Podsho bilan vazir

Kunlardan bir kuni podsho bilan vazir yo‘lda ketishayotgan ekan. Yo‘l chetida bir keksa chol juda qarib, bukchayib qolganiga qaramay, qo‘sh haydab yurgan ekan.
Podsho bilan vazir unga yaqinlashib qolganlarida otlarini to‘xtatibdilar. Podsho cholga:
— Hormang, bobo, yoshligingizda g‘amingizni yemagan ekansiz-da, — debdi.
— Bor bo‘ling. Yoshligimizda g‘amimizni yegan edik, ammo taratdim, — deb javob beribdi. Podsho yana so‘rabdi:
— Ikkingiz uch bo‘lganiga qancha bo‘ldi?
— Ikkim uch bo‘lganiga olti-etti yil bo‘ldi, — debdi chol.
— Unday bo‘lsa, men sizga bitta g‘oz yuboraman. O‘zingiz patini tozalab olarsiz, — debdi podsho.
— Xo‘p, mayli. Kutaman, — debdi chol.
Shundan keyin podsho bilan vazir o‘z yo‘llarida davom etishibdi. Yo‘lda vazir:
— Men sizni chol bilan qilgan suhbatingizni o‘ylayapman, — debdi.
Podsho:
— Sen mening vazirim bo‘la turib, bir qo‘shchi cholchalik ham bo‘lolmabsan-da, — debdi.
Vazir ko‘p o‘ylab, bu jumboqni bilolmay, boshi qotibdi. “Birorta keksaroq odamni topsam, balki aytib berar”, deb o‘ylabdi. Vazir ko‘p axtarib, oxiri bir xaroba uyda yashayotgan qari cholni topibdi. U 90 yoshga kirgan ekan. Vazir cholning ahvolini so‘rab, kelishdan maqsadi nima ekanligini aytibdi. Podsho bilan chol o‘rtasidagi suhbatni aytib beribdi. Shunda chol:
— “Men g‘amimni yegan edim, lekin hammasini taratdim”, deganining ma’nosi uch-to‘rt qizlarim bor edi, hammasini kuyovga chiqardim degani. “Ikkim uch bo‘lganiga olti-etti yil bo‘ldi”, deb javob berganida, u ikki oyog‘i ishdan chiqib, olti-etti yildan beri hassa tutayotganini aytgan. “Bir g‘oz yuboraman, patini o‘zingiz tozalab olarsiz”, deganining ma’nosini aytmayman, kimdan so‘rasang so‘ray ber, — debdi.
Vazir noiloj yana o‘sha cholni axtarib topibdi. Undan podshoning g‘oz haqida aytgan gaplarining ma’nosini so‘rabdi. Shunda haligi chol:
— Bu gapning ma’nosini bilmoqchi bo‘lsang, men bilan birga borib, podsho yonida eshitasan, — debdi. Shunda vazir podshodan uyalishini, uni izza qilishidan qo‘rqishini aytibdi.
— Agar sen uyalsang, qiyofangni o‘zgartirgin. Men senga dehqonlar usti boshini beraman, uni kiyib men kabi bir dehqonga aylanib qolasan. Shunda seni podsho tanimaydi, — debdi chol.
Vazir darrov dehqon libosini kiyib, chol bilan birga podsho huzuriga kelibdi. Chol vazirni ko‘rsatib podshoga shunday debdi:
— Qanday behimmat podshosiz. Menga yaxshi g‘oz va’da qilib, mana shu oriq g‘ozni yuboribsiz.
Shunda podsho kula-kula cholga bir hamyon oltin beribdi. Podshoning odamlari esa borib, uning yerlarini chopib beribdilar.