Abduqahhor Ibrohimov: «Imonli inson to‘g‘ri yashaydi» (2008)

— Abduqahhor aka, inson uchun hurlikdan ko‘ra tansiq ne’mat bo‘lmasa kerak. Lekin ozodlik qadrini istibdod davrida yashaganlar boshqalardan ko‘ra ko‘proq biladi.
—Mening yarim asrdan ortiq umrim istibdod zamonasida kechdi. Shuning uchun ham u kunlar bilan bugunni solishtirib ko‘rishga kaminada imkoniyat bor. Zero, haqiqat taqqosda yaqqol ko‘zga tashlanadi. 1989 yili Toshkentning Yobu Nazir mahallasidagi Yahyoboy masjidida qandolatpazlik sexi ishlardi, Chig‘atoy (hozirgi Forobiy) ko‘chasidagi Mirodilboy masjidida kerosin sotilardi, To‘xtaboy jome masjidi ma’danli suvlar, pivo va shampan vinolari saqlanuvchi omborxona edi. Ko‘kaldosh madrasasi tashlandiq bo‘lib yotardi, Xoja Ahror Valiy jome’ masjidi xarobaga aylangan edi. Istiqlol arafasida poytaxtimizda bor-yo‘g‘i 17 ta jome’ masjid ishlardi.
Ayniqsa, taqqos uchun, Hastimom majmuasining istiqlolgacha va bugungi qiyofasi ibratli misol bo‘la oladi. Abu Bakr Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon, Mo‘yi Muboraq madrasalari va Tillashayx jome’ masjidi kabi obidalar orasiga qurib tashlangan choyxona, hovlilar va kinoteatr binosi majmua qiyofasiga ko‘lanka tashlab, yaxlitlikni buzib turardi. Istiqlol yillarida osori atiqalarga, dinimizga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi.
Prezident Islom Karimov 1991 yili “Xalq so‘zi” gazetasiga bergan suhbatida (1991 yil 18 dekabr) milliy urf-odatlar, o‘zbekona iftixor, axloqiy poklik, imon-e’tiqod, ma’rifatparvarlik, ma’naviy qadriyatlar, yuksak odamiylik fazilatlarini qaror toptirish masalalariga keng to‘xtalgan edi. O‘shanda dinga munosabat xususidagi savolga Yurtboshimiz buiday javob bergan edi: “Bugun ana shu din orqali vujudimizga musaffolik, dilimizga, inshoolloh, poklik kirib kelmoqda. Axloq-odob, ma’rifat yana xonadonlarimiz fayziga, odamlar xislatiga aylanishida Islomning o‘rni benihoya bo‘lmoqda. Biz kelgusida din oldidagi to‘siqlarni olib tashlaymiz”.
O‘shanda ba’zi kimsalar bu olijanob niyatning amalga oshishiga shubha bilan qarashgan. Lekin bugun biz o‘sha niyatning amalga oshganiga shohid bo‘lib turibmiz.
— Siz Toshkent farzandisiz-da. Istibdod va istiqlol davridagi ikki xil manzarani azim shahar misolida ko‘rsata qoldingiz. 2200 yilligi munosabati bilan poytaxtimizning o‘qilmagan ko‘p sahifalari o‘qila boshlandi. Siz nimalar haqida gapirishni istar edingiz?
— Ma’lumki, o‘z davrida shahrimizga sohibqiron Amir Temurning nazari tushgan edi. Bundan Toshkent ko‘p foyda ko‘rgan, qiyofasi yanada ko‘rkamlashgan. Sohibqiron 1394 yili Toshkentga kelganida Shayx Zayniddin bobo mozorini ziyorat qilib, maqbarasini ta’mirlatadi. Shuningdek, Kalonxona mahallasida bir jome’ masjid qurdiradi. Bu masjid hozirgacha saqlangan, aholi uni “Aziz avliyo jome masjidi” deb ataydi. Masjid xonaqohi kattagina, devorining qalinligi ikki metrdan ortiq bo‘lgani uchun mahalla nomi ham «Kalonxona» deb atalgan. Bu mahalla Eski Jo‘va dehqon bozorining shimol tomonida joylashgan.
Sohibqiron o‘sha tashriflari chog‘ida Suzuk ota qabrini ham ziyorat qilib, qabr ustiga maqbara qurishga, uning yaqinida bir jome’ masjid qurishga amr etadi. O‘n to‘rtinchi asrning oxiriga oid bu maqbara va masjid Suzuk ota mahallasida. Suzuk ota tarixiy shaxs, Xoja Ahmad Yassaviyning jiyani bo‘lgan. Asl ismi Mustafoqul, ko‘zlari suzuk bo‘lgani uchun Ahmad Yassaviy uni “suzugim” deb erkalar ekanlar. Bu jome’ xonaqohi Toshkentdagi ko‘hna masjidlar xonaqohlari orasida eng katta hisoblanadi. Rus muallifi A Dobrosmislovning 1912 yilda Toshkentda chop etilgan “Tashkent v proshlom i nastoyaщem” kitobida yozilishicha, 1911 yili Toshkentning Eski shahar qismida 333 ta, yangi shahar qismida 16 ta masjid bo‘lgan. 26 ta madrasa ishlagan. Ularning ko‘pchiligi sovetlar zamonida buzib tashlangan. Endilikda o‘sha 26 madrasadan uchtasi — Ko‘kaldosh, Baroqxon va Abulqosim madrasalari bor. Hozir ishlab turgan Suzuk ota, hazrati Ukkosha, Hofizko‘y, Yahyoboy, To‘xtaboy, Tillashayx va shu kabi ko‘hna masjidlar tarixini yozib qoldirilsa, bugungi va kelgusi o‘quvchilar uchun asqotadi.
— Abduqahhor aka, sizningcha, ziyolilarimiz ayni paytda nimalarga alohida e’tibor qaratishlari kerak?
— Nazarimda, eng oldin befarq bo‘lmaslikka e’tibor qaratishimiz zarur. Birovning tashvishini zarracha bo‘lsa-da mening ham tashvishim deb hisoblashimiz kerak.
Ikkinchidan, e’tiqodli bo‘lishga e’tibor qaratishimiz zarur. E’tiqodli odam to‘g‘ri yashaydi, e’tiqodsiz kimsa qanday yo‘llar va usullar bilan bo‘lmasin, yashab qolishga intiladi. E’tiqod o‘z tabiatiga ko‘ra jur’atli, mard va fidoyi bo‘lishni taqozo qiladi. Shunga binoan uning zamini imon, qanoti maslakdir.
Maslakli kishida burd, subut, lafz bo‘ladi, uning irodasi ham kuchlidir. Umuman, e’tiqod, maslak va iroda bir-biriga bog‘liq va bir-birini to‘ldiruvchi insoniy fazilatlardir.
— Kuzatishimcha, keyingi yillarda ijodingizda ma’rifiy yo‘nalish kuchaymoqda. So‘nggi yillarda yozgan asarlaringiz haqida to‘xtalsangiz?
— Bajonidil. Isxiqlol epkini sal-pal esa boshlagan 1988 yili yozilgan “Nekrolog” (“Puch”) tragikomediyamda ilk bor madrasa mudarrisi Xonqaro hazratlarining obrazi yaratilgan edi (bu pesa o‘sha yili Hamza nomidagi teatrda sahnalapggirilgan). Shundan keyin yaratilgan bir qator kitoblarimda ham ma’rifiy mavzu yetakchi bo‘ldi. Istiqlol yillari qalamga olingan “Vatan tuyg‘usi” (hamkorlikda), “Uyqu kelmas kechalar” (roman), “Bizkim, o‘zbeklar.,.”, “Millat ovozi”, “E’tiqodga baxshida umr”, “Mangulik yo‘llarida”, “Davlatning salobati…”, “Ma’mun akademiyasi”, “Yorug‘lug‘”, “O‘zbek mahallasi”, “Hastimom xotiralari” kitoblarim shular jumlasidandir.
Kezi keldi shekilli, shuni eslatib o‘tay, o‘tgan asr to‘qsoninchi yillari boshlarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tanlov o‘tkazilgan, kamina ham o‘sha tanlov g‘oliblaridan biri bo‘lgan edim. Shunday tadbir yana amalga oshirilsa yaxshi bo‘lardi.
— Hozir qanday asarlar yozyapsiz?
— Uchga janrda qalam tebrataman: nasr, dramaturgiya va publisistika. “Yoshlar yili” munosabati bilan Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi topshirig‘iga binoan “Olqish” degan ikki pardali pesa yozdim. Bu pesa “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashida ijobiy baholanib, “O‘zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasiga asarni sahnalashtirishga tavsiya qilindi. “Tusmol” degan satirik komediyam Milliy teatrimiz badiiy kengashida ma’qul ko‘rilib, sahnalashtirish uchun qabul qilindi. “Ziyorat” degan yangi kitobim yaqin kunlarda o‘quvchilar qo‘liga yetib borib qolar. Ziyorat degani nurlanish, ziyo olish deganidir. Ulug‘ odamlarni ko‘rib, duosini olish, ibodat qilish va kitob o‘qishdan inson nurlanadi, nuroniy bo‘ladi.
…Orzularim ko‘p.
Vafo Fayzulloh suhbatlashdi.
«Hidoyat» jurnalining 2008-yil 7-sonidan olindi.