Shoir sevgisi

Navoiy yigitlik chog‘larida bir qizni yaxshi ko‘rar ekan. Qizga xat va she’rlar yozib, u bilan aloqa qilib yurar ekan. Bir kuni Husayn Boyqaro bu sirdan xabardor bo‘libdi.
U «Navoiy o‘zining bu siridan meni ham ogohlantirar, shu to‘g‘rida men bilan maslahatlashar», deb o‘ylab yurar ekan. Navoiy bu haqda Husayn Boyqaroga hech narsa demabdi.
Bir kuni Husayn Boyqaro Navoiyni o‘ziga yalintirmoq maqsadida odam yuborib, qizni o‘z qoshiga chaqiribdi. Podshoning maqsadi qizni olish emas, balki shu munosabat bilan Navoiyni o‘ziga yalintirish ekan. Husayn Boyqaro qizii ko‘rsa, juda go‘zal, odobli, aqlli qiz ekan. Shundan so‘ig podsho o‘zining avvalgi niyatidan qaytib, qizga uylanmoqchi bo‘libdi. Qiz unamabdi. Podsho shariat peshvolarini chaqirib, qizni o‘ziga nikohlab olibdi. Qiz podsho bilan yaqinlashmabdi. Shunda podsho qizga qarab:
— Bilaman, sen Navoiyni yaxshi ko‘rasan. Uni hurmat qilayotibsan. O‘rtalaringda bo‘lgan sirlarni menga ayt! — deb do‘q uribdi.
Qiz podshoning qahridan qo‘rqib, Navoiyga bo‘lgan muhabbatini yashiribdi. Qiz: «O‘z muhabbatim to‘g‘risida so‘zlasam, podsho Navoiyni o‘ldiradi», deb unga hech narsani aytmabdi, yig‘labdi. Husayn Boyqaro chiqib ketgach, qiz xayolga cho‘mibdi, mening Husayn Boyqaro dargohidan qutulishim juda qiyin. Shu g‘am-g‘ussa bilan Alisher firog‘ida o‘lsam, u keyin albatta unutar va yana bir kimsaga ko‘nglini berar, deb Navoiyga she’r yozib yuboribdi:

Hajr dog‘i firoqi xasta ko‘nglim kuydirur,
Charx ortiq zulmi birlan gul niholim so‘ldirur.
Yuz alam birlan balo girdobida ranjurmen.
Voqif, o‘l, yorim meni bu g‘ussa-yu g‘am o‘ldirur.
Hasratim shulkim, senga aytsam fig‘onim boisi,
Men o‘larman, charxi mehring endi kimni kuydirur.

Bu satrlarni o‘qigach, Navoiy, darrov qo‘liga qog‘oz va qalam olib tubandagi misralarni yozibdi:

Ko‘nglim o‘rtansin agar g‘ayriga parvo aylasa,
Har ko‘ngil ham kim sening shavqingni paydo aylasa.
O‘zgalar husnin tamosho aylasa chiqsin ko‘zim,
O‘zga bir ko‘z ham seni husning tamosho aylasa,
Har kishin vaslin tamanno aylasam novmid o‘lay
Har kishi hamki sening vasling tamanno aylasa.

Biroq qiz, g‘amlar, ichki kechinmalar natijasida og‘ir kasal bo‘lib qolibdi. Husayn Boyqaro saroydagi tabiblarga qanday bo‘lmasin qizni bu og‘ir kasallikdan qutqarish chorasini topishni buyuribdi, qizga hech qanday dori-darmon kor qilmabdi. Qiz og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etibdi.