Hoji Muin (1883-1942)

O‘tgan asrning boshida Vatan ozodligi, xalqning ma’rifati, millatning taraqqiysi uchun kurashgan ilg‘or ma’rifatparvar ziyolilarning safida Hoji Muin Shukrullo o‘g‘li ham bor edi. Hoji Muin 1883 yil 19 martda Samarqandda tug‘ilgan. Otasi Shukrullo savdogar bo‘lib, 32 yoshida vafot etadi. O‘n ikki yoshida ham ota, ham onasidan ayrilgan Hoji Muin Ruhobod guzarining masjid imomi bo‘lgan bobosi Mirsaid Sharif o‘g‘li tarbiyasida qoladi.  Bu davrda uning xat-savodi chiqib bo‘lgan, bobosi tarbiyasida arab tili qoidalarini va diniy ilmlarni o‘rgana boshlagan edi.

O‘z davrining taniqli ziyolilaridan bo‘lgan Sayidahmad Vasliy bilan tanishgandan (1900 yili) keyin bu bilimlarni mukammallashtirishga imkoniyat tug‘ildi. Vasliy unga arab tili qoidalarini o‘rgatibgina qolmay, balki she’riyatga bo‘lgan muhabbatini ham kuchaytirdi, shu bilan birga, uni o‘z davrining ma’rifatparvarlari davrasiga olib kirdi. Hoji Muin 1901 yili eski maktabda muallimlik faoliyatini boshlaydi. Bu sohadagi muayyan tajribalar natijasida va, albatta, Abduqodir Shakuriyning maktabi ta’sirida 1903 yili Xo‘ja Nisbatdor mahallasida o‘zi yangi usuldagi maktab ochadi. Xuddi ana shu yili Vasliyning uyida Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan tanishuvi uning hayotida yangi davrni boshlab berdi. Ayniqsa, Behbudiyning «Muxtasari jug‘rofiyai umumiy» nomli asari Hoji Muinda juda katta taassurot qoldiradi.

Jadid muallimlari qatorida Hoji Muin ham darsliklar yozib, chop ettirdi. U 1908 yili fors tilida «Rahnamoi savod», I. Rahmatullazoda bilan hamkorlikda o‘zbek tilida «O‘qituvchi» nomli alifbo kitoblarini yozadi.

Hoji Muin mashhur ma’rifatparvar A. Shakuriyning iltimosi bilan bolalar uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan bir qancha she’rlarni turkiydan forsiyga tarjima qiladi. Keyinchalik M. Behbudiy ko‘magida ularni «Guldastai adabiyot» nomi bilan to‘plam holida chop ettiradi. Bu to‘plamga u o‘z she’rlarini ham kiritgan.

«Guldastai adabiyot» Hoji Muin tomonidan tuzilgan yagona she’riy to‘plam bo‘lib, undagi «Xitob va go‘daki beilm», «Nasihat», «Muxammas», «Ittifoq», «Shikoyat», «E’tirof» kabi she’rlar o‘ziniki, qolganlari esa tarjima she’rlardir.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Padarkush» pesasini matbuotda olqishlab chiqqan Hoji Muin tez orada o‘zi ham sahna asarlari yoza boshladi.

Dramaturgning «Eski maktab, yangi maktab» pesasida eski usul maktabi bilan yangi usul maktabi o‘quv tizimidagi farq tasvirlanib, «usuli jadid» maktabi olqishlansa, «To‘y», «Ko‘knori», «Mazluma xotin» kabi sahna asarlarida xalq orasida urfga kirib qolgan yomon odatlar qoralanadi. Bulardan tashqari, Hoji Muin «Maorif qurbonlari», «Juvonbozlik qurbonlari», «Boy ila xizmatkor», «Qozi ila muallim» kabi pesalar ham yozgan.

O‘sha davr vaqtli matbuotida faol ishtirok etgan Hoji Muin o‘z kundaligida yozishicha, 1907-37 yillar davomida 23 xil gazeta va jurnallarda 200 tacha maqola, 400 tacha xabar hamda o‘zbek va tojik tillaridagi 1500 misraga yaqin she’rlari bilan qatnashgan.

Hoji Muinning nomi «Mehnatkashlar tovushi» gazetasi hamda «Tayoq», «Mashrab» kabi jurnallarning birinchi muharriri va tashkilotchisi sifatida ham tarixda qoldi. U Abdurauf Fitratning 1911 yilda yozilgan «Hindistonda bir farangi bilan buxoroli bir mudarrisning jadid maktablari xususinda qilg‘on munozarasi» nomli asarini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilib, 1912 yili «Turkiston viloyatining gazeti»da chop ettiradi. Keyinchalik alohida kitob holida nashr qiladi. Duriyning «Aqidai islomiya» asarini o‘zbek tilidan tojik tiliga tarjima qilgan.

Hoji Muinning taqdiri boshqa safdoshlari kabi fojiali kechdi. 1929 yil boshlangan qatag‘onda birinchilardan bo‘lib u ham qamaladi. 1932 yilgacha qamoqda yotadi. Hoji Muin Shukrullayev 1938 yil yanvarda yana qamoqqa olinib, 1942 yil Solikamsk qamoq lagerlaridan birida olamdan o‘tdi.