Oqila qiz

Qadim zamonlarda Xivada bir xon o‘tgan ekan. Bu xon Shovot yopidan Xivaga bir ariq qazdiradigan bo‘libdi. O‘z qo‘l ostidagi barcha odamlarni ana shu ariqni qazishga haydabdi.
Xon ko‘p zolim ekan, poshshoplariga:
— Kimda-kim ishga bir daqiqa kech qolsa, qirq toziy urilsin, agar bir soat kech qolsa, dorga osilsin, bordi-yu, bir kun ishga kelmasa, bola-chaqasi bilan o‘ldirilsin, — deb buyruq beribdi.
Xonning poshshoplari ham xonga o‘xshagan ko‘p berahm, zolim kishilar ekan. Ko‘p bechoralarni bo‘lar-bo‘lmasga o‘ldirib, qumning ostiga ko‘mib yurishar ekan. Yer qazish juda qiyin ekan, ming-minglab odamlarning bugun qazigan arig‘ini ertasi qum bosib qolaverar ekan. “Qazuv qazgan — xudo yozgan” degan gapni bekorga aytmaganlar-da!
Shovot yopining bo‘yidagi qishloqlardan biridagi Zuhra degan juda chiroyli bir qiz Cho‘lpon degan bir yigitni yaxshi ko‘rar ekan. Yigit ham qizni jon-dilidan sevar ekan. Yigit kuni bilan og‘ir mehnat qilib, kechalari qizni ko‘rish uchun shu qishloqqa kelar ekan. Zuhra esa kunduzlari kitob o‘qir, gilam to‘qir ekan. Kechalari Zuhra bilan Cho‘lpon soz-suhbat qurishib, bir-birlariga tikilishib, suv bo‘yida o‘tirishib, qo‘shiq-lapar aytishar ekan.
Kunlardan bir kuni tong paytida yigitning uyqusi kelib, uxlab qolibdi. Uyqudan bosh ko‘tarib qarasa, quyosh ancha ko‘tarilib qolgan emish. Cho‘lpon nima qilishini bilmay, ko‘p xafa bo‘libdi. Qazuvga boray desa, — dorga osiladi, bormay desa baribir xonning jallodlari o‘zini, qavm-qarindoshlarini ham o‘ldiradilar. Yigitning boshi qotib, Zuhra qizga:
— Endi mening boshim baloga qoldi. Xonning poshshoplari meni, albatta, o‘ldiradi. Hey attang, yosh umrim zoye bo‘ldi, sendan ham ayrildim! — deb, yig‘layveribdi. Zuhra unga tasalli berib:
— Jonim, sen xafa bo‘laverma, men seni o‘limdan qutqaraman, — debdi-da, yigitni uyga kiritib yotqizibdi.
Otxonadan bir oq otni olib chiqib egarlabdi, otning bir yonini qoraga, bir yonini qizilga bo‘yabdi. So‘ng erkakcha kiyinib, qilich-qalqonlarni olib, boshiga jig‘a taqib, otga minibdi-da, savlat bilan yo‘lga tushibdi. Qiz anhor qazuvchilarga yaqinlashganda, otiga qamchi bosibdi. Ariqning bir tomonidan ot choptirib boribdi-da, qamchisini silkitib:
— Hoy, hoy katta-kichik odamlar, eshitmadim demanglar! Zolim poshshoplarni, berahm miroblarni tutib olib, o‘ldiringlar, xonning buyrug‘i shu, — deb qichqirib o‘taveribdi. So‘ng ariqning boshqa tomonidan ot choptirib borib, yana haligiday deb jar solibdi. Poshshop va miroblarning zulmi jonlaridan o‘tib ketgan odamlar hay-haylashib, yaramas poshshoplarni, ablah miroblarni tutib olib, do‘pposlayveribdilar. Hamma yoq ur-sur, to‘polon bo‘lib ketibdi. Bir qancha zolimlar o‘ldirilibdi, bitta-yarimtasi qutulib qochibdi. Ish ham to‘xtabdi.
Bu xabarni eshitgan xon darg‘azab bo‘lib, darrov otlanibdi-da, askarlari bilan yetib kelibdi. Keyin pishqirib:
— Bunday buyruqni sizlarga kim aytdi? — deb so‘rabdi. Qazuvchilarning bir qismi:
— Qora ot mingan odam kelib aytdi, — desa, ikkinchi qismi:
— Qizil ot mingan, qilich-qalqon taqqan, shohona kiyingan bir yigit aytdi, — deb xabar berishibdi,
Ahmoq podsho gap nimada ekanligiga aqli yetmay, noiloj orqasiga qaytibdi. Shunday qilib, Zuhra qiz o‘z sevgan yigitini o‘limdan saqlab qolgan ekan.