Abdurauf Fitrat (1886-1938)

Fitrat (taxallusi; asl ism-sharifi Abdurauf Abdurahim o‘g‘li) (1886, Buxoro — 1938,4,10, Toshkent) — yozuvchi, tarixchi, adabiyotshunos, tilshunos, san’atshunos va siyosatshunos olim, davlat va jamoat arbobi. Birinchi o‘zbek professori (1926).

Mir Arab madrasasida tahsil ko‘rgan. 1902—03 yillarda haj safari munosabati bilan Turkiya, Hindiston va Arabiston mamlakatlarida, taxminan 1906—08 yillarda esa Markaziy Rossiyaning Moskva, Peterberg singari shaharlarida bo‘lgan. Shundan keyin Fitrat o‘qishni davom ettirish istagida Turkiyaga borib, 1909—13 yillarda Istanbulda yashagan. Fitrat o‘sha vaktda Turkiyada kuchaygan Yosh turklar harakati ta’sirida Turkiyadagi buxorolik yoshlar yordamida «Buxoro ta’limi maorif jamiyati»ni tuzadi. Jamiyat Buxoro va Turkiston maorifining olg‘a siljishiga doir muhim ishlarni amalga oshiradi.

Fitrat Turkiyada tahsil olish, ma’ruzalar o‘qish bilan birga samarali ijod ham qilgan. 1909 yili Istanbulda uning fors tilida yozgan «Munozara», «Sayha» («Na’ra») she’riy majmuasi, 1912 yili esa «Sayyohi hindi» («Bayonoti sayyohi hindi») asarlari nashr etilgan. Keyinchalik Fitratning millatchi, turkparast va islomparast yozuvchi sifatida qoralanishiga sababchi bo‘lgan bu asarlar 20-asr boshlarida Turkistondagi milliy uyg‘onish harakatining norasmiy dasturi bo‘lib xizmat qilgan. Ayniqsa, «Munozara» va «Sayyohi hindi» asarlari yoshlar dunyoqarashining keskin o‘zgarishi va ularning jadidlar safiga kelib qo‘shilishiga sababchi bo‘lgan.

Fitrat vataniga qaytgach, Buxoroning turli tumanlarida o‘qituvchilik qilib, jadidchilik g‘oyalarini keng targ‘ib etdi. Yosh buxoroliklar harakatining mafkurachisi va g‘oyaviy rahbarlaridan biriga aylandi. 1915 yildan esa Yosh buxoroliklar harakatining so‘l qanotiga boshchilik qildi. 1917 yil fevral voqealaridan keyin jadidlarning Buxoro amirligidagi ahvoli murakkablashgach, Fitrat Samarqandga ko‘chib borib, «Hurriyat» gazetasida muharrir bo‘lib ishladi (1917—18). Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, Fitrat shu yillarda «Ittixodi taraqqiy» tashkiloti Eski Buxoro bo‘limining raisi ham bo‘lgan. Kolesov voqeasi (1918 yil, mart)dan keyin esa Toshkentga ko‘chib kelgan. 1919—20 yillarda Afg‘onistonning Toshkentdagi vakolatxonasida tarjimonlik qilgan, «Chig‘atoy gurungi» ma’rifiy-adabiy uyushmasini, shuningdek, «Tong» jurnalini tashkil etib, yosh ziyolilar avlodini millatparvarlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga kirishgan. «Tong» jurnalining shiori bo‘lgan: «Miya o‘zgarmaguncha boshqa o‘zgarishlar negiz tutmas!» so‘zlari Fitratning shu yillarda olib borgan faoliyatining maqsad-mohiyatini to‘la ifodalaydi.

Fitrat portreti. “Unutilmas siymolar” (1999) to‘plamidan olindi.

BXSR tashkil topishi bilan Fitrat 1921 yilda maorif, 1922 yilda xorijiya tashqi ishlar noziri, xalq xo‘jaligi kengashi raisi, MIQ va Xalq nozirlari sho‘rosi raisining o‘rinbosari va boshqa lavozimlarda xizmat qildi. U shu davrda BXSR mablag‘i hisobiga 70 nafar turkistonlik istiqbolli yoshlarning Germaniyaga borib o‘qishi, Buxoroda Sharq musiqa maktabining tashkil etilishi, fan va madaniyat tarixiga doir xalq qo‘lida sochilib yotgan noyob qo‘lyozmalarni to‘plashda tashabbuskor bo‘ldi. Fitratning sa’y-harakati bilan Buxoro jumhuriyatida turk (o‘zbek) tili davlat tili deb e’lon qilindi; davlat teatri tashkil etilib, bu teatrda ishlash uchun Toshkentdan M. Uyg‘ur va Cho‘lpon, vaqf ishlarini boshqarish uchun esa M. Abdurashidxonov taklif etildi (1921). Ammo 1923 yil iyunda Moskvadan Ya. E. Rudzutak boshchiligida kelgan komissiya Fitratni ishdan olib, uni Rossiyaga «chaqirib olingan», deb e’lon qildi va Fitrat 1923—26 yillarda Moskvaga borib, Sharqshunoslik ilmiy-tekshirish institutida ishladi. 1926 yilning oxiri — 1927 yilning boshlarida vataniga kaytgan Fitrat 1937 yilda hibsga olinguniga qadar Samarqanddagi Oliy pedagogika instituti hamda Toshkentdagi Til va adabiyot institutida ilmiy faoliyat olib bordi.

Fitrat ijodini shartli ravishda 3 davrga bo‘lish mumkin. Agar Fitrat 1909—16 yillarni tashkil etgan 1-davrda jadid ma’rifatparvari sifatida ijod qilgan bo‘lsa, 1917 yil Fevral inqilobidan keyin Moskvaga surgun qilinguniga qadar bo‘lgan 2-davrda hurriyat va mustaqillik g‘oyalari bilan to‘yingan asarlar yozadi (1917—23). Sovet maxfiy xizmatining doimiy nazorati ostida yashagan Fitrat ijodining 3-davri (1923—37)da asosan ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanadi.

Fitratning adabiy merosi boy va rang-barang. U yozuvchi sifatida badiiy ijodning barcha turlarida qalam tebratibgina qolmay, o‘zbek adabiyotining yangi janr va turlar bilan boyishi, she’r tuzilishining isloh etilishi, realizmning teranlashishi, davr, jamiyat va xalq hayoti bilan bog‘liq muhim ijtimoiy muammolarning o‘zbek adabiyotida badiiy talqin etilishiga ulkan hissa qo‘shdi.

Fitrat portreti. “Tanlangan asarlar” to‘plamidan olindi.

She’riy ijodi. Fitrat zullisonayn yozuvchi bo‘lib, adabiy faoliyatining dastlabki davrida asosan fors tilida ijod qilgan («Sayha»). Fitratning bizga yetib kelgan o‘zbek tilidagi she’rlari 1917 yil va undan keyingi davrga oid. Ma’lumki, Fevral inqilobidan keyin Turkiston xalkdarining mustaqillikka erishishlari uchun birdan-bir tarixiy imkoniyat tug‘ilgan. Fitrat shu davrda xalqni mustamlakachilik kishanlarini parchalab, istiklol uchun kurashga da’vat etuvchi she’rlar yozishga kirishgan. Ammo an’anaviy aruz vazni, uning nazarida, bunday zamonaviy g‘oyani ifodalash, xalkni oyoqqa qalqtirish va safarbar etish kuchiga ega emas edi. Shuning uchun ham Fitrat turk va tatar she’riyatlarida shakllangan, o‘zbek xalq og‘zaki she’riyatida ayrim unsurlari bo‘lgan sochmani milliy adabiyotimizga olib kirdi. Shoir «Yurt qayg‘usi» deb nomlangan bir she’r va 4 ta sochma yozib, ularda hurriyat uchun kurash g‘oyasini baralla kuyladi. Fitrat mazkur sochmalarida Turkistonni xo‘rlangan va xorlangan Ona obrazida tasvirlab, bu jabrdiyda Onani zulm asoratidan xalos etish uchun Amir Temur singari jahongirlarga murojaat etdi, xalqni erk va hurriyat uchun kurash maydoniga da’vat etdi. U shu yillarda «Mirrix yulduziga», «Sharq», «Shoir» singari she’rlarini yaratib, ularda Turkistonni endi «qizil» mustamlakaga aylantira boshlagan bolsheviklarga va ular barpo etayotgan tuzumga nafrat tuyg‘usini ifodaladi. Fitrat barmoq vaznida yozilgan shu she’rlari bilan xalq og‘zaki she’riyatining mulki bo‘lgan barmoqni isloh etib, Cho‘lpon bilan birga uni yozma adabiyotga olib kirdi va unga yangi hayot bag‘ishladi. «O‘zbek yosh shoirlari» (1922) she’riy majmuasining tuzuvchisi va asosiy muallifi. Afsuski, Fitrat bu she’rlaridan keyin she’riyat sohasida qariyb ijod qilmadi.

Fitrat (o‘tirgan) shogirdlari bilan

Nasriy ijodi. O‘tgan asrning 10-yillarida sahna asari sifatida namoyish etilgan «Munozara» Fitratning nasrdagi ilk asaridir. «Munozara» ham, «Sayyohi hindi» ham Fitrat publitsistikasining yorqin namunalaridan. Fitrat keyinchalik ham ijtimoiy, huquqiy, ma’naviy hamda estetik qarashlarini ifodalashda publitsistikadan samarali foydalandi. Faqat 20-yillarning o‘rtalariga kelibgina u «sof» nasriy asarlarni yarata boshladi («Qiyomat», «Me’roj», «Oq mozor», «Zayd va Zaynab», «Zahroning imoni» va b.). «Munozara» va «Sayyohi hindi» asarlarida ko‘tarilgan milliy qoloqlik, diniy fanatizm mavzusi 20-yillar uchun ham dolzarb ahamiyatga ega edi. Fitrat bu hikoyalarida diniy syujetlardan jaholat ta’siriga qarshi kurashda foydalandi. Bu asarlar, ayniqsa, 1930 yilda qayta ishlagan «Qiyomat» xayoliy hikoyasi hozirgi o‘zbek adabiyotida fantastikaning tug‘ilishi va shakllanishida milliy manba bo‘lib xizmat etdi.

Dramaturgiyasi. Fitrat 1916 yildan boshlab teatr uchun ko‘plab asarlar yaratdi. Ammo uning nafaqat 1916—18 yillarda yozgan «Begijon», «Qon», «Abo Muslim», «Temur sag‘anasi», «O‘g‘izxon» singari pesalari, hatto 30-yillarda yozgan «To‘lqin» opera librettosi (1934) ham bizga yetib kelmagan. Ma’lumki, Fitratning 5 pardali «Begijon» pesasida dehqonlarning xon zulmiga qarshi ko‘targan isyonlari tasvir etilgan, «Temur sag‘anasi» pesasida esa muallifning «Yurt qayg‘usi (Temur oldinda)» sochmasidagi istiqlol uchun kurash g‘oyasi o‘zining badiiy tajassumini topgan. Fitrat shu yillarda yozgan boshqa sahna asarlarida ham tarixiy o‘tmishga murojaat etganiga qaramay, bolsheviklarning Turkistonda olib borgan g‘ayrimilliy siyosatiga faol munosabat bildirib, zulm va zo‘ravonlikka asoslangan «yangi tuzum»ni keskin qoralagan. Fitrat ijodining shu davrdagi yetakchi motivi — bolshevizmga qarshi istiqlol uchun kurash g‘oyasi «Chin sevish» (1920) va «Hind ixtilolchilari» (1923) pesalarida, ayniqsa, yorqin ifodalangan. Dramaturg Turkistonda Sovet hokimiyati yillarida sodir bo‘layotgan fojiali voqealarni Angliyaning mustamlakasi bo‘lgan Hindistonga ko‘chirib, ingliz mustamlakachilariga qarshi kurashayotgan hind ixtilolchi (istiqlolchi)lari siymosida, ma’lum ma’noda, o‘z vatandoshlari obrazini yaratdi. J. Neruning e’tirof etishiga ko‘ra, Fitratning bu asarlari hind xalqining mustamlakachilikka qarshi olib borgan kurashiga kuch va madad bergan.

Fitrat portreti. “Tanlangan asarlar” to‘plamidan olindi.

Fitrat Moskvadalik paytida «Abulfayzxon» va «Shaytonning tangriga isyoni» (1924), ona yurtiga qaytganidan keyin esa «Arslon» (1926), «Sho‘rishi Vose»  («Vose qo‘zg‘oloni», 1927), «To‘lqin» pesalarini yozdi. Bu asarlar orasida «Abulfayzxon» o‘zining shekspirona epik ko‘lami bilan alohida ajralib turadi. Mazkur pesa asosida ashtarxoniylar sulolasining so‘nggi vakili Abulfayzxon saltanatining tanazzuli (18-asr) natijasida Buxoroda mang‘it amirlarining hokimiyat tepasiga kelishlari bilan bog‘liq tarixiy voqealar yotadi. Fitratning olis tarixiy davrga nazar tashlashdan maqsadi «Podsholik qon bilan sug‘orilgan bir og‘ochdir, Qon oqib turmagan yerda bu daraxtning qurib qolishi aniqdir» degan «falsafa» bilan yashagan va o‘zi ham shu g‘ayriinsoniy «falsafa»ning qurboni bo‘lgan Abulfayzxon singari qonxo‘r podsholarni tarix qa’ridan olib chiqib, xalqqa ko‘rsatishdir. Fitrat bu asari bilan bolsheviklar tuzumi 20-asrning Abulfayzxoni — Stalinni yaratishi va uning bepoyon mamlakatni qonga botirishini bashorat etdi. Shu ma’noda mazkur tragediya Fitrat zakosi bilan yaratilgan xalqni ogohlantiruvchi asardir.

«Abulfayzxon»ning badiiy qimmati shundaki, Fitrat asarda shekspirona qabartma tip va xarakterlarni yaratdi, zulmga asoslangan saltanat tojining otadan bolaga o‘tib kelishi natijasida paydo bo‘luvchi qonli oqibatlarni haqqoniy tasvirladi. Fitrat bu asari bilan o‘zbek adabiyotida tragediya janriga asos solib, mazkur janrning asosiy tamoyillarini belgilab berdi.

Fitrat portreti. «Tanlangan asarlar» to‘plamidan olindi.

Ijtimoiy huquqiy, diniy va ma’rifiy asarlari. Fitrat ilm-fan va ma’rifatning turli sohalarida ham teran iz qoldirdi. U 1914—16 yillardayoq «Rahbari najot» («Najot yo‘li»), «Oila» va «Mavludi sharif yoki Mur’oti xayr ul-bashar», 1917—20 yillarda «O‘qu» («O‘quv»), «Sharq siyosati» va «Yig‘la, Islom», 1925 yilda esa «Muxtasar islom tarixi» singari asarlarini e’lon qildi. Fitrat mazkur asarlarida, bir tomondan, shu yillarda ro‘y bergan siyosiy-ijtimoiy masalalarga munosabatini ifodalagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, musulmon olami uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan yoki muayyan tarixiy davrda saqlanib qoladigan ma’naviy va ma’rifiy qadriyatlarni tushuntirib berdi. Fitrat bu asarlarida millatning nafakat siyosiy-ijtimoiy, balki diniy-ma’rifiy masalalarda ham yetarli darajada bilimga ega bo‘lmaganini e’tiborga olib, har bir musulmonning bilishi lozim bo‘lgan bir qator masalalarga yorqinlik bag‘ishladi. Fors tilida yozilgan «Rahbari najot» risolasida tafsir, hadis, fiqh, kalom ilmlari, shuningdek, lisoniy, falsafiy, dunyoviy ilmlar to‘g‘risida aniq tasavvur berdi; avlod, badan, fikr, axloq tarbiyasiga oid falsafiy-etik qarashlarini olg‘a surdi. Fitratning «Oila» risolasida esa oilaning jamiyat va inson hayotidagi rolini oshirishga, oila a’zolarining huquqiy me’yorlarini belgilashga qaratilgan fikr va mulohazalari yanada rivojlantirildi.

Fitratning maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan «O‘qu» («O‘quv» 1917 yil, Boku) qo‘llanmasi vatan, dunyo, tabiiyot, tibbiyot va gigiyena singari masalalar, shuningdek, o‘tmishda yashagan allomalar haqida tasavvur beradi (noma’lum sabablarga ko‘ra, ushbu qo‘llanmaning 2-qismi yozilmagan).

Fitrat huquqiy davlat qurish va uning rivojini ta’minlash maqsadida 1918 yilda Yosh buxoroliklar partiyasining 13 bobdan iborat dasturini yozib berdi. Bu dasturda olimning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy qarashlari o‘zining chuqur ifodasini topdi.

Fitrat portreti. “Tanlangan asarlar” to‘plamidan olindi.

Tilshunoslik va adabiyotshunoslikka oid asarlari. Fitrat o‘zbek tilining grammatikasini o‘rganish ishini boshlab bergan va shu soha rivojiga katta hissa qo‘shgan. U 1918 yilda Q. Ramazon va Sh. Rahimiy bilan hamkorlikda «Ona tili» darsligini yaratdi. 1921 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Til va imlo qurultoyida Fitrat o‘zbek tilining sofligini ta’minlash va rivojlantirishga qaratilgan bir qancha takliflarni o‘rtaga tashladi. U 20-yillarda o‘zbek tili tabiatini o‘rganishda davom etib, «O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba: Sarf» (1925), «O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba: Nahv» (1926) darsliklarini yaratdi va bu darsliklar 1930 yilga qadar bir necha marta nashr etildi. Olim o‘zbek tili morfologiyasi va sintaksisiga bag‘ishlangan bu asarlari bilan o‘zbek tili grammatikasini ilmiy asosda o‘rganish ishiga tamal toshini qo‘ydi. Fitratning tilshunoslik sohasidagi katta xizmatlaridan yana biri uning 20-yillarda qadimiy turkiy til, jonli xalq tili va shevalarga tayangan holda, ilmiy-madaniy muomalaga kirib kelayotgan yangi tushuncha hamda hodisalarni ifodalash uchun o‘zbek tilining lug‘at fondiga yangi so‘zlar va atamalarni ko‘plab olib kirganligidadir.

Olim «Eng eski turk adabiyoti namunalari» (1927), «O‘zbek adabiyoti namunalari» (1-jild, 1928) tazkiralarini tuzib, milliy adabiy merosimizning eng qadimiy davrdan so‘nggi davrlarga qadar yaratilgan namunalarini to‘plab, muayyan tizimga soldi («Namunalar»ning 2-jildi e’lon qilinmay qolgan), «Qutadg‘u bilig» singari o‘zbek yozma adabiyotining xalq orasida sochilib yotgan noyob yodgorliklarini qo‘lga kiritish, o‘rganish va chop etishga intildi. O‘zbek adabiyoti yirik namoyandalari ijodini ilk bor o‘rganib, «Bedil» (Bir majlisda)» (1923), «Navoiyning forsiy shoirligi va uning forsiy devoni to‘g‘risida», «Qutadg‘u bilig» (1925), «Ahmad Yassaviy» (1927), «Yassaviy maktabi shoirlari to‘g‘risida tekshirishlar», «Hibbat ul-haqoyiq», «O‘zbek shoiri Turdi» (1928), «XVI asrdan so‘ngra o‘zbek adabiyotiga umumiy bir qarash», «Muhammad Solih», «Fors shoiri Umar Xayyom» (1929), «Mashrab», «Farhodu Shirin» dostoni to‘g‘risida» (1930) kabi katta ilmiy qimmatga ega risola va maqolalar yaratdi. Fitrat bu tadqiqotlari bilan o‘zbek adabiyotshunoslik faniga poydevor qo‘ydi. «She’r va shoirlik» (1919), «Adabiyot qoidalari» (1926), «San’atning manshai» (1927), «Aruz haqida» (1936) singari maqola va risolalari bilan adabiyot nazariyasi faniga asos soldi.

Bundan tashqari, Fitrat tarixshunoslik va sharqshunoslik sohalariga oid fors tilida maqola va risolalar ham yozdi («Amir Olimxonning kechmishi», 1930). 1921 yil B. Soliyev va B. S. Sergeev bilan birgalikda amirga qarashli nodir qo‘lyozmalar, vaqf hujjatlarini yig‘ish, ularga tartib va tavsif berishda ishtirok etdi. B. S. Sergeev bilan birgalikda V. L. Vyatkin arxivida saqlangan krzilarga oid hujjatlarni o‘rganib, rus tilida «Kaziyskiye dokumentы XVI veka» (1937) kitobini nashr etdi.

Abdurauf Fitrat hibsda. 1938

San’atshunoslikka oid xizmatlari. Fitrat 1921 yilda Sharq musiqa maktabini tashkil etib, uning birinchi direktori bo‘lgan. Maktabga mumtoz musiqa bilimdonlari (sozanda va xonandalar) bilan birga V. A. Uspenskiy singari musiqashunoslarni ham taklif etdi. U shu vaqtdan boshlab «Shashmaqom» kuylarini to‘plash va notaga yozib olish ishlariga rahbarlik qildi. Fitrat tashabbusi bilan Ota Jalol va ota G‘iyosdan Buxoro Shashmaqomi V. Uspenskiy tomonidan ilk bor notaga olinib nashr etildi [Shest muzыkalnыx poem (makom), Buxara M., 1924]. Fitrat «Shashmaqom», «O‘zbek musiqasi tug‘risida» maqolalari va «O‘zbek klassik musiqasi ham uning tarixi» (1927) risolasi bilan 20-asr o‘zbek musiqashunoslik fanini boshlab berdi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, 1991 yil 25 sentyabrda Fitratga (vafotidan keyin) Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti berildi. Buxoro shahrida Fitrat bog‘i va uy-muzeyi tashkil etildi. Buxoroda Fitrat haykali urnatilgan. Respublikadagi bir necha maktab, ko‘cha va xo‘jaliklar Fitrat nomi bilan ataldi.

Naim Karimov

Abdurauf Fitrat haqida maqolalar

O‘zbek she’riyati: Abdurauf Fitrat (1886-1938)
Ma’naviyat yulduzlari: Abdurauf Fitrat (1886-1938)
Biografiya: Abdurauf Fitrat (na russkom yazыke)
Biography: Abdurauf Fitrat (in English)
Sirojiddin Ahmad. Fitrat va Murodiy (2009)
Begali Qosimov. Abdurauf Fitrat (1886-1938)
Ozod Sharafiddinov. Abdurauf Fitrat
Rauf Parfi. Fitrat she’riyati
Tohir Malik. Fitrat
Mutavakkil Burhonov. Nurli siymolar (1991)
Abdulhamid Cho‘lpon. «Chin sevish» (1920)
Vadud Mahmud. «Chin sevish» (1921)
Vadud Mahmud. «Hind ixtilolchilari» (1923)

Abdurauf Fitrat maqolalari

Abdurauf Fitrat. Buxoro vaziri Nasrullohbey parvonachiga ochiq maktub (1910)
Abdurauf Fitrat. Johilona taassubg‘a misol (1917)
Abdurauf Fitrat. Muxtoriyat (1917)
Abdurauf Fitrat. Siyosiy hollar (1917)
Abdurauf Fitrat. Buxoro ulamosi (1917)
Abdurauf Fitrat. «Sho‘royi islomiya»ning xatosi (1917)
Abdurauf Fitrat. Musulmonlar, g‘ofil qolmang! (1917)
Abdurauf Fitrat. Buxoroda inqilob (1918)
Abdurauf Fitrat. Angliz va Turkiston (1918)
Abdurauf Fitrat. Turkistonda ruslar (1918)
Abdurauf Fitrat. Buxoroning holi (1918)
Abdurauf Fitrat. Yopishmagan gajjaklar (1919)
Abdurauf Fitrat. Sharq siyosati (1919)
Abdurauf Fitrat. Tilimiz (1919)

Abdurauf Fitrat asarlari

Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. 1-jild: She’rlar, nasriy asarlar, dramalar. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2000
Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. 2-jild: Ilmiy asarlar. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2000
Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. 3-jild: Dramalar, maqolalar. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2003
Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. 4-jild: Darslik va o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy maqola va tadqiqotlar. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2006
Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. 5-jild: Ilmiy risolalar. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2010
Abdurauf Fitrat. Chin sevish. She’rlar, dramalar, maqolalar. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1996
Abdurauf Fitrat. Oila yoki oila boshqarish tartiblari. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2000
Abdurauf Fitrat. Muxtasar Islom tarixi. Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2004
Abdurauf Fitrat. O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi. Toshkent, “Fan”, 1993
Abdurauf Fitrat. Qiyomat. Toshkent, 1967
Abdurauf Fitrat. Amir Olimxonning hukmronlik davri, Toshkent, 1992
Abdurauf Fitrat. Bedil, Toshkent, 1996
Abdurauf Fitrat. Adabiyot qoidalari, Toshkent, 1995
Abdurauf Fitrat. Aruz haqida, Toshkent, 1997
Abdurauf Fitrat. Najot yo‘li, Toshkent, 2001

Abdurauf Fitrat haqida kitoblar

Hamidulla Boltaboyev. Fitrat va jadidchilik. Toshkent, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007
Hamidulla Boltaboyev. Abdurauf Fitrat — adabiyotshunos. Toshkent, “Yozuvchi” nashriyoti, 1996
Begali Qosimov. Maslakdoshlar. Behbudiy, Ajziy, Fitrat. Toshkent, “Sharq” 1994
Begali Qosimov. Milliy uyg‘onish, Toshkent, 2002
Aliyev A., Abdurauf Abdurahim o‘g‘li Fitrat. Toshkent, 1984
Fidoyilar. Toshkent, 1990
G‘aniyev I., Fitrat, e’tiqod, ijod. Toshkent, 1994
G‘aniyev I., Fitratshunoslik. Buxoro, 1994
Boltaboyev H., Fitratning ilmiy merosi. Toshkent, 1996
Qurbonova M., Fitrat — tilshunos. Toshkent, 1996
Ergasheva M., Abdurauf Fitrat — buyuk huquqshunos. Toshkent, 2001

“Abdurauf Fitrat” (hujjatli film)