Podsho, vazir va boyo‘g‘li

O‘tgan zamonda bir podsho-yu bir vazir bo‘lgan ekan. Ular juda zolim, adolatsiz bo‘lganidan qashshoq xalq adolatli podsho yurtiga ko‘cha boshlabdi. Bu hol podsho bilan vazirni ham tashvishga solibdi.
Bir kuni vazir bir daraxtning yonidan o‘tib ketayotib, ikki boyo‘g‘lining gaplarini eshitib qolibdi. Vazir “qani boyo‘g‘lilar nimalar haqida gaplashar ekan” deb, ularning gaplariga quloq solibdi, Boyo‘g‘lilardan birining o‘g‘li, birining qizi bor ekan. Ikkovi o‘zaro quda bo‘lmoqchi ekanlar. Qizi bor boyo‘g‘li:
— Qalinga nima berasiz? — deb so‘rabdi.
— Siz nima xohlasangiz shuni beraman, — debdi o‘g‘li bor boyo‘g‘li.
Shunda qizi bor boyo‘g‘li sayrab turib:
— Qizimning qaliniga o‘nta choldevor bersangiz bo‘ladi, — debdi.
O‘g‘li bor boyo‘g‘li esa:
— Siz bunchalik umidsizlikka tushmang, aksincha, — deb davom etibdi u, — agar hozirgi podshomiz taxtda tursa, manavi ikkiyuzlama sotqin vazirimiz ham o‘z vazifasida yuradigan bo‘lsa, qizingizning qaliniga o‘nta emas, ellikta choldevor beraman. Chunki ikki zolimning dastidan bechora mehnatkash dehqonlar adolatli shoh hukmronlik qiladigan yurtga ko‘chib ketmoqda,—debdi.
Shunday qilib bo‘lajak qudalar o‘zaro kelishib uchib ketibdilar.
Vazir ham saroyga kelibdi. Podsho esa:
— Nega bugun kech qolib keldingiz yoki biror yerda ushlanib qoldingizmi? Sababi bormi? — deb so‘rabdi vazirdan.
— Ha, kech kelishimning sababi bor. Yo‘lda ikki boyo‘g‘lining o‘zaro suhbatini eshitib, dong qotib qoldim, — debdi vazir.
— Xo‘sh, o‘sha ikki boyo‘g‘li nimalar haqida suhbatlashishdi? — deb qiziqibdi podsho.
Vazir boyo‘g‘lilar o‘rtasida bo‘lgan gaplarni podshoga aytib beribdi va:
— Agar xalq zulmimizdan qochib adolatli podsho hukmdorlik qiladigan mamlakatga ko‘chib ketaverar ekan, boyo‘g‘lilar qalin evaziga ellikta emas, undan ham ko‘p choldevor beradigan bo‘ladilar, — deb davom ettiribdi vazir.
Bu gaplar podshoni ham o‘ylatib qo‘yibdi. Podsho bilan vazir shu kundan boshlab adolatsizlik, zolimlik, tovlamachilikdan voz kechib, xalqparvar, adolatli bo‘lishga ahd qilibdi.