Mulla To‘ychi Toshmuhammedov (1868-1943)

O‘zbek qo‘shiqchilik san’atida o‘zidan o‘chmas iz qoldirgan mashhur hofiz Mulla To‘ychi Toshmuhammedov Toshkent shahrining «Gulbozor» mahallasida bo‘zchi oilasida tavallud topgan. Dastlab Abdulla Qori maktabida tahsil olgan va islomiy ilmlar bilan bir qatorda Hofiz, Navoiy, Mashrab, Bedil, Fuzuliy kabi mumtoz shoirlarning ijodi bilan yaqindan tanishib, ularning g‘azallari bilan ashulalar ijro etgan.

To‘ychi hofiz yoshligidan amakisi Qo‘chqor otadan ashula aytish sirlarini o‘rgangan. So‘ngra ustozi Ubaydullo Andalibdan qo‘shiq aytish sirlarini o‘rgangan. Asta sekin Toshkent hofizlarini nazariga tusha boshlaydi. Shobarot tanburchi, Shojalil hofiz, Muhammad Umar, Abduqahhor va Nazirxon hofizlar bilan birga ijod qilgan. Ular bilan hamnafaslikda «Qo‘shiq bazmi» kechalarini tashkil etgan.

Zamondosh shoirlar Kamiy, Miskin, Xislatlar bilan hamkorlikda ijod qilib, ular ishtirokidagi yig‘inlarda qatnashgan va Buxoro, Samarkand, Qo‘qon, Andijon, Marg‘ilon shaharlariga ham borib ashula yo‘llarini o‘rgangan, o‘ziga xos ashulachilik uslubini yaratdi. Shoir Xislat Mulla To‘ychi hofizga atab «Armug‘oniy Xislat» devonini tuzgan. Ushbu devondagi barcha g‘azallar hofiz tomonidan ijro etilgan.

Dastlabki repertuaridan «Ey dastai gul, marhabo», «Fig‘on», «Shitob aylab» kabi ashulalar o‘rin olgan. Shojalil hofiz, Shobarot tanburchi jo‘rligida «Shahnoz-Gulyor» ashulalar turkumi To‘ychi hofizga shuhrat keltirgan (1890). Keyinchalik uning dovrug‘i Turkiston o‘lkasining hamma shaharlariga taralgan.

To‘ychi Hofiz o‘zi ijro etgan ashulalarni birinchilar qatori gramplastinkaga yozdirgan, «Grammofon» jamiyatining «Pishuhiy Amur» firmasi (Riga, 1905; Skobelev, 1911) undan 25 ta ashula, jumladan, «Ilg‘or», «Xisrav», «Suvora» (uchalasi ham 2 qismli), «Bobo Ravshan», «Yangi kurd», «Avji kurd» va boshqani yozib olgan. To‘ychi Hofiz 1908—10 yillarda Farg‘ona vodiysidan bo‘lgan Adolatxon, Mozidaxon kabi ayol xonandalar ijrosidagi qo‘shiqlarni ham birinchi marta gramplastinkaga yozdirgan. Uning tashabbusi bilan Andijon, Farg‘ona, Xo‘jand va boshqa shaharlarda grammofon va plastinka do‘konlari tashkil etilib (1906—12), ularda o‘zbek, rus va boshqa tillarda kuy, qo‘shiq va ashulalari yozilgan plastinkalar sotilgan.

To‘ychi Hofiz Eron, Turkiya, Italiya, Misr, Hindiston (1900)da va Sharqiy Turkiston (1913—14) sh.larida bo‘lib, o‘z ijrochilik mahoratini namoyish qilgan. O‘zbekistonda mahalliy xalq musiqa ansambllari tashkil etishda, 1920 yillarda sahnalashtirilgan «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» spektakllariga musiqa tanlashda faol ishtirok etgan. 1927 yildan umrining oxirigacha O‘zbekiston Radioqo‘mitasi o‘zbek xalq cholg‘u ansamblida ustoz xonanda, shuningdek, O‘zbek davlat filarmoniyasining yetakchi xonandasi bo‘lgan.

To‘ychi Hofiz aytgan o‘zbek mumtoz ashulalari — «Bayot», «Fig‘on», «Ushshoq», «Segoh», «Girya», «Ilg‘or», «Suvora», «Chorgoh», «Ko‘cha bog‘i», «Taronai Dugoh» («Dugohi Xusayniy» turkumining taronasi) va boshqa o‘zbek musiqa madaniyatida muhim o‘rin tutadi. To‘ychi Hofiz ashulalari talqin etilishi, jumlalarining maromiga yetkazib aytilishi, qochirimlarga boyligi, o‘zbek musiqa an’anasidagi mumtoz ijro uslubi, ovozning kuchliligi bn o‘ziga xosdir. Ayniqsa, noyob zebolik bilan Navoiy g‘azali («Qaro ko‘zum»)ga ijro etgan «Ushshoq» hofizlik san’ati yuksak namunasiga aylangan. To‘ychi Hofiz Moskvada o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi (1923) va O‘zbek san’ati dekadasi qatnashchisi (1937).

Ittifoq radioqo‘mitasi To‘ychi Hofizdan «Bayot» va «Ushshoq»ni (1937), San’atshunoslik inti (V. A. Uspenskiy) «Chorgoh», «Bayot», «Ko‘cha bog‘i», «Suvora» va boshqalarni yozib olgan.

Sh. Shoumarov, Yunus va Rixsi Rajabiylar, K. Zokirov, B. Mirzayev va boshqalar To‘ychi Hofiz ijrochilik an’analarining davomchilaridir. Toshkent gramplastinkalar zdi va Qashqadaryo viloyati musiqali drama va komediya teatriga To‘ychi Hofiz nomi berilgan. 1927 yili O‘zbekiston xalq hofizi unvoni, vafotidan so‘ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2000).