Eshqobil Shukur (1961)

Eshqobil Shukur 1961 yil Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanidagi Boymoqli qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini bitirgan (1984). Turli nashriyot va tahririyatlarda, O‘zbekiston televideniyesida xizmat qilgan.

Ilk she’rlar to‘plami — «Yurakni o‘rganish» (1984). Shundan so‘ng uning «Sochlari sumbul-sumbul» (1988), «Tungi gullar» (1989), «Yashil qushlar» (1995), «Hamal ayvoni» (2003) she’riy kitoblari va 2005 yilda «Ko‘hna bog‘ rivoyatlari» nasriy kitobi nashr etilgan. «Naqshband», «Ibtido xatosi» kabi dostonlari, «Nasoyim ul-muhabbatga sayr» turkumi, shuningdek, «Oqibat oqshomi», «Dunyoning ko‘chishi» kabi qissalari ham bor.

1989 yili yaratilgan «Tungi gullar» nomli uchinchi to‘plami Respublika Yoshlar Ittifoqining Usmon Nosir nomidagi mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Uning she’rlari chuqur majoziy ma’noga ega ekanligi, ayni chog‘da sodda, ravon tilda ifodalanishi, ba’zan esa xalqona, baxshiyona bayon uslubi shoir she’riyatini o‘z o‘quvchisi bilan mustahkam bog‘laydi. Buning ustiga shoir she’riyatida qadimiy unutilgan musiqiy ohanglar yangidan jonlanib, asarlariga yangicha ma’no, yangicha fayz ham bag‘ishlaydi. Ba’zan esa fojeaviy ohanglar eshitiladi.

Uning asarlari bir qancha xorijiy tillarda, Rossiya matbuoti va Amerikaning «Jahon adabiyoti» nomli jurnalida chop etilgan.