Maqsud Shayxzoda (1908-1967)

O‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri, mashhur shoir, zabardast dramaturg, adabiyotshunos olim va tarjimon Maqsud Shayxzoda 1908 yil 25 oktyabrda Ozarboyjonning Oqdosh shahrida tavallud topti. Boshlang‘ich va o‘rta ma’lumotni Oqdoshda olgach, Boku Oliy pedagogika institutida sirtdan o‘qidi va 1925 yildan boshlab Derkend shahrida muallimlik bilan shug‘ullandi.

Shayxzoda 1928 yilda Toshkentga kelib, turli gazeta va jurnallar muharririyatlarida, 1935—1938 yillarda esa Fanlar Qo‘mitasi qoshidagi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, 1938 yildan to umrining so‘ngiga qadar Nizomiy nomli Toshkent Davlat pedagogika institutining o‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasida dotsent vazifasida xizmat qilib, yuqori malakali kadrlar tayyorladi. Shoirning adabiy faoliyati 1929 yildan boshlandi. Uning «O‘n she’r» (1932), «Undoshlarim» (1933), «Uchinchi kitob» (1934), «Jumhuriyat» (1935) to‘plamlarining nashr etilishi adabiyotga o‘ziga xos ovozli shoir kirib kelayotganidan darak berdi.

Urush yillarida shoir butun ijodiy quvvatini, qalb haroratini dushman ustidan g‘alaba qozonishga safarbar etdi. Urushning birinchi kunlaridanoq jang qahramonlarini ulug‘lovchi, front orqasidagi kishilarning fidokorona mehnatini ifodalovchi «Kurash nechun» (1941), «Jang va qo‘shiq» (1942), «Kapitan Gastello» (1941), «Ko‘ngil deydiki…» kabi she’riy to‘plamlari, «Jaloliddin Manguberdi» (1944) tarixiy dramasi va boshqa qator publitsistik asarlarini yaratdi.

Urushdan keyini tinch qurilish yillarida qatag‘onlik jabrini tortgan bo‘lsa ham, o‘z el-yurtiga fidoiy shoir Vatanimiz bo‘ylab keng quloch yozgan zafarli mehnat, tinchlik uchun kurash haqida «O‘n besh yilning daftari», «Olqishlarim», «Zamon torlari», «Shu’la», «Chorak asr devoni» kabi she’riy to‘plamlarini yaratdi.

1958 yili adibning ko‘hna va ayni chog‘da navqiron Toshkent shahriga bag‘ishlangan, uning tarixi, o‘tmishdagi madaniyat va xalqaro aloqalarini tasvirlovchi «Toshkentnoma» lirik dostoni yaratildi. Iste’dodli dramaturg 1960 yilda yozgan «Mirzo Ulug‘bek» tragediyasida buyuk o‘zbek munajjimi va ma’rifatparvar podshosi obrazini yaratdi. Shayxzoda Pushkinning «Mis chavandoz», Lermontovning «Kavkaz asiri», Mayakovskiyning «Juda soz» dostonlari va ko‘plab she’rlarini, Shekspirning «Hamlet», «Romeo va Juletta» tragediyalari va sonetlarini, Nozim Hikmatning she’rlarini, ozarboyjon shoirlari asarlarini o‘zbek tiliga ag‘dardi. Shayxzodaning o‘zbek adabiyoti tarixi, o‘zbek xalq og‘zaki ijodiyoti, xususan, Alisher Navoiy ijodini tadqiq etish borasida yaratgan ilmiy ishlari ham tahsinga sazovordir. U filologiya fanlari nomzodi, dotsent ham edi.

Shayxzoda asarlari qardosh xalqlar va xorijiy tillarga tarjima qilingan. Shoir tarjima jarayonida qardosh xalqlar va jahon adabiyoti namoyondalarining mahorat maktabidan ta’lim olib, ilg‘or an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan she’rlar yozgan.

Shayxzoda 1967 yil 19 fevralda vafot etdi. U Toshkentning Forobiy qabristonida dafn etilgan.