Podsho bilan ikki xotin

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir podsho bor ekan. U birinchi xotinining ustiga o‘z vazirining qizini xotinlikka olibdi. Vazirning qizi juda zahar ekan. U hadeganda kundoshi bilan urishaverib, hech kun bermas ekan.
Bir kuni ularning urishib turganlari ustiga podsho kelib qolibdi. Ayb kichik xotinida ekan, shunga qaramay, podsho unga tegmabdi. Aybsiz bo‘lsa ham, katta xotinini tutib olib, rosa kaltaklabdi. Kichik xotin kundoshidan qutilish payiga tushibdi.
— Xotiningni o‘ldirmasang, men senga xotin bo‘lmayman, — deb turib olibdi kichik xotini. Podsho nima qilishini bilmay, vaziridan maslahat so‘rabdi. Vazir:
— Podshohim, “yana urishganlaringning ustidan chiqqudek bo‘lsam, ikkovingga ham jazo beraman”, — deng, xizmatkorlaringizga esa, katta xotiningizni qorga ko‘mishga, kichik xotiningizni unga ko‘mishga buyruq bering. Shunda katta xotiningiz qor tagida, sovuqda qotib o‘ladi, siz qutulasiz, — deb maslahat beribdi.;
Podsho bir kuni yana xotinlarining urishayotgani ustidan chiqib, xizmatkorlariga:
— Olib boring, birini qorga, birini unga ko‘ming, — deb buyruq beribdi.
Xizmatkorlar podshoning buyrug‘ini bajo keltirib, katta xotinini qorga, kichik xotinini unga ko‘mib qo‘yishibdi. Bir ozdan keyin ochib qarasalar, un tagiga ko‘milgan vazirning qizi o‘lib qolgan, qor tagiga ko‘milgan katta xotin o‘lmay qolgan ekan.