Qudrat Hikmat (1925-1968)

Qudrat Hikmat (1925 – Toshkent — 1968.10.4) — bolalar shoiri. Toshkent Pedagogika instituti kechki bo‘limini tugatgan (1957). «Lenin uchquni», «Yosh leninchi» gazetalarida adabiy xodim (1950—53), Badiiy adabiyot va san’at nashriyotida bo‘lim mudiri (1960—68) bo‘lib ishlagan. 1947 yildan boshlab mashhur baxshi Islom shoir Nazar o‘g‘liga adabiy kotib bo‘lib xizmat qilgan.

Dastlabki she’riy to‘plami — «Mening Vatanim» (1950). «Baxtli bolalar» (1951), «Obodlik» (1953), «Do‘stlik» (1954). «Uch o‘rtoqning sovgasi» (1957), «Nevara mehri», «Chirchiq farzandi» (1961), «Alisher va kitob» (1962), «Ilonshoh va uning amaldori ari haqida ertak» (1963), «Soatjonning soati» (1964), «Toshbaqalar hujumi» (1965), «Shamol botir» (1966), «Daydi bola», «O‘g‘lim bilan suhbat» (1970), «Olmos mening yuragim» (1983), «Mening yuragim» (1986) va boshqa to‘plamlarga kirgan she’r, ertak va dostonlari Ona-vatan madhi, tabiat va fasllar tasviri, bolalar hayoti hamda ta’lim-tarbiya muammolariga bag‘ishlangan.

Qudrat Hikmatning vatan madhidagi «Mening Vatanim», tabiat va fasllar tasviridagi «Bu qaysi fasl?», «Tog‘ manzarasi», «Ertalab», Yangi yil ta’rifidagi «Yasha, Yangi yil», «Biz ekkan archa», xalq og‘zaki ijodidagi o‘yin qo‘shiqlari asosida yaratgan «Oq terakmi, ko‘k terak?», «Chillak o‘yini» singari she’rlari ifodasining soddaligi, serbo‘yoq va yorqin manzaralar yaratilganligi bilan ajralib turadi. Qudrat Hikmat tug‘ma bolalar shoiri sifatida o‘zbek bolalar she’riyatiga yangi badiiy tovlanishlarni olib kirgan, uning vazn, band, qofiya tizimini bolalar ruhiyatidan kelib chiqqan holda isloh etgan.

V.Mayakovskiy, S.Marshak, S.Mixalkov, A.Surkov, M.Bajan, A.Barto va boshqalarning bolalarga atalgan she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.