Homil Yoqubov (1907-1998)

Yoqubov Homil Islomovich (1907.14.9 — Toshkent — 1998.3.2) — adabiyotshunos, adabiy tanqidchi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1968), filologiya fanlari doktori (1967), professor (1970).

Leningrad davlat pedagogika institutida o‘qigan (1926—27), O‘rta Osiyo Rejalashtirish-iqtisod institutini tugatgan (1932). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, direktor o‘rinbosari, bo‘lim boshlig‘i, professor-maslahatchi (1934—97). Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1934—35; 1944—45), Toshkent kechki pedagogika inti (1939—42) hamda O‘rta Osiyo davlat universitetida dars bergan (1948-51; 1956-59).

Homil Yoqubovning adabiy-tanqidchilik faoliyati 30-yillardan boshlangan. «Hamid Olimjonning ijodiy yo‘li» (1936), «Zahiriddin Muhammad Bobur» (1940), «A. Qahhor novellalari» (1946), «G‘afur G‘ulom» (1959), «Oybek» (1959), «Adibning mahorati» (1966) kabi maqola va monografiyalari o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining muhim masalalariga bag‘ishlangan. Maktablar uchun adabiyot darsliklari, xrestomatiya va o‘quv dasturlarini tuzish va nashr ettirishda faol qatnashgan.

Homil Yoqubovning bevosita ilmiy rahbarligi va ishtirokida hozirgi zamon o‘zbek adabiyoti tarixiga oid 2 jildli (1961 — 62) va ruscha nashri — 1 jildli (M., 1967) ocherklar to‘plamlari hamda hozirgi o‘zbek adabiyotining ko‘p jildli tarixlari nashr etilgan. Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1970).