Sirojiddin Sayyid (1958)

Sirojiddin Sayyid 1958 yil 30 oktyabrda Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanidagi Kundajuvoz qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (2006). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1979).

«Toshkent oqshomi» (1980—89), «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» (1989—90; 1991—96) gazetalari va «Mushtum» jurnalida (1990—91) adabiy xodim, bo‘lim mudiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshkaruvida rais o‘rinbosari (2001—03), birinchi o‘rinbosari (2003 yildan).

Ilk she’rlar to‘plami — «Ruhim xaritasi» (1985). Shundan keyin uning «Salqin xarsanglar kaftida» (1987), «Sevgi mamlakati» (1989), «Asragil», «Mehr qolur, muhabbat qolur» (1990), «Kuydim» (1994), «Vatanni o‘rganish» (1996), «Vatan abadiy» (2001), «Ustimizdan o‘tgan oylar» (2003), «Qaldirg‘ochlarga ber ayvonlaringni» (200) va boshqa to‘plamlari nashr etilgan.

Sirojiddin Sayyid she’riyatida o‘zbek mumtoz she’riyati an’analari bilan birga xalq og‘zaki ijodiga xos xususiyatlar — xalqchillik, soddalik, tilning shiraligi, Surxondaryo shevasiga xos leksik va musiqiy tovlanishlar yetakchilik qiladi. Shuning uchun uning aksariyat she’rlari ashulaga aylangan. Ayni paytda Sirojiddin Sayyid o‘z ijodida o‘zbek she’riyatining so‘nggi badiiy yutuqlarini o‘zlashtirgan holda hoz. voqelikda va kishilarning ruhiy olamida yuz berayotgan o‘zgarishlarni aks ettirilgan.

A. Voznesenskiyning «Mangu rizq» (1990) asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan (1999).