Noshud chol

Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, bir chol bilan kampir bor ekan. Ularning farzandi yo‘q ekan. Juda kambag‘al yashashar ekan. Bir kuni ikkovlari juda och qolishibdi, yeyishga hech nimalari qolmabdi. Shunda kampir cholni koyib:
— Hoy chol, uyda o‘tiraverasizmi, ko‘chaga chiqib biror narsa topib kelsangiz-chi, — debdi.
— Qayoqqa boray? — deb so‘rabdi chol.
— Hozir dehqonlar dalada bug‘doy shopirishyapti. O‘sha yerga borib, bir hovuch-yarim hovuch bug‘doy olib kelsangiz, non-pon qilardim, — debdi kampir.
— Menga berisharmikan, — deb tusmollanibdi chol.
— Borib ularga yaxshi gapirsangiz, duo qilsangiz, ajab emas, bir hovuchgina bug‘doy berishsa, — debdi kampir.
— Yo‘lda aytadigan gaplarim esimdan chiqib qolsa-chi, — debdi yana chol.
— Xirmonga yetib borguncha “bir hovuch, yarim hovuch” deb qaytarib ketavering, — debdi kampir.
Chol yo‘l bo‘yi shu -so‘zlarni takrorlab ketaveribdi. Xirmonga yetib borgach ham, “bir hovuch, yarim hovuch” deb to‘xtamasdan aytaveribdi. Dehqonlarning jahli chiqib, cholni urishib berishibdi. Ular cholga “baraka bersin”, “baraka bersin” degin, deb, haydab yuboribdilar. Chol yo‘lda “baraka bersin”, “baraka bersin” deb davom etaveribdi.
Bir yerda bitta odam o‘t yoqib, bit kuydirayotgan ekan. Chol uning yonidan o‘tib ketayotib ham “baraka bersin”, “baraka bersin” deyaveribdi. U odamning jahli chiqib, cholni urishib ketibdi. “Boringgayam qirg‘in kelsin”, deb aytgin, shunda bitlarimga qirg‘in keladi” debdi.
Chol “boringgayam qirg‘in kelsin” deb, o‘z yo‘liga ravona bo‘libdi. Yurib-yurib bir qishloqqa kirib boribdi. U qishloqda bir boy bor ekan, uning bitta-yu bitta o‘g‘li o‘lgan ekan. Bir to‘da eshon-mullalar boyning eshigi yonida aza tutib turishgan ekan. O‘sha eshon-mullalarning yonidan o‘tib ketayotib, “boringgayam qirg‘in kelsin”, deb aytaveribdi. Eshon-mullalarning “bu nimalar deyapti”, deb jahllari chiqibdi. “O‘zimizning ikki qo‘limiz yoqamizda-yu, bu yana bunaqa gaplar qiladi” deb, cholni ura ketishibdi.
Chol yig‘lamsirab, “nima deyin bo‘lmasa” desa, “yoqa tutib tavba denglar” degin, deyishibdi eshon-mullalar. Chol shu so‘zlarni qaytarib, yana o‘z yo‘lini davom ettiribdi. Yurib-yurib bir to‘yning ustidan chiqib qolibdi. To‘yxonaga kirib, oshpazlar yonidan o‘tayotib “yoqa tutib tavba denglar” deb takrorlayveribdi. Oshpazlar cholni urishib, “nimalar deyapsan, to‘yda ham shunaqa deydimi”, deb qo‘llaridagi narsa bilan ura ketibdilar. Chol nolib:
— Nega kapgir, cho‘mich bilan urasizlar, nima deyin bo‘lmasa, — debdi.
Oshpazlar:
— Do‘ppingni osmonga otib, “tarallo, tarallo”, — deb yurgin deyishibdi.
Chol shu so‘zlarni takrorlab, yurib-yurib o‘z uyiga qaytib kelibdi. Kampir cholni ko‘rib:
— Shuncha vaqtdan beri qayerlarda yuribsiz? Don olib keldingizmi? — deb so‘rabdi.
Chol bo‘lgan voqealarni kampirga aytib beribdi. Kampir xafa bo‘lib, cholni rosa koyibdi.