Kampir bilan shaqol

Bir kampir: «Shaqolning dastidan dod!» debdi:

Shaqollar keladi har yoqdan xezlab,
Tovug‘imning yotgan joyini izlab.
Patini yuladi, go‘shtini tuzlab,
Bu shaqollar meni harob ayladi.
Kechalar qayerda yuradi ulib.
Tovuqlarning yotgan joyini bilib,
Olib qochar dashtga tomog‘in bo‘g‘ib,
Bu shaqollar meni xarob ayladi.
Qanday bo‘lsa tovug‘imni bilmasa,
O‘zim kampir, ko‘zim ko‘rmay qolmasa,
Kelganini kuchuklar ham bilmasa,
Bu shaqollar meni xarob ayladi.
Tovug‘imga xo‘p pana yer etmasam,
«Shaqol keldi», — deb merganga aytmasam,
Bu sabilning kelganini bilmasam,
Bu shaqollar meni xarob ayladi.

Shaqol tomning orqasiga kelib, kampirning dod deganini eshitib turgan ekan. Shaqol ham kampirga javob beribdi:

E momo, kampir, pirag‘ar
Taqqa joyingda turabor.
G‘ayratim sendan zo‘rabor —
Xo‘rozingni men yedim,
Makiyoning tag‘in nechta bor?
O‘zlari qari shaqol-a,
Izlari loyga botar-a,
Chaqirib kel merganingni
Changalzorning ichida-ya
Shaqollar ulib yotar-a.

Kampir aytibdi:

Merganim botir, shokamon,
Botirlarga bir aytaman,
Yig‘ilib borib ustingga
O‘zim ham minging otaman.

— Qurma, kampir, mashmashangni,
Eymiz ochgan bor jo‘jangni.
Sen bo‘lasan bizga boqim,
Bizga berasan bolangni.
Shunda ishingni tindiray,
Emasam bo‘g‘ib o‘ldiray.
Tuqqan tuxuming sindirib,
Iching alamga to‘ldiray.

Kampir aytadi: — Men turay,
Merganlarga xabar beray,
Ustlaringga yovlab borib
Bittangni qo‘ymay o‘ldiray.

Berdi xabar merganlarga
Jonidan ko‘p to‘yganlarga.
Bosib yurdi changalzorga,
«Keldik, chiq!»— dedi maydonga!
Ko‘ring endi mard kampirni
Merganlari girdin oldi,
Shaqol, bo‘rilarni qirdi
Elni baridan qutqardi.