Otangga qilsang, bolangdan qaytadi

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir chol bilan kampir bor ekan. Ularning yolg‘izgina o‘g‘li bor ekan. Ular o‘g‘lini orzu-havas bilan uylantirishibdi. O‘g‘il ham farzand ko‘ribdi. Ular inoq yashay boshlabdilar. Nabira olti yoshga kiribdi. Chol bilan kampir esa, juda qarib, qo‘llari qaltiraydigan bo‘lib qolibdi. Ular ovqat yesalar kosalarini, choy ichsalar piyolalarini qo‘llaridai tushirib sindiradigan holga yetib, uydagi kosa-piyolalarni sindiraveribdilar.
Bir kuni kelin eriga qarab:
— Men ota-onangiz bilan yashamayman, ular mening butun idish-tovoqlarimni sindirib tashlayapti, — debdi.
Uning gapiga eri hayron bo‘lib, xotiniga: — Otam ham, onam ham juda qarib qolgan, ular ishga yaramaydilar, bizdan boshqa hech kimlari yo‘q. Men ularni qanday qilib ajratib qo‘yaman, — debdi.
— Bo‘lmasa, ota-onangizga yog‘ochdan idish-tovoq yasab bering, ularni alohida uyga o‘tirg‘izib qo‘ying, — debdi xotini.
O‘g‘il bunga rozi bo‘libdi. Ota-onasini boshqa uyga ko‘chiribdi, bolta, tesha va yog‘och olib kelib, ularga idish-tovoq yasashga kirishibdi. Shu paytda olti yashar o‘g‘ilchalari kelib:
— Dada, nima qilyapsiz? — deb so‘rabdi.
— Buving bilan buvang qarib qolishdi, ular chinni idish-tovoqlarni sindirishyapti. Ularga yog‘ochdan idish-tovoq yasab bermoqchiman, — debdi dadasi.
Oradan bir necha kun o‘tibdi. Chol bilan kampir ko‘z yoshi qilib, taqdirlariga tan berib yashay boshlabdilar. O‘g‘li bilan keliniga bir og‘iz ham so‘z demasdan, «keksaysang shu ekan-da», — deb umr kechira beribdilar. Kunlar ketma-ket o‘taveribdi. Bir kuni kelini bilan o‘g‘li o‘z uylarida rosa qah-qahlashib o‘tirsalar, o‘g‘ilchalari bolta, tesha va yog‘ochni xonaga olib kirib taq-tuqlata boshlabdi. Dadasi bilan oyisi unga qarab:
— Nima qilayotibsan? —  deb so‘rashsa, o‘g‘ilchasi:
— Sizlar qariyapsizlar, endi sizlarga ham yog‘ochdan idish-tovoq qilib berib, boshqa uyga o‘tqazib qo‘yishim kerak, — debdi.
Eri yalt etib xotiniga, xotini tilini tishlab eriga qarab, nima deyarlarini bilmay qolibdilar. Bir vaqt o‘g‘ilchalari qarasa, dadasi ham, oyisi ham yerga qarab o‘tirganmishu, ikkovlarining ko‘zidan yosh oqayotgan emish. Shunda xotini eriga ma’yusgina boqib:
— Meni kechiring, birga kirib ota-onamizning ko‘nglini olaylik, bundan keyin birga yashaylik, — debdi.
Eri ham xuddi shuni kutib turgan ekan, xotini bilan birga chol-kampirning oldiga kirib, uzr so‘rabdilar va qilgan ishlariga tavba qilib, kampir bilan cholni o‘zlarining yonlariga olib kelib, yog‘och idish-tovoqlarini otib tashlab, chinni idishlarda ovqat berib, yaxshi xizmatini qilib, inoq yashay boshlabdilar. Chol bilan kampir ham yana o‘g‘li, kelini va nevarasi bilan xushvaqt yashab, murodu maqsadlariga yetibdi. Otangga qilganingni o‘g‘lingdan, onangga qilganingni qizingdan ko‘rasan degani shu ekan.