Hozirjavob vazir

Bir podsho bor ekan. Uning vazirini hamma dono vazir deb hurmat qilar ekan.
Bir kuni podsho vazirining donoligini sinamoqchi bo‘lib:
— Bir yemakka nima yaxshi? — deb savol beribdi.
Vazir ham og‘zidan chiqishi bilan yoqasiga yopishtirgandek:
— Tuxum! — deb javob beribdi.
Podsho jilmayibdi. Oradan bir yil o‘tganidan so‘ng yana so‘rabdi:
— Nima bilan?
Vazir bu savolni kutib turgandek:
— Tuz bilan, — deb javob beribdi.
Shundan keyin podsho vazirining donoligini yaxshi anglab tahsinlar o‘qibdi.