Qozi

O‘tgan zamonda bir er-u xotin bo‘lgan ekan, Ular bir-birlari bilan juda ahil yashar ekanlar, uylarida qo‘y-echkilari va tovuqlari ko‘p ekan. Ro‘zg‘orlari but, o‘zlariga to‘q yashashar ekan.
Nima bo‘libdi-yu, er-xotin arzimagan narsaga janjallashib qolishibdi. Keyin ular ajrashmoqchi bo‘lishibdi va qozining yoniga borib, bo‘lgan voqeani aytib berishibdi. Shunda qozi:
—    Uyinglarda nimalaringiz bor? — deb so‘rabdi.
— Uyimizda mol-pol, gilam-pilam, qo‘y-po‘y, echki-pechki, tovuq-movuq kabi narsalarimiz bor, — deb javob beribdi eri.
Shunday qilib uydagi bor narsalarni shu yo‘sinda aytib chiqibdi.
Qozi:
— Boravering, men hozir boraman — debdi.
U kishi endi uyiga yetib kelgan ekan, qozi ham kirib kelibdi va narsalarni ajrim qila boshlabdi, birma-bir nomini aytib: “mol xotiningizga, pol sizga, uy xotiningizga, puy sizga, gilam xotiningizga, pilam sizga” qabilida hamma narsalarning yarmini xotiniga, ularlarning aksini eriga taqsimlabdi. U kishiga faqat keyingi narsalar tegibdi. Shunda u kishi;
— Narsalarning hammasini teng qilib bo‘lishingiz kerak edi-ku? — debdi.
Qozi esa:
— O‘zingiz aytgan narsalarning hammasini teng o‘rtasidan bo‘ldim, — debdi,
U kishi aytgan gaplariga pushaymon bo‘lib, indamay qolaveribdi.