O‘ziga loyiq ish

Kunlardan bir kuni yo‘lda cho‘loq, ko‘r va kar uchrashib qolishibdi. Bundan keyin doim birga bo‘lishga ahdlashibdi. Ular “qanday qilib pul topsak ekan”, deb rosa o‘ylashibdi. Oxiri boyning yoniga borib, biror yengilroq ish so‘rashibdi.
Boy ularning uchoviga ham ish taqsimlab beribdi. Cho‘loqni dalada mol boqishga qo‘yibdi. Ko‘rni poliz ekinlariga qorovul etib tayinlabdi. Karni esa eshik yoniga qo‘ng‘iroq chalib, o‘tib ketayotganlarning xabarini berish uchun qo‘yibdi.
Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, cho‘loq, “biz boy bilan ish haqqini kelishib olmabmiz-ku! Borib gaplashib kelay-chi”, deb o‘ylabdi.
Cho‘loq ikki chaqirim yo‘lni ikki oyda bosib kelibdi. “Cho‘loq ish haqqini so‘rab kelibdi”, deb boyga aytishibdi. Boy uni chaqirib so‘rabdi:
— Xo‘sh, mol boqish qiyin emas ekanmi?
— Men hali molni ko‘rganim ham yo‘q, — debdi cho‘loq.
— Bo‘lmasa ikki oydan beri qayerda eding? — deb so‘rabdi boy.
— Meni dalagacha otda olib borishgan edi. Keyin men ish haqqini gaplashib olmaganimiz uchun o‘zim qaytdim. Bizga qanchadan ish haqqi berishingizni bilgani keldim, — debdi cho‘loq.
Bu gapni eshitib, boyning jahli chiqib ketibdi va uni so‘kib tashlabdi. Shu payt poliz ekinlarining hammasini o‘g‘ri urganligi haqidagi xabarni olib kelishibdi. Ko‘rning indamaganini ko‘rgan o‘g‘rilar polizda hech narsa qoddirishmabdi. Boy ko‘rni olib kelishni buyuribdi va ko‘rdan bo‘lgan ishlar haqida surishtira boshlabdi.
Shunda ko‘r:
— Men hech kimni ko‘rganim yo‘q, — deb javob beribdi.
Shundagina uning ko‘zi ojiz ekanligini bilishibdi. Boy:
— Uchta otga izvosh qo‘shib, har qaysisiga uchtadan qo‘ng‘iroq osib, darvoza yonidan o‘tinglar, — debdi.
Kar turgan darvoza yonidan izvoshlar o‘tgan ekan, u hech narsani eshitmabdi. Boyga:
— U joyidan ham qo‘zg‘almadi, hech narsani eshitmas ekan, — debdilar.
Shundagina boy har bir odamga o‘ziga loyiq ish berish kerakligi haqida o‘ylabdi va ularning o‘ziga mosroq keladigan vazifa izlay boshlabdi.