Mashrab Boboyev (1941-2003)

Taniqli shoir va dramaturg Mashrab Boboyev 1941 yilda Samarqand viloyatining Poyariq tumanida tug‘ilgan. 1956 yilda o‘rta maktabni bitirgach, avval jamoa xo‘jaligida, keyin qishloq kutubxonasida ishladi. 1960-1965 yillarda Toshkent Teatr va rassomlik san’ati institutining aktyorlik fakultetida tahsil ko‘rdi. Respublika xalq ijodiyoti uyida uslubchi, Samarqand viloyat xalq ijodiyoti uyining direktori, “Yosh gvardiya” (hozirgi “Yangi asr avlodi”) va G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotlarda muharrir bo‘lib ishladi. Respublika radiosi “Sharq yulduzi” jurnali, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida faoliyat ko‘rsatdi. Teatrlarda adabiy emakdoshlik qildi. Madaniyat ishlari vazirligida repertuar bo‘limi mudiri, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tarjima tahririyatining bosh muharriri bo‘lib ishladi.

Mashrab Boboyev adib sifatida 60-yillardan boshlab matbuotda ko‘rina boshlagan. Uning «Onamga xat» (1971), «Bahor kayfiyati» (1974), «Paxtam mening — baxtim mening» 1975), «Gurung» (1975), «Kechki trolleybus» (1977), «Bag‘ishlov» (1978), «Olisdagi chiroq» (1980), «So‘z» (1982), «Men bilgan sir» (1990), «Qani mening yulduzim?» (1991), «Nomsiz yulduzlar» (1991) kabi o‘nlab kitoblari nashr bo‘lgan. Shuningdek, u «O‘ttiz yoshlilar», «Er tomiri», «Toshkentdan kelgan mehmon» («Gurung»), «Tunis prezidenti» («Mushkul savdo»), «Bizning hovli» («Onaizor»), «O‘z uyingdasan», «Qani mening yulduzim?», «Suyanch tog‘lari» kabi bir qator sahna asarlari yozib, tomoshabinlar e’tiborini tortgan.

Mashrab Boboyevning «Iroda», «Sevgi nidosi» («Alisher Navoiyning «Sab’ai sayyor» dostoni asosida milliy balet) hamda «Ko‘ngil ko‘chalari» deb atalgan ko‘p qismli videofilmlari namoyish etilgan.

Mashrab Boboyev mohir tarjimon ham edi. U A.Pushkin, R.Hamzatov va boshqa shoirlarning she’rlarini, V. Katayevning «Xayol chechaklari» romani, Muin Bsisuning «Tashrif qog‘ozi», Otar Chiladzening «Rangin dunyo» she’riy kitobi va yigirmadan ortiq dramatik asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Mashrab Boboyevning 1995 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan. 2003 yil 23 iyulda Toshkent shahrida vafot etgan.