Osma savat

Qadim zamonda bir savdogarning erka o‘g‘li bor ekan. Bola otasi hayot vaqtida uydagi yaxshi-yaxshi narsalarni ko‘chaga chiqarib, o‘zining do‘stlariga berar, ularni kunda ziyofat qilib yurar ekan. Qazo ajal o‘qini otib, savdogarni olib ketibdi. Hovlida savdogarning ko‘cha kezar o‘g‘li onasi bilan qolibdi. Lekin bu ahmoq bola kap-katta yigit bo‘lguncha savdogar otasidan qolgan dunyoni qirq do‘stiga va bir boyga yedirib, oxiri na uyida, na qo‘lida bir chaqasi qolmabdi. Kunlardan bir kun onasi:
— Bolam, bir ishning boshini tut, uydagi narsalarni kul supurganday supurib bo‘lding, otangdan qolgan dunyolarni palapartish sarflab bitirding. Endi kap-katta yigitsan, ro‘zg‘orga qarash, — debdi.
— Ey, ona, mening qirq jo‘ram bor, har qaysisinikiga berib bir kundan mehmon bo‘lsam, qirq kunim, ikki kundan mehmon bo‘lsam sakson kunim o‘tadi, ishlab nima qilaman? —  debdi o‘g‘li.
— Mayli, bolam, borib ko‘r-chi, qaysi oshnang yaxshi kutib olar ekan, — debdi onasi.
Ertasi kuni savdogarvachcha bir do‘stining uyiga borib mehmon bo‘lmoqchi bo‘lgan ekan, uning qo‘lida hech nimasi yo‘qligini bilgan do‘sti uyiga kelib xotiniga: «Agar meni so‘rab falon kishi kelsa, uyda yo‘q, o‘zi kelganda kelarsiz, deb ayt», debdi.
Bir mahal savdogarvachcha kelib eshikni qoqqan ekan, do‘stining xotini eshikni ochib:
— Uyda yo‘qlar, o‘zlari kelganlarida kelarsiz, — deb, eshikni qattiq yopib kirib ketibdi. Savdogarvachcha esa tilini tishlab qolaveribdi. Yurib-yurib yana bir do‘stinikiga borsa, bundan ham battar ahvolga duch kelibdi. Xullas, birma-bir qirq do‘stining uyiga borgan ekan, hech qaysisi uni bu yoqqa kel demabdi. Savdogarning o‘g‘li och, tinkasi qurib uyiga qaytibdi. Onasi o‘g‘lining ahvoliga achinib, otasidan qolgan-qutgan pullarini yig‘ib beribdi-da:
— Bolam, endi bor-yo‘q pulimni berdim. Boshqa hech narsam yo‘q, aql bilan sarfla, behuda yurma, — debdi.
Bola sevinib, pulni cho‘ntagiga solib, yana ko‘chaga chiqib, qirq jo‘rasini topib ziyofat qilibdi. Qolgan-qutgan pulini ham yigitlarning boshlig‘i — boy aldab-suldab olibdi. Shunday qilib, savdogarning o‘g‘li yana ikki qo‘lini burniga suqib onasining oldiga boribdi. Onasining unga berishga sariq chaqasi ham qolmagan ekan.
Boy har kuni xotiniga kelib allaqaysi yigitni aldab pulini olganini aytar ekan. Boyning xotini bir kuni savdogarning o‘g‘lini uyiga chaqirib, bunday debdi:
— Sen meni o‘zingga xotin qilib ol, men seni boy qilaman.
Bu gapni eshitib savdogarvachchaning og‘zi qulog‘iga yetibdi.
— Bor endi ketaver, ertaga shu mahal yana kel, — deb boyning xotini bir lagan tilla berib jo‘natibdi.
Savdogarvachcha tillani olib to‘g‘ri boyning oldiga boribdi-da:
— Mana tilla, yana maishat qilamiz, — debdi. Yig‘ilishibdi qirq yigit, qurilibdi katta bazm, bo‘libdi hangoma, jaranglabdi gulkosa, ichilibdi sharob, itlar ketibdi ko‘pisining og‘zi-burnini yalab.
Ertasi kuni savdogarvachcha yana boyning xotini oldida hozir bo‘libdi. U yigit bilan o‘ynabdi, kulibdi, vaqtini xushlabdi va yigit ketishi oldida yana bir lagan tillani berib:
— Ertaga yana shu mahal kel, — deb yigitni kuzatib qo‘yibdi.
«Aqlsiz bugunini, aqlli ertasini o‘ylar», degan gap juda ham to‘g‘ri ekan. Savdogarvachcha bir lagan tillani ko‘tarib yana yigitlarning jo‘raboshisi — boyning oldiga boribdi. Bugun ham kechagidek, qurilibdi gurung, bo‘libdi vasvasa, aljirabdi og‘iz, so‘yilibdi qo‘y semiz. Harom pulning qadri yo‘q ekan, qirq yigit savdogarvachcha topib kela yotgan pullarni bebiliska sarflashaveribdi. Kunlardan bir kuni boy savdogarvachchaga:
— Sen qanday qilib buncha pulni topib kelayotibsan, axir puling tugab qolgan edi-ku? —  debdi, yigit:
— Meni bir xotin yaxshi ko‘rib qoldi, har kuni u meni mehmon qiladi-da, qaytishimda bir lagan tilla berib, yaia shu mahal kel, deydi, — debdi. Boy qiziqib xotinning rang-ro‘yini, hovli-joyini so‘ragan ekan, savdogarvachcha hammasini, ro‘yirost aytib beribdi. Boy nima deyarini bilmay hayron qolibdi.
Boy savdogarvachchani «aldab pulini olib yuribman», desa, aldanib yurgan ekan. Bu gapni sir tutibdi, savdogarning o‘g‘li bilan xotinini bir yerda tutib o‘ldirishga qasd kilibdi va yigitga:
— Yana qachon borasan sevgiling oldiga? —  deb so‘rabdi.
— Shu bugun kechqurun boraman, — debdi u. Boy bu gapni ichiga tugib qo‘ya beribdi.
Savdogarvachcha xotin aytgan mahalida uning yonida hozir bo‘libdi. Boyning xotini uni ichkari kiritib, u bilan rosa o‘yin-kulgilar qilib o‘tirganlarida, eshik taqillab qolibdi. Boyning xotini yigitni to‘rda turgan temir arja ga solib qo‘yibdi-da, borib eshikni ochib, erini izzat-ikrom bilan kutib olibdi. Boy xotiniga bildirmay hamma yerni qarab chiqibdi, lekin hech yerda yygitni ko‘rmay yana qaytib ketibdi. Eri ketganidan keyin boyning xotini yigitga bir lagan tilla berib, yana ertaga kelishini aytib, jo‘natibdi.
Savdogarvachcha bugun ham bir lagan tillani olib borib boyga beribdi va:
— Bugun bir xudo asradi, naq qo‘lga tushay deb qoldim, — debdi.
— Qanday qilib qutulding? —  debdi boy.
Yigit hammasini gapirib beribdi. Boy ichidan zil ketib yigitdan so‘rabdi:
— Endi qachon borasan?
— Yana o‘sha vaqtda, — debdi yigit.
U boyning xotini aytgan mahalda yana boribdi. Boy ham uning izi bilan boraveribdi. Xotin yigitni uyiga kiritib, endi vaqtixushlik qilmoqchi bo‘lib turganida boy eshikni qoqibdi. Xotin yigitni suv kadiga solib hovuzga oqizib qo‘yibdi-da, eshikni ochib boyni kutib olibdi. Boy hamma yerni tintib chiqibdi. Arjani ham ochib qarabdn. Biroq, yigitni topa olmay xunob bo‘lib, yana bazmga ketibdi. Boy ketganidan keyin xotin yigitni hovuzdan chiqarib olib, ketar vaqtida yana bir lagan tilla berib jo‘natibdi.
Savdogarvachcha bu gal ham bir lagan tilla bilan boyning oldiga kelib bo‘lgan voqeani so‘zlab beribdi. Boy bo‘lsa rosa darg‘azab bo‘lib, suv kadini qaramaganiga mingda bir pushaymon bo‘lib, gurungni buzmasdan o‘tiraveribdi. Oxiri chiday olmasdan:
— Ertaga yana borasanmi? —  deb so‘rabdi.
— Ha, boraman, — debdi yigit.
Savdogarning o‘g‘li kelishilgan mahalda yana boribdi. Xotin uni rosa izzat-ikrom bilan kutib olib, ko‘igli to‘yguncha o‘ynashibdi. Yigitni endi kuzatay deb turganida eri eshikni qoqibdi. Xotin yigitni osma savatga solib, osib qo‘yibdi.
Eriga eshik ochib, uni kutib olibdi, eri ham hamma joylarni tintuv qilib, yigitni topa olmay xunob bo‘lib o‘tiraveribdi. Ikkisi ham savat osilgan uyda allavaqtgacha churq etmay o‘tirishibdi. Bir mahalda savat uzilib ketib ularning ustiga tushibdi. Shu zamonnyoq xotin: «Voy, bu na balo, bolam tushadigan bo‘ldi-ku», deb erining ustiga o‘zini tashlab, ko‘ylagi bilan erining boshini bekitibdi-da, yigitni qochirib yuboribdi. Lekin yigit bugun pulsiz ketibdi. Ertasi kuni boyning oldiga yigit quruq borgan ekan, boy:
— Ha, inim, nima gap? —  debdi.
— Ey, so‘ramang, bir o‘limdan qoldim, — deb hamma voqeani aytibdi.
Boy osma savatni qaramaganiga va xotinining hiylasiga ichi yonib, o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib o‘tiraveribdi. Boy hech chiday olmay oxiri qoziga borib, xotini va savdogarning o‘g‘li ustidan arz qilibdi. Qozi esa:
— Agar yigit bo‘yniga olmasa unda sen nima qilasan? —  debdi.
Boy esa:
— Agar yigit menga aytgan gaplarini sizga ham aygib bersa, menga xotinimni ham, yigitni ham shu payt o‘ldirishga guvohlik berasiz, agar aytmasa mening boshim o‘limda, — debdi.
Qozi bu masalaga yigitning onasi bilan xotinning ikki akasini chaqirishibdi. Ularga voqeani aytishgap ekan. Ikki akasi:
— Agar singlimiz haqiqatan ham yomon yo‘lga kirgan bo‘lsa, yigitni ham, singlimizni ham o‘ldiramiz, bordi-yu, bu gaplar yolg‘on bo‘lsa seni o‘ldiramiz, — debdilar boyga.
Qozi muhrlangan qog‘ozni boyga va yigitning onasiga, qizning ikki akasiga beribdi. Boy yigitni uyiga mehmopga chaqirishini va ziyofat vaqtida yigitni so‘zlatishini aytibdi. Hammalari rozi bo‘libdilar. Boy yigitni mehmonga chaqirish uchun ketibdi. Yigit kechqurun boyning oldiga kelgan ekan, boy:
— Seni bir yerga mehmonga olib borsam, sen rosa qiziq gaplar aytib gurungni qizitar eding, sharti shu: haligi xotin bilan bo‘lgan hangomalaringni ham aytib berasan, — debdi.
— Jonim bilan aytib beraman, olib boravering, — debdi yigit.
Qorong‘i tushib, yulduzlar chiqqanda boy yigitni o‘z uyiga boshlab boribdi. Lekin xotinini va yigitning onasini boshqa uyta kiritib, chiqmaslikni shart qilib qo‘yibdi.
Ziyofat rosa qizibdi. Boy yigitga qarab:
— Endi sen bizga bir qiziq narsalar aytib ber, — debdi. Yigit aytishga shaylanib, o‘zining tug‘ilganidan to stasining topgan-tutganini sarflaganigacha aytib bo‘lib, endi o‘zining boy xotini bilan bo‘lgan voqeasini aytishga kirishganida, bular o‘tirgan uyning bir teshigidan xotin yigitga ko‘rinibdi va «aytma» degan imo-ishora qilibdi. Yigit gapini shartta to‘xtatib qo‘yibdi. Boy esa:
— Ha, ha, ayt endi o‘sha go‘zal qizning senga tillalar berib sandiqqa, suv kadiga va osma savatga solib qo‘yganlarini, — debdi. Yigit ham yaxshilab o‘tirib olib:
— Qaysi qiz meni sandiqqa, suv kadiga, osma savatga solibdi, nima, men jinni bo‘libmanmi sandiqqa kirib, suv kadida yotib, osma savatda osilib, — deb boyni jerkib tashlabdi. Shu vaqt ikki yigit birdan o‘rnidan turib boyning ikki yonidan ikki pichoq urib o‘ldirib yuboribdi. Bir qancha vaqt o‘tgandan keyin xotinni yigitga nikohlab qo‘yibdilar.