Said Ahmad (1920-2007)

O‘zbek nasrining peshqadam arboblaridan biri Said Ahmad Husanxo‘jayev 1920 yil 10 iyunda Toshkentning Samarqand darvoza mahallasida dunyoga keldi. 1939 yili o‘rta maktabni, 1943 yili esa oliy o‘quv yurtini tugatdi. Adabiyot darslari va to‘garaklarida ijodga bo‘lgan havasi ortib, qo‘liga qalam ushlagan. Vaqtli matbuot esa uning ijod dorilfununi bo‘lgan.

Said Ahmad dastlab «Mushtum» jurnalida, Radio komitetida (1942—1943), «Qizil O‘zbekiston» gazetasi (1943—1947), «Sharq yulduzi» jurnalida (1948—1950) ishlagan.

Uning birinchi hikoyalar to‘plami «Tortiq» 1940 yilda nashr etiladi.

Urush va urushdan so‘nggi yillarda Said Ahmad ko‘plab fel’eton, ocherk va hikoyalar yozgan. Uning «Er yurak» (1942), «Farg‘ona hikoyalari» (1948), «Muhabbat» (1949) kabi to‘plamlari nashr etilgan. U «Xazina», «Hayqiriq», «Rahmat, azizlarim» kabi hikoyalarida Ikkinchi jahon urushining dahshatli oqibatlarini hayajonli tasvirlaydi, urush qahramonlarini ulug‘laydi.

Adib hikoyalarida Oybekning psixologik tasvir mahorati, G‘afur G‘ulom yumori, Abdulla Qahhor bayonidagi lakonizmi mujassamdir.

Said Ahmadning barcha hikoyalari zamonaviy mavzuda yozilgan. U hikoyalarida tasvirlaydigan har bir voqeadan falsafiy umumlashma chiqarishga, voqealarni lirik ta’sirchanlik bilan ifodalashga, badiiy tasvirlarning xilma-xilligiga erishishga intiladi. «Cho‘l burguti», «O‘rik domla», «Lochin», «Odam va bo‘ri», «Bo‘ston», «To‘yboshi» kabi qator asarlari Said Ahmad ijodida ham, o‘zbek nasrida ham yangilik bo‘lgan. Adib hikoyalarining bosh qahramoni ichki dunyosi boy zamondoshlarimizdir. Yozuvchi «Tog‘ afsonasi», «Zumrad», «Muhabbatning tug‘ilishi», «Ko‘zlaringda o‘t bor edi», «Poyqadam», «Alla», «Iqbol chiroqlari» asarlarida hayotiy xarakterlar yaratgan.

Said Ahmad o‘zining hajviy hikoyalarida taraqqiyo-timizga to‘siq bo‘layotgan yaramas urf-odatlar ustidan kuladi, muhim ma’naviy masalalarni o‘rtaga qo‘yadi. Uning «Xanka va Tanka», «Lampa shisha» kabi o‘nlab hajviyalari fikrimizning dalilidir.

Said Ahmad kichik hajviy asarlari bilan o‘zbek radio va televideniyesida quvnoq miniatyuralar teatriga asos solgan.

Said Ahmad hikoyalardan asta-sekin yirik polotnolar yaratishga o‘tdi. 1949 yilda chop etilgan «Qadrdon dalalar» va «Hukm» (1958) qissalaridan keyin yaratgan «Ufq» romanida (1964) Ikkinchi jahon urushining olovli yillarida o‘zbek dehqonlarining front orqasida ko‘rsatgan mehnat qahramonliklarini hikoya qildi. «Ufq» trilogiya bo‘lib, yozuvchi unda urushdan oldingi va keyingi davr muammolari haqida bahs yuritadi. «Jimjitlik» (1988) romanida esa turg‘unlik davri illatlarini fosh etishga intiladi.

So‘nggi yillarda uning «Xandon pista» (1994), «Bir o‘pichning bahosi» (1995) kabi hajviy hikoyalar to‘plamlari chop etildi. Shuningdek, u Oybek, G‘. G‘ulom, A. Qahhor, M. Shayxzoda, Shuhrat, Mirtemir va S. Zunnunovalar haqida xotira ocherklari yaratgan bo‘lib, ular to‘plam holida nashr etildi.

S. Ahmad dramaturg sifatida ham tanilgan. U «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Kuyov» kabi sahna asarlarining muallifidir.

Said Ahmad ham qatag‘on davrining ikkinchi to‘lqiniga duchor bo‘lgan, lager azoblarini tortgan ijodkordir.