Agar tanbal bo‘lmasangiz… yoki Gyotening muhim e’tirofi (professor Muhammadabbos Irisqulov bilan suhbat) (2009)

Mavzu mavzuga yo‘l ochadi. Yaqinda nishonlangan til bayrami sabab xorijiy tillarni o‘rganish va o‘rgatish, o‘zbek tili va xorijiy tillarning munosabatlari, o‘zbek tilining kelajagi haqida fikrlashish niyatida Respublika til o‘qitish markazi direktori, Respublikada xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, Jahon tillar universiteti ingliz tilini interaktiv uslubda o‘rganish kafedrasi mudiri, professor Muhammadabbos Irisqulovga murojaat etdik.

— Sobiq sho‘ro tuzumi davrida voyaga yetgan til mutaxassislari eng ommaviy g‘arb tillaridan bo‘lgan ingliz tilini rus tili vositasida o‘rganganlar. Begona tilni boshqa bir til orqali o‘zlashtirish keng urf bo‘lgan edi, hattoki, ingliz tili rus tili orqali oson o‘rganiladi, degan tushuncha ham mavjud bo‘lgan. Xorijiy tillarni bilish davr talabi bo‘lgan bir zamonda bugungi avlod xorijiy tillarni qanday egallayaptilar?

— Biz shuncha paytdan beri ingliz tilini grammatika-tarjima yoki boshqacha ta’rifda “o‘qi-tarjima qil” metodi orqali o‘rganib va o‘rgatib keldik. Bu usulning afzal tomonlaridan biri — til o‘rgatishda qo‘llanilayotgan vosita tilda chet tilidagi grammatika qurilmalarini mukammal o‘rganish imkoniyatini berar edi. Lekin bu metodning qator noqis tomonlari mavjudki, ular chet tilini yaxshi bilish yo‘lidagi to‘siqlardir. Ingliz tilini faqat grammatika-tarjima metodi orqali va hayot bilan bog‘lanmagan matnlar asosida o‘rgangani sabab jonli muloqot paytida qator xatoliklarga yo‘l qo‘yadi. Hozirgi kunda xalqaro ingliz tili degan tushuncha keng tarqalyapti. Dunyoda hozir Birlashgan qirollik yoki Amerika ingliz tilisi sof holda emas, aralash ishlatilmoqda. Mana bir yilcha bo‘ldi, ingliz tilida yangi so‘z — Japlish , ya’ni Japanese English — Yaponiyaning ingliz tili varianti paydo bo‘ldi. Bu holat til o‘rganuvchiga yana bir mas’uliyatni yuklaydi — ingliz tilida qaysi millat vakili bilan gaplashayotganini ham nazarda tutishi muhimligini ta’kidlaydi.
Bugun bu muammolarni hal qilish maqsadida Jahon tillari universitetida eksperimental guruhlar tashkil etilgan. Biz ingliz tilini o‘rgatishda interaktiv, kommunikativ, integrallangan yondashuv yo‘li bilan til o‘rgatish metodlaridan foydalanyapmiz. Bu yondashuvlarning ijobiy xususiyati shundan iboratki, darslar boshqa tillar vositasisiz faqat bevosita ingliz tilida olib boriladi, darsning birinchi kunidayoq ingliz tili grammatika qonun-qoidalari talabalarga og‘zaki nutq ko‘nikmasini rivojlantirishga qaratilgan holda o‘rgatiladi, ya’ni integrallashtirilib, til aspektlari qo‘shib saboq beriladi. Zamonaviy yondashuvda alohida fonetika, alohida grammatika darsi yo‘q. Bu yondashuvlar dunyo miqyosida til o‘rgatishdagi asosiy usullar bo‘lib qoldi, qayta-qayta tajribadan o‘tdi. Yevropa Ittifoqining xorijiy tillarni o‘rganish borasidagi xulosalari ham shu metodlarning eng ishonchli va hayotiyligini tasdiqlayapti. Butun Yevropa mamlakatlarida darslar shu metodlar asosida olib boriladi.

— Gyote “Xorijiy tilni bilmagan o‘z ona tilini ham bilmaydi” degan ekan… Qo‘llanilayotgan metodlar til o‘rganuvchiga ingliz tilini o‘z ona tilimiz — o‘zbek tili bilan qiyoslab o‘rganish malakasini bermas ekan, degan fikr paydo bo‘lyapti. Til insonning ma’naviyatini shakllantirishdagi eng asosiy qurol deb qaraydigan bo‘lsak, yangi metodlar xorijiy til ta’sirida til o‘rganuvchilarning o‘zga madaniyat asiri bo‘lib qolishi xavfini tug‘dirmaydimi?
— To‘g‘ri, xorijiy tilni o‘rganish asnosida inson o‘z ona tili qonuniyatlarini yanada yaxshi idrok qila boshlaydi. Lekin bu fikrning aksi, ya’ni o‘z ona tilini bilmagan odam xorijiy tilni ham o‘rgana olmaydi, deb aytish mumkin. O‘zinikini bilmagan, tan olmagan odam boshqaning tili, urf-odati, qadriyatini ham tushunmaydi. Demak, tushunmadimi, tilda gapira olmaydi. Tilda gapirish uchun asos, mazmun kerak. Yodlab olish mumkin, lekin tilni amaliy qo‘llay bilish insondan juda ko‘p ko‘nikmalarni, keng qamrovli bilimni talab qiladi.
Grammatika-tarjima metodining tajribasidan kelib chiqib, bu metodlarda ona tili qo‘llanilmaydi. Integrallangan metodda o‘zbek tili amaliy qo‘llanilmasa-da, u til o‘rganuvchidan yuqori saviyani talab qiladi, o‘z asosini — milliy tilini, urf-odatlarini, tarixini mukammal bilishni taqozo etadi. Chunki qiyoslash jarayoni bilvosita til o‘rganuvchining tafakkurida yuz beradi. Aytilgan salbiy oqibatlarning oldini olish uchun integrallangan metodda darsliklar milliy manfaatlarni ham ko‘zlab tuzilishi kerak. 2002 — 2003 yillar kafedramiz o‘qituvchi-professorlari hamjihatlikda 1-4 kurs bakalavariat talabalari uchun to‘rt kitobdan iborat “Get in touch” (“Muloqotga kir”), “Keep in touch” (“Muloqotda bo‘l”), “Stay in touch” (“Muloqotda qol”) va “Touch the future” (“Kelajakka oshno bo‘l” — I.N.) kitoblarini yaratdik. Ayni damda bu darsliklar mazmunan yana qayta ko‘rib chiqilyapti. Chet tili orqali qadriyatlarimizni singdirishga alohida e’tibor beryapmiz. Magistratura talabalari uchun ham ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha darsliklar yaratish ustida ishlayapmiz. Biz darsliklar yozish jarayonida Xalqaro ingliz tili qonun-qoidalariga amal qilgan holda, mazmunni inglizcha ta’bir bilan aytganda authentic (asl nusxa bilan teng, haqiqiy — I.N.) aks ettirishimiz kerak. Shunda zamon talabiga javob beradigan ingliz tilini targ‘ib qilgan va o‘rgatgan bo‘lamiz. Shu bilan birga xorijiy tilni yaxshi bilgan vatanparvarlarni yetishtirgan bo‘lamiz. Mustaqilligimizning 20 yilligi ham yaqinlashyapti, biz har tomonlama mukammal darsliklar yozishimiz, lug‘atlar tuzishimiz kerak.

— Domla, Makmillan nashriyot uyi bilan ingliz tili bo‘yicha “English matters”, Oksford universiteti bilan “Fly high” maktab darsliklari yaratildi. Bu loyihalar o‘zbek-ingliz mutaxassislarining hamkorigi mevasidir. Lekin shunga qaramay, Rossiyada nashr etilayotgan N.Bonk, I.Vereщagina, O.Afanaseva muallifligidagi kitoblar hanuz bizning “til” bozorimizni ishg‘ol etishda davom etyapti. Mazmunan zamonaviy, milliy manfaatlar ham nazarda tutilgan bu darsliklarning istalgandek ommalashmayotgani sababi nimada?
— Rus tilida “lenost uma” —“aql, tafakkur tanballigi” degan tushuncha bor. Insonning o‘zi o‘rgangan, yillar davomida yod bo‘lib ketgan narsalardan voz kechishi — qiyin masala. Yangi narsaga o‘tish insondan birinchi navbatda fikrlashni, izlanishni, o‘z ustida ishlashni talab qiladi. O‘zini hurmat qilgan mutaxassis o‘z kasbiga sidqidildan yondashishi, zamonning talablarini ongli idrok etishi fuqarolik burchi hamdir. Bunday munosabat sohaning, jamiyatning rivojiga hissa qo‘shadi.

— Sir emas, mamlakatimizga o‘zbek tilini o‘rganish maqsadida tashrif buyurayotgan chet elliklarning soni yil sayin oshib bormoqda. Ular bir necha oy davomida bizning milliy tilimizni muvaffaqiyatli o‘zlashtiryaptilar. Lekin ming afsuski, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan rusiyzabon hamyurtlarimiz Davlat tilini ko‘ngildagidek bilmaydilar.
— Nazarimda, buning sababi yetarli nazoratning yo‘qligida. Nazorat bo‘lmagandan keyin, ehtiyoj ham yo‘q.

— 1947 yil tashkil topgan Educational Testing Service (ETS) —O‘quv-ta’limiy Testlash Xizmati ta’lim sohasida katta tadqiqotlar olib boruvchi, TOEIC, TOEFL (ona tilisi ingliz tili bo‘lmagan xorijliklar uchun ingliz tili testlari — I.N.) kabi pullik testlarni o‘tkazuvchi dunyodagi eng yirik xususiy tashkilotdir. ETS ijtimoiy mas’uliyat, adolat, imkoniyat, hamda sifatni o‘z qadriyatlari deb biladi. Uning faoliyati tufayli ingliz tili — sertifikatlangan til sifatida dunyoda obro‘li tillardan biriga aylangan.
— To‘g‘ri. Aytish kerakki, roman-german til guruhiga kiruvchi nemis, frantsuz tillari ham ingliz tili kabi sertifikatlangan. ETS 181 mamlakat bilan hamkorlik qiladi. Amerika, Kanada va qator Yevropa mamlakatlarida tahsil olishni istovchilar, albatta, TOEFL testlarini topshirgani haqida sertifikatga ega bo‘lishi kerak. Bu sertifikat insonga dunyo miqyosida keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

— Sertifikatning haqiqiylik muddati ikki yil deb belgilangani ham bejiz emas… Bu tilni yoyishning tazyiqsiz, madaniy shaklidir. Balki o‘zbek tilining nufuzini barqarorlashtirish maqsadida bizga ham shunday tashkilot, o‘zbek tili bo‘yicha sertifikat kerakdir…
— Men bu fikrni to‘la quvvatlayman. Bu kabi ishlar nafaqat o‘zbek tilini tanitishga, balki o‘zbek tilida savodxonlik masalalari, muammolarini ham hal qilishga yordam beradi, o‘zbek tili sertifikatlansa, unga tabiiy ehtiyoj tug‘iladi.

— Domla, rahmat.

Fikr, niyat moddiy asosga ega. Shuning uchun O‘zbek tilini sertifikatlashni amalga oshirish mumkinligiga, bu istiqbolli loyiha ekaniga umid va ishonch bor. O‘zbek tilini sertifikatlash uchun, nazarimizda, yana bir muhim jihat — o‘zbek tilshunoslari xorijiy tillarni mukammal bilishlari zarur. Bu o‘z navbatida mutaxassislarni tayyorlovchi oliy o‘quv yurtlarida aniq maqsadli ishlarni amalga oshirishni, o‘quv dasturlarini isloh qilishni talab qiladi. Gyotening so‘zlarini yana takror keltiramiz: “Xorijiy tilni bilmagan o‘z ona tilini ham bilmaydi”.

Iroda Narimonova suhbatlashdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 44-sonidan olindi.