Dushan Fayziy (1927-2009)

Dushan Fayziy (1927.5.2, Qiziltepa tumani – 2009, Samarqand) — shoir va dramaturg. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1977). 2-jahon urushi qatnashchisi.

Samarqand universitetining filologiya fakultetini tugatgan (1952). O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi kotibi (1957—72), Samarqand viloyati televideniye va radioeshittirish qo‘mitasi raisi (1972—77), SamDU prorektori (1977—94), «Imom al-Buxoriy» Xalqaro xayriya jamg‘armasining raisi o‘rinbosari (1996 yildan) bo‘lib ishlagan.

Ijodi 2-jahon urushi yillarida boshlangan. «Tug‘ilgan kunim» (1957), «Qalbim seniki» (1961), «Navo» (1965), «Yor xayoli» (1967), «Onaizor» (1969), «Buyuklik» (1970), «Samarqandnoma» (1973), «Sevgilim» (1980) va boshqa she’riy to‘plamlar muallifi. «Zarafshon qizi» (1961), «Birinchi uchrashuv», «Kelin keldi» (1964), «Qorasoch» (1966), «G‘azal va muhabbat» (1968), «O‘n yetti yoshlilar» (1972) va boshqa sahna asarlarida xotin-qizlarning mehnat jasorati, yoshlar hayoti yoritilgan.

Dushan Fayziyning «Do‘stlik qo‘shig‘i» (1968), «Asrim monologi» (1969), «Urgut qasidasi» (1994), «Temurnoma» (1996) dostonlari, «Imom al-Buxoriy» (1998) she’riy romani bor. «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan (1997).