Abdulahad Muhammadjonov (1928-2016)

Muhammadjonov Abdulahad Rahimjonovich (1928.26.12, Toshkent – 2016) — sharqshunos va arxeolog olim. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (2000). Tarix fanlari doktori (1973), professor (1989).

O‘rta Osiyo universitetini tugatgan (1951). 1956-70 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya institutida katta ilmiy xodim, sektor mudiri va 1970 yildan Arxeologiya institutining sektor mudiri, 1980—83 yillarda direktori. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse prezidenti (1996—98), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori (1996—98). 1998—2003 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida bosh ilmiy xodim. 1998 yildan Uzbekiston milliy universitetida professor, 1997 yildan «O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar» jurnalining bosh muharriri bo‘lib ishlagan.

Uning ilmiy ishlari O‘rta Osiyoda sug‘orma dehqonchilik, irrigatsiya, gidrotexnika hamda dehkrnchilik vohalarini vujudga kelishi va taraqqiyoti tarixiga bag‘ishlangan. Abdulahad Muhammadjonov Buxoro, Toshkent shahrilari qad. tarixi, ayniqsa, ularning yoshini ilmiy asoslashga muayyan hissa qo‘shgan. Vatanimiz tarixiy toponimiyasi bo‘yicha ilmiy asarlar va maqolalar nashr etib, tarixiy manbashunoslik bo‘yicha yangi ilmiy yo‘nalishga asos soldi.