Jumaniyoz Jabborov (1930-2010)

Jumaniyoz Jabborov (1930.25.10, Koson tumani – 2010.13.12, Toshkent) — O‘zbekiston xalq shoiri (1997). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1980).

ToshDU filologiya fakultetini tugatgan (1952). «Sharq yulduzi» jurnalida bo‘lim mudiri, mas’ul kotib (1953—62), «Gulxan» jurnali bosh muharriri (1962—64), Respublika gazetasi («Sovet O‘zbekistoni»)da bo‘lim mudiri (1964—67), bosh muharrir o‘rinbosari (1967—76), ma’muriy tashkilotda sho‘ba mudiri (1976—81), G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida direktor (1981—85), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida tarjima kengashining maslahatchisi (1985—90), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Adabiyot, san’at va me’morchilik sohasida O‘zbekiston Davlat mukofotlari qo‘mitasida mas’ul kotib (1990 yildan) bo‘lib ishlagan.

«Bahor nafasi» (1956), «Maqsad yo‘lida» (1958), «Subhidam xayollari» (1964), «Sahro sanami» (1967), «Lirika» (1970), «Ilhom daqiqalari» (1971), «Dostonlar» (1974), «E’tiqod» (1978), «Xayolimda o‘zing» (1985), «Ko‘nglim go‘zali» (1991) va boshqa to‘plamlariga kirgan she’r va dostonlarida yurtga muhabbat, inson qalbi va ma’naviy olamini teranroq aks ettirishga intilish, hayot sevarlik g‘oyalari badiy ifodalangan.

«Ajab dunyo — sevgi dunyosi» (1996) to‘plamidan 100 dan ortiq g‘azallar o‘rin olgan. Uning she’rlari falsafiyligi, voqelikka faol munosabat bilan ajralib tursa, g‘azallari obrazlarning tiniqligi, o‘ynoqiligi bilan o‘ziga xosdir. «Guljahon va Hasanjon» (1967), «Sahro gullari» (1976), «Tog‘dagi uchrashuv» (1986) to‘plamlari bolalarga bag‘ishlangan.

Jumaniyoz Jabborovning «Gulshan» (1957) dostonida muhabbat va sadoqat mavzui asosiy o‘rin tutadi. «Tog‘lar sadosi» (1961) va «Yo‘ldagi o‘ylar» (1968) dostonlari yaxshilik b-n yomonlik o‘rtasidagi azaliy kurash, adabiyot va san’atning inson hayotida tutgan o‘rni haqida. «Ona-er qo‘shig‘i» (1962), «20 kun daftari» (1967), «Sohillar hikoyasi» (1974) kabi nasriy asarlari nashr etilgan. «Tallimarjon dostoni» (1976), «Quyosh yurti» (1981) she’riy asarlari mazmunan o‘zaro bog‘liq bo‘lib, Qarshi cho‘li manzaralari, ona yurtga muhabbat tuyg‘ulari ulug‘langan. «O‘jarlar» (1973), «Yillar o‘tib…» (1977), «To‘ydan oldin tomosha» (1979), «Mening oppoq kabutarlarim» (1991), «Neksiya» (2007) dramatik asarlarida inson erki, baxti, oilaviy turmush muammolari yoritilgan.

Jumaniyoz Jabborov R. Tagorning «Qurbonlik» dramasini, Hofiz Sheroziy, Ubayd Zokoniy, Bayron, Yu. Lermontov, A. Blok va boshqalarning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Dramatik asarlari asosan Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali teatrida va viloyat teatrlarida, shuningdek, tojik, qirg‘iz, qozoq teatrlarida ham sahnalashtirilgan. Alisher Navoiy nomidagi Katta akademik teatrda sahnalashtirilgan.