Tesha Zohidov (1906-1981)

Zohidov Tesha Zohidovich (1906.10.5, Qo‘qon — 1981.22.8, Toshkent) — O‘zbekistonda zoologiya fani tashkilotchilaridan biri, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1952), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi (1947), biologiya fanlari doktori (1948), professor (1949).

O‘rta Osiyo universitetini tugatgan (1931). Shu universitet rektori (1932, 1941, 1950-51). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya va parazitologiya instituti direktori (1946-50), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti (1952-56).

Asosiy ishlari umurtqali hayvonlarni o‘rganishga, zoologiya fanini targ‘ibot qilishga bag‘ishlangan. Qizilqum umurtqali hayvonlarining faunistik tarkibi va ekologiyasini o‘rgangan. «Zoologiya entsiklopediyasi» (1—4-jildlar, T., 1957—79) asari uchun Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati unvoniga sazovor bo‘lgan (1971).