Sadriddin Salim Buxoriy (1946-2010)

Sadriddin Salim Buxoriy (Sadriddin Salimov) 1946 yil 16 sentyabrda Buxoro shahridagi Cho‘pboz guzarida tug‘ilgan. Buxoro pedagogika institutining nemis tili fakultetini tamomlagan (1972), uzoq yillar ushbu dargohda yoshlarga saboq bergan.

«Oqqushim», «Erka qushim» (1979), «Yorug‘lik odami» (1983), «Ro‘molcha» (1988), «Buxoroga Buxoro keldi» (1999), «Durdonalar» (2005) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Bir nechta tarixiy-ma’rifiy kitoblar ham yozgan («Bahouddin Naqshband yoki yetti pir», 1993; «Uch avliyo», 2000; «Hazrat Abu Kafs Kabir», 2006; «Ikki yuz yetmish yetti pir», 2006; «Hazrat Bahouddin Naqshband», 2006; «Hazrat Ka’bul Axbor Valiy», 2007 va boshqa).

U besh qismdan iborat “Imom al Buxoriy” televideofilmi, “Abu Xafs Kabir”, “Hojai Jahon” telefilmlari stsenariysi muallifi. U Gyotening “G‘arbu Sharq devoni” kitobini olmon tilidan, Xoja Orif Revgariyning “Orifnoma”, Muhammad Boqirning “Maqomati Shohi Naqshband”, Hoja Shahobiddinning “Maqomati Sayid Mir Kulol” kitoblarini fors-tojik tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

«Mehnat shuhrati» ordeni (1999) va «Fidokorona xizmatlari uchun» (2005) ordeni bilan mukofotlangan.

Sadriddin Salim Buxoriy 2010 yilning fevral oyida vafot etgan.