Navoiy bilan mardikor

Bir o‘spirin yigit mardikorchilik qilib kun kechirar ekan. U, yurgan yo‘lida odamlar o‘rtasida bo‘lgan janjallarni bostirib, birovning aravasi loyga tiqilib qolsa, birgalashib chiqarishib, xalqqa yordami tegib yurar ekan. Bu yigitdagi xislatni ko‘rgan Alisher, uni hurmatlab, kachon ko‘rsa undan oldin salom berib o‘tar ekan. Yigit Alisherning bu hurmatiga ajablanib: «Men erta-yu kech odamlarning janjallarini bostirib, loyga botgan aravalarini chiqarishib yursam, umrimda namoz o‘qimasam, ro‘za tutmasam ham, Alisher meni bunchalik hurmat qiladi. Bu yurishimdan foyda yo‘q. Bola-chaqam bo‘lmasa, menga dunyoning nima keragi bor» deb, pirga qo‘l beribdi. Xudojo‘ kishi bo‘lib, bir masjidning jilovxonasida erta-yu kech hech kim bilan ishi bo‘lmay, toat-ibodat qilib o‘tiradigan bo‘libdi.
Bir kun yigit jilovxonada tasbeh o‘girib o‘tirgan ekan, Alisher bir yigit bilan gaplashib, jilovxona oldidan o‘tib qolibdi. Yigit ko‘nglida: «Alisher juda karomatli odam ekan, mening namozxon bo‘lib, toat-ibodat qilishimni avvaldan bilib, meni hurmat qilar ekan», deb, o‘rnidan turib, ta’zim bilan salom beribdi. Alisher salomiga alik olish u yoqda tursin, aftiga ham qaramay, o‘tib ketibdi. Yigit: «Alisher yonidagi yigitning gapiga berilib meni payqamay qolgan bo‘lsalar kerak» deb, o‘ziga tasalli beribdi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tar-o‘tmas, Alisher yana o‘sha yigit bilan gaplashib kelaveribdi. Yigit o‘rnidan turib salom beribdi. Alisher yana indamay o‘tib ketaveribdi. Yigit hayron bo‘lib, Alisherdan:
— Taqsir, bir umr peshonam sajdaga tegmay, baqirib-chaqirib yurganimda salom berib o‘tar edingiz, endi men erta-yu kech toat-ibodat qilib o‘tirib, sizga salom bersam, alik olmaysiz. Buning sababi nima? —  deb so‘rabdi. Shunda Alisher:
— Sen, o‘sha baqirib-chaqirib yurganingda xalqqa foydang tegib yurar eding, endi bo‘lsa ertalabki nonushtang bilan kechqurungi ovqatingni g‘amida ertadan kechgacha xalqqa ko‘z tikib o‘tirasan. Salomingga alik olmasligimning sababi shu! — debdi.
Navoiyning bu so‘zlari yigitga qattiq ta’sir etib, u yana o‘zining avvalgi ishini davom etdiradigan bo‘libdi.