Tan-sihatlik — tuman boylik

O‘tgan zamonda bir qashshoq donishmand cholning oldiga kelib:
— Ota, yeyishga nonim, kiyishga kiyimim yo‘q, juda qiynaldim, nima qilishimni bilmay qoldim. Endi qayerga borib dod desam ekan? — debdi. Chol:
— Sen kambag‘almisan? — desa, u:
— Ha, bola-chaqalarim va o‘zim ochman, kiyim-kechagimiz yo‘q, — deb nihoyatda zorlanibdi.
Chol:
— Xo‘p, bo‘lmasa menga o‘ng qo‘lingni sot, necha pul beray? — desa, haligi yigit:
— Yo‘q, o‘ng qo‘lim o‘zimga kerak, sotmayman, — debdi, Shunda chol:
— Bo‘lmasa o‘ng ko‘ziigni sot, — debdi. Yigit:
— Nega men o‘ng ko‘zimni sotar ekanman, u menga doimo kerak, — debdi.
Chol shu tarzda yigitning tana a’zolarini birma-bir sotgin, deb aytib chiqibdi. Yigit «yo‘q» javobini qaytaravergach, chol yigitga:
— Ha, butun muchalaring sog‘ bo‘lsa, turmushdan zorlanib nima qilasan. Kishining tan-joni sog‘ligi — tuman boyligi-ku. «Sog‘ tanda, sog‘ aql», deb bekorga aytmaganlar. Sog‘ bo‘lsang qanday ish bajarsang, qo‘lingdan keladi. Kuning o‘tadi, — deb javob qaytargan ekan.