Ikki ahmoq

Bir otliq kishi machitning oldidan o‘tib ketayotib, o‘tirgan ikki kishiga salom beribdi. Ikkalasi birdan alik olibdi. Otliq ketgandan keyin ikkala o‘tirgan talashibdi.
Biri: «Nega sen alik olding? U salomni menga berdi-ku», deganda ikkinchisi turib: «yo‘q, u salomni menga berdi», debdi.
Shu yerda ikkalasi otliqdan so‘ramoqchi bo‘lib, uning orqasidan yugurishibdi.
— Siz, salomni kimga berdingiz? — deb so‘rashibdi undan. Shunda salom bergan kishi ichida: «Ha, bular juda ham ahmoq ekan», deb:
— Qaysi biring ahmoq bo‘lsang, o‘shaningga berdim, — debdi.
Shunda biri turib:
— Men ahmoq, — deganda ikkinchisi turib: — Men sendan ham ahmoq, — debdi.
Otliq:
— Qani bo‘lmasa sen qanaqa ahmoqsanu, sen qanaqa ahmoqsan? — deb so‘rabdi.
Biri:
— Bir vaqt men maktabda domla edim. Bir kun bolalarim suv turgan xumga qarab aksini ko‘rib: «He… taqsmr, xumning ichiga bolalar tushib, harom qilibdi», deganda, «qaysi biri xumning ichidan chiqsa ura beringlar», deb xumniig ichiga boshimni suqib qarasam, hech narsa yo‘q. O‘zim boshimni ko‘targanda, birdan bolalar meni urib ketishdi. Shunda: «Men domlalaring bo‘laman», demagan ahmoqman, —debdi.
Ikkinchisi:
— Men bir vaqt kasal bo‘lganimda hakim «qirq kungacha go‘sht, tuxum yemasdan parhez qilgin», deb tayinlagan edi. Bir kam qirq kunga qadar sabr qilib, qirqinchi kuni uydagilar tuxumli ovqat qilgan ekan, ha, endi bir kunga hech narsa bo‘lmas deb, bir tuxumni archib, endi og‘zimga solgan edim, haligi hakim kelib qoldi. Men tuxumni lunjimga olib turib qoldim. Tabib mendan: «Nega beting shishib ketdi», deb so‘radi. Men tabibning parhezidan qo‘rqib, «tishimning og‘rig‘iga betim shishib ketdi», dedim. Hakim: «Bay-bay, yomon bo‘libdi-ku», deb yonidan nishtarini olib, betimni kesib, oqni oq, sarigini sariq qilguncha, «tuxum» demagan ahmoqman, — debdi.
Undan keyin otliq: «Toza ahmoqlarga yo‘liqqan ekanman. Ikkoving ham chinakam ahmoq ekansan», deb keta beribdi.