Kanizak bilan podsho

Podshoning qirqta xotini bor ekan. Ularning ichida Sarvigul degani juda chiroyli ekan. Uni podsho hamma xotinlaridan ko‘proq sevar ekan. Kunlarning birida malika o‘zining ismi go‘zalligiga mos emasligi to‘g‘risida podshoga shikoyat qilibdi. Shunda podsho: «Agar bundan keyin kimki malikani Sarvigul deb atasa, tilini kesib, og‘ziga qo‘rg‘oshin quyaman», deb farmon chiqaribdi.
Ittifoqo, farmon chiqqan kuni Sarvigul bog‘da sayr qilib yurar ekan. Uni uyqu bosibdi. Gullar orasiga qo‘yilgan so‘rida yotib uxlabdi. Bir qancha vaqtdan keyin uyg‘otmoqchi bo‘lganlarida malikaning qazo qilganligi ma’lum bo‘libdi. Kanizlarni qayg‘u bosibdi. Bu xabar saroydagi kishilarga ham tez vaqt ichida ma’lum bo‘libdi. Ammo, bu xabarni podshoga yetkazish eng og‘ir, mushkul ish ekan. Chunki, birinchidan, malikaga yangi nom qo‘yilguncha yo‘q, ikkinchidan, avvalgi ismini aytib xabar qilingan taqdirda podsho o‘z farmoniga muvofiq xabar bergan kishini jazolashi turgan gap ekan. Podshoga ma’lum qilinmabdi. Lekin, o‘likning yota berishi mumkin emas-ku. Buning ustiga, o‘z vaqtida xabar berilmagani uchun saroydagi kishilar yana jazolanishi mumkin. Saroy kishilari bu mushkul ishdan qutulish yo‘lini qidira boshlabdilar. Shu paytda, kanizaklardan biri dadil ovoz bilan:
— Men borib xabar qilaman, — debdi. Boshqalar masxara qilib:
— Shuncha aqli rasolar turganda, senga chikora, o‘lging kelyaptimi, — deyishibdi.
— Mayli, — debdi kanizak va chopib, podsho yoniga kelibdi. Podsho taxtda o‘tirgan ekan. Qiz eshikka yaqinlashib, eshik tirqishidan astagina ovoz bilan bir misra she’r o‘qibdi:

Sarvigulning soyasida so‘ldi gul, netmoq kerak?

Podsho bu misrani eshitgach, g‘am ostida qolib javob beribdi:

Bargidan tobut yasab, guldin kafan etmoq kerak.

Mushkul ish hal bo‘libdi. Sarvigulni ko‘mibdilar, keyin podsho shu xabarni yetkazgan kanizakni huzuriga chaqirtiribdi. Kanizak podsho qarshisida bosh egib turar ekan.
Podsho:
— Malikaning o‘limi haqidagi xabarni menga sen yetkazdingmi? — deb so‘rabdi.
— Shunday, podshohi olam! —debdi kanizak. Podsho:
— Bu ishing uchun senga davlatimning yarmini berdim, — debdi.
— Marhamatlari uchun tashakkur, — debdi qiz, — men ham o‘z davlatimning yarmiga sizni sherik qildim, bo‘lmasa.
Podshoning jahli chiqibdi.
— Sen kimning qarshisida turg‘aningni unutma! Men mamlakat shohiman, davlatning barchasi menda! Sen qul qizda davlat nima qilsin, ey beaql maxluq!..
— Afv etsinlar, podshohi olam, — debdi qiz, — davlatingizning hammasini bersangiz ham uni o‘z aql-idrokimning yarmiga teng ko‘rmayman!
Kanizakning bu javobidan podsho indayolmay, mot bo‘lib yerga qarabdi.