Qo‘ng‘iz bikach

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadimgi zamonda bir Qo‘ng‘iz bikach bor ekan. U yolg‘iz yashar ekan. Kunlardan bir kun Qo‘ng‘iz bikach erga tegmoqchi bo‘lib, yo‘lga chiqibdi. Necha oy, necha kun yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib bir sahroda ketayotganda, bir mol boqib yurgan podachiga duch kelibdi.
Podachi:
— Ha. Qo‘ng‘iz bikachoyim, qayoqqa?
— Erga tekkani ketyapman.
— Erga tegsangiz, menga tega qoling.
— Xo‘p, senga tegaman. Achchig‘ing kelsa nima bilan urasan?
— Qo‘limdagi mol haydaydigan tayog‘im bilan uraman. Bu gapni eshitgan bikach kekkayib:
— Sari kavish, sanama juvon. Gul-gul ko‘ylak, gulama juvonman. Senga tegib, kaltak yeguncha itga tegay, — deb yo‘lida ketaveribdi.
Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, bir manzilga yetganda, bir qo‘y boqib yurgan cho‘pon bilan uchrashibdi. Cho‘pon:
— Ha, Qo‘ng‘iz bikachoyim, qayoqqa?
— Erga tekkani ketyapman.
— Erga tegsang, menga tega qol.
— Xo‘p, senga tegay. Achchig‘ing kelsa, nima bilan urasan?
— Qo‘y haydaydigan kaltagim bilan uraman.
— Sari kavish, sanama juvon. Gul-gul ko‘ylak gulama juvonman. Senga tekkuncha, itga tegay, — deb yo‘lida ketaveribdi.
Yo‘lda ketayotib Sichqonboy bilan uchrashibdi. Sichqonboy:
— Ha, Qo‘ng‘iz bikachoyim qayoqqa?
— Erga tekkani.
— Erga tegsang, menga tega qol.
— Achchig‘ing kelsa, nima bilan urasan?
— Nimaga seni urarkanman. Dumim bilan silab, tokchaga chiqarib qo‘yib, seni boqaman, — debdi Sichqonboy.
Shunday qilib Qo‘ng‘iz bikach Sichqonboyga tegibdi.
Sichqonboy uni tokchaga chiqarib qo‘yib osh, go‘sht, non, suv olib kelib boqaveribdi.
Kunlardan bir kun Qo‘ng‘iz bikach eshikka suvga chiqib, ko‘prik tagida loyga botib qolibdi. Ko‘prikdan o‘tayotgan kishilarning oti undan hurkib o‘tolmabdi. Shunda u otliqlarga qarab:

Dupur-dupur otliqlar-a,
Ot boshini tortinglar-a,
Qo‘ng‘iz bikach o‘ldi, deb-a,
Sichqonboyga aytinglar-a, —
debdi.

Otliqlardan bir rahmdili Sichqonboyga aytibdi.
Sichqonboy chiqib uni qutqazib olibdi. Shundan so‘ng suvga yaqinroq deb Qo‘ng‘iz bikach bilan Sichqonboy ko‘prik tagida yashayveribdilar.