini mardonavor yengib, manzilga eson-omon yetib boradi. G‘animlar ustidan g‘alaba qozonib, maqsadiga erishib, ortiga qaytadi. Qaytishida ham mushkulotlarga duchor bo‘ladi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, ona yurtiga yorug‘ yuz bilan kirib keladi va vatanida avj olgan boshboshdoqliklarga ham barham beradi. O‘zingiz o‘qigan jahon xalqlari eposlarini hozir xayoldan o‘tkazing-da, aksariyatida syujet shunga yaqinroq. Bu degani barchasi bir-biridan ko‘chirilgan degani emas-ku! Universal formulaga bo‘ysungan, xolos. Har biri o‘zicha original asar o‘laroq insoniyat madaniyatini bezab turibdi, millionlab odamlarning ko‘nglini boyitmoqda. Eng muhimi, murg‘ak qalblarga mingyillik javharni qadayapti, shu yo‘l bilan insoniylikdan og‘ishlarni tartibga solayapti. Ma’naviyat zanjiri bardavomligini ta’minlayapti.

— Suhbatimizni qayta-qayta xulosalab qo‘yayapsiz. Hali savollarim bor edi.

— Xalq og‘zaki ijodida qiziq gaplar ko‘p. Aytaversam, kunlar botaveradi, tonglar otaveradi. Fursatdan foydalanib bir taklif aytib olsam bo‘ladimi?

— Marhamat! Bemalol.

— O‘zbek folklorshunosligi asoschisi Hodi Zarif 1956 yili hozirgi “O‘zbekiston ovozi” gazetasida o‘qituvchi va talabalarga murojaat qilib, xalq dostonlarini, qo‘shiq va termalarini el og‘zidan yozib olishlarini so‘ragan ekan. Bolalar adibi Tursunboy Adashboyevning xotirlashicha, sevimli shoirimiz To‘ra Sulaymonning baxshiyona ijodiga ana shu mashhur maktub turtki bo‘lgan. Bu — birgina misol. O‘zbek folklorshunoslari xalq ziyolilari ko‘magiga tayanib juda katta xazina to‘plashganki, bunday boy meros uncha-muncha mamlakatda topilmasligi xalqaro miqyosda e’tirof etiladi. Bugun ham nuroniy otaxonu onaxonlarimiz bizlar uchun bamisoli tirik qomus! Yil o‘tgan sayin shunday bilgichlarimiz kamayib, duru javohirlarimiz tuproqqa ko‘milib ketmoqda: qanchadan-qancha ertaklar, maqollar, topishmoqlar, naqllar, so‘zlar… Biz ularsiz butun bo‘lolmaymiz! Jonkuyar o‘qituvchilarimiz, g‘ayratli talabalaru o‘quvchilarimiz boboyu momolaridan xalq og‘zaki ijodi namunalarini yozib olishda jonbozlik ko‘rsatsalar, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, gazeta-jurnallar tahririyatlari o‘zaro hamkorlikda tanlovlar tashkil etsa, faqat ko‘plab folklor materiallari to‘planibgina qolmay, ayni paytda, yigit-qizlarimizning ma’naviyati boyib, shu ulug‘ xalqqa daxldorlik tuyg‘usini chuqurroq his etib borardilar. Milliy madaniyatimizni bamisoli muhtasham imoratga mengzasak, muazzam peshtoqlari yangidan-yangi naqshu nigorlar bilan muzayyan bo‘lardi.

“Turkiston” muxbiri Nodirabegim JAMOLOVA suhbatlashdi.

 

Farrux Jabborov 1985 yili Jizzax tumani Sharilloq qishlog‘ida tug‘ilgan. 2007 yili O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti bakalavriatini, 2012 yili O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakulteti magistraturasini tamomlagan. “Men qaytib kelaman” (Tog‘ay Murod zamondoshlari xotirasida) kitobi, “Oltin ko‘prik” yosh ijodkorlar to‘plami, “Axborot asrida ta’lim-tarbiya” kitobini nashrga tayyorlashda ishtirok etgan. Hikoyalari matbuotda va adabiy to‘plamlarda chop etilgan. Nozim Hikmatning fiqralari, Aziz Nesinning hajviyalarini asliyatdan tarjima qilgan. “Yilning eng faol jurnalisti–2007” ko‘rik-tanlovi sovrindori. O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi O‘zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot institutining katta ilmiy xodim-izlanuvchisi sifatida “O‘zbek xalq eposida syujet tiplari” mavzusida ilmiy izlanish olib bormoqda.

Turkistongazetasi. 2017, № 8 (16062)