Ne’mat Aminov (1937-2005)

Ne’mat Aminov (1937.17.7, Buxoro viloyati Romitan tumani – 2005) — hajvchi yozuvchi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1992).

Buxoro pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini tamomlagan (1959). Viloyat radioeshittirish qo‘mitasida muharrir va bosh muharrir (1961-73), «Mushtum» jurnalida mas’ul kotib, bosh muharrir (1973-95), «Sharq yulduzi» jurnali bosh muharrir o‘rinbosari (1989-91), respublika «Ma’naviyat va ma’rifat» jamoatchilik markazi rahbari (1995-99) bo‘lib ishlagan.

Birinchi hajviy hikoyalar to‘plami — «Ikki pullik obro‘» 1966 yilda nashr etilgan. So‘ng «Qirq uchinchi pochcha» (1970), «Labihovuz xandalari» (1973), «Chinorlar qo‘shig‘i» (1984), «Elkasiz polvon» (1986), «O‘g‘ri mushukcha» (1987), «Qahqaha» (1987), «Yallama-yorim» (1988), «Cholbolaning ertaklari» (1990) va boshqa hajviy to‘plamlari z’lon qilingan.

1976—83 ylarda «Elvizak» va «Suvarak» qissalari asosida «Yolg‘onchi farishtalar yoxud yelvizakfe’l va suvarakmijoz Bashirjon Zaynishev hayotidan» hajviy romanini yaratdi. Uning hajvchilik ijodi adabiyotda o‘ziga xos milliy bo‘yoqlarga boyligi bilan ajralib turadi. Uning ijodiga xos xalqchillik «Bir asr hikoyati» (1996) asarida namoyon bo‘ldi. Ne’mat Aminov otasidan eshitgan voqealar va hikmatlar silsilasi asosida donishmand Sharq kishisining ajoyib obrazini yaratdi.

Ne’mat Aminov asarlari bir qancha xorijiy tillarga tarjima qilingan. «Mehnat shuhrati» ordeni b-n mukofotlangan (1999).