Mehr

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir aka-uka bo‘lgan ekan. Akasining uchta farzandi bor ekan. Ukasi esa yolg‘iz o‘zi yashar ekan.
Bahorda ikkalasi teng sherikka bug‘doy ekishibdi. Kuz kelibdi, bug‘doyni yig‘ishtirib, akasining uyiga olib kelishibdi, ikkiga bo‘lib qo‘yib, uxlagani yotishibdi. Ukasi bir uxlab turib, “Akamning bola-chaqasi ko‘p bo‘lsa, men bitta o‘zim yashasam, shuncha bug‘doyni olsam akam qiynalib qoladi-ku” deb, o‘zining ulushidan olib akasinikiga qo‘shib qo‘yibdi.
Akasi ham bir uyg‘onib turib, “Biz ko‘pchilikmiz, rizqimizni bir amallab topib olarmiz, ukam o‘zi yolg‘iz, qiynalmasin” deb, u ham o‘z ulushidan ukasinikiga solib qo‘ygan ekan.