Hiylagar bedana

Bor ekanda yo‘q ekan, bitta zag‘izg‘on bo‘lgan ekan. U bir tup do‘lananing tepasiga in qo‘yibdi va beshta bola ochibdi. Bolalari endi uchirma qilishga yaqinlashgan kunlarda undan bir och tulki xabardor bo‘lib qolibdi. Tulki zag‘izg‘onga do‘q qilib, bolalarini yeyish payiga tushibdi. U do‘lananing tagiga kelib:
— Ey zag‘izg‘on, bitta bolangni tashlasang tashlagading, tashlamasang do‘lapangni tagidan ag‘daraman, qizil qoningni shimiraman, etingni yeb, suyaklaringni kemiraman, bolalaring bilan bitta qo‘ymay hammangni qiraman, — deb qo‘rqita boshlabdi.
Bechora zag‘izg‘on qo‘rqib ketganidan bitta bolasini yig‘lab-yig‘lab tashlab yuboribdi. Tulki uni ko‘tarib jo‘nab ketibdi. Ertasiga tulki ovqat topib yeyolmay. yana do‘lananing tagiga kelib, zag‘izg‘onga kechagidek do‘q qila boshlabdi:

— Do‘lanangni to‘miraman .
Qonlaringni shimiraman.
Suyagingni kemiraman,
Bitta qo‘ymay qiraman.

— Yana bitta bolangni tashla, yaxshilikcha tashlamasang, o‘zing bilasam, — debdi. Zag‘izg‘on boshqa bolalarim omon qolar-ku, — degan niyat bilan jonidan aziz bo‘lgan bolasining ikkinchisini qurbon qilibdi.
Tulki zag‘izg‘onning ikkinchi bolasini ko‘tarib, jo‘nab qolibdi. O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, degandek tulki to‘rt kun deganda zag‘izg‘onning to‘rtta bolasini yeb qo‘yibdi. Beshinchi kuni zag‘izg‘on bittagina bolasi bilan qolib, yig‘lab o‘tirgan ekan, uning oldiga birdan bir bedana uchib kelibdi. Yig‘lab o‘tirgan zag‘izg‘onga ko‘zi tushib, bedana uning holini so‘rabdi. Zag‘izg‘on o‘z ahvolini so‘zlab beribdi. Dono bedana zag‘izg‘onning nodon va qo‘rqoqligiga ko‘p achinibdi. Keyin unga shunday deb o‘rgatibdi.
— E zag‘izg‘on, tulki yana sening oldingga kelib:
— Do‘lanangni to‘miraman,
Qonlaringni shimiraman…—
deb do‘q qilsa, sen «to‘mirsang to‘miraver, shimirsang shimiraver», deb tura ber. Qolgan bolangni tashlama, — debdi.
Bedana ketgandan so‘ng, tulki kelib qolibdi. Tulki kundagi do‘qini qilib, zag‘izg‘onni qo‘rqitmoqchi bo‘lgan ekan, zag‘izg‘on:
— Do‘lanani to‘mirsang to‘miraver, kemirsang kemiraver, endi sendan qo‘rqmayman, — debdi. Shunda tulki:
— E zag‘izg‘on, bu so‘zlarni senga kim o‘rgatdi? —  debdi. Zag‘izg‘on:
— Bu so‘zlarni menga bedana o‘rgatdi, — debdi. Tulki:
— Bedana qayoqqa ketdi? — deb so‘rabdi.
Zag‘izg‘on bedana ketgan tomonni tulkiga ko‘rsatib beribdi, endi tulki bedananing orqasidan izlab ketibdi. Bedana bir o‘tloqqa borib uxlab yotgan ekan. Tulki uning izidan borib topib, ustalik bilan bedanani tutib olibdi. Bedana:
— E tulki, meni nima qilmoqchisan? —  degan ekan, tulki:
— Sen zag‘izg‘onga gap o‘rgatganing uchun u bolasini tashlamadi. Endi seni yemoqchiman, — debdi. Bedana tulkiga aytibdi.
— Meni yeganing bilan hech bir baraka topmaysan, qorning ham to‘ymaydi, mening bir barmoqchalik ham etim yo‘q. Sen meni yemasang, seni yaxshilab to‘ydiraman.
Tulki:
— Qanday qilib meni to‘ydirasan? —  deb so‘rabdi. Bedana aytibdi:
— Katta yo‘lga chiqib turamiz, sen bir to‘da xashakning ichiga kirib berkinib turasan, xotinlar dasturxonlarda turli narsalarni tugib o‘tadilar. Men ularning oldiga tushib, hurpayib turaman. Xotinlar meni ko‘rib: «Mana bu bedanani ko‘ringlar», deydilar. Shunda men ucholmay, yo‘rg‘alab qochaman. Xotinlar dasturxonni qo‘yib meni ushlamoqchi bo‘ladilar. Men sekin-sekin yo‘rg‘alab, sekin-sekin uchib, ularni uzoqroqdagi bir tepaning orqasiga olib ketaman. Sen shu vaqt xashak orasidan chiqib, dasturxonlarni ochasan, eng yaxshi narsalarni olib qocha berasan.
Bu tadbirni eshitgan tulki shodlanibdi. Tulki bilan bedana katta yo‘lning bir chetiga chiqib turibdilar. Tulki xashak orasiga kirib yashirinibdi. Shunda uzoqdan uch-to‘rtta xotin katta-katta dasturxonlarni ko‘tarib kela beribdi. Bedana xotinlarning oldiga chiqib hurpayib tura beribdi. Xotinlardan bittasi:
— E, ana u bedanani qaranglar, — debdi.
Boshqa bir xotin:
— Mening bolamning bedanasi uchib ketgan edi. U har kuni bedana deb xarxasha qiladi. Kelinglar, hammamiz o‘rab tutib olamiz. Bu bedana ucholmaydiganga o‘xshaydi, — debdi.
Xotinlar tugunlarini yerga qo‘yib, bedanani ushlash uchun quvlabdilar. Bedana avval yo‘rg‘alabdi, keyin kalta-kalta uchibdi, oxiri xotinlarni qiziqtirib, tepaning orqasiga olib o‘tibdi. Xotinlar: «Bu bedananing qanotlari yulingan bo‘lsa kerak, zo‘rg‘a uchyapti», deb o‘ylab turgan ekanlar, bedana birdan «pirr» etib uchib, ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.
Xotinlar dasturxonga bir talay non va go‘shtlarni solib, chimildiq uzdiga  ketayotgan ekanlar. Tulki dasturxonlar xoli qolganini ko‘rib, darrov ochibdi, non va go‘shtlarni yeb juda ham to‘yib ketibdi. U yana bedanani qidirib topibdi. Shunda tulki:
— E bedana, meni ko‘p to‘ydirib yubording, ovqatni hazm qilishim qiyin bo‘lib qoldi. Endi menga bir qiziq tomoshalarni ko‘rsatib, aylantirib kelgin va meni kuldirgin, — debdi.
Bedana uchib borib, bir sigir sog‘ib o‘tirgan kampirning oldiga yaqinlashibdi. Pirr etib uchib sigirning shoxiga qo‘nib olibdi. Kampir buni ko‘rib cholni chaqiribdi.
Chol bedanani urib olmoqchi bo‘libdi. Mo‘ljallab turib tayoq otgan ekan, bedana uchib ketibdi, sigirning shoxi sinibdi, hurkib ketgan sigir kampir sog‘gan sutni to‘kib yuboribdi. Buni ko‘rgan tulki kula berib, ichagi uzilay deb qolibdi. Bedana xira tulkidan uzoqlashib, u bilan xayrlashmay jo‘nab qolibdi.
Tulki ertasi erta bilan yana bedanani qidirib ketibdi. Bedana bir o‘tloqda o‘tlarning urug‘larini yeb yurgan ekan, birdan zavq bilan sayrab yuboribdi. Agar u sayramaganda, tulki uni kechgacha ham topolmas ekan. Tulki bedanani ko‘rib, buyruq qilibdi:
— Ey, bedana, bugun ham meni to‘ydirib, xursand qilasan, bo‘lmasa o‘zingni yeb qo‘yaman, — debdi.
Bedana ichida: «Bu xira tulkidan qutulish kerak, u xatarli dushman, chunki uxlab qolganingda ushlab olsa, yeb qo‘yishm mumkin» deb o‘ylabdi. Bedana tulkiga:
— Xo‘p, bugun ham to‘ydiraman, lekin bu yaqinda to‘n ham yo‘q, kechagidek dasturxon ko‘targan xotinlar ham yo‘q, shuning uchun qishloqqa yaqin joyda bir parcha go‘sht ko‘rgan edim, shunga boshlab boraman, — debdi. Tulki rozi bo‘libdi.
Bedana bu gal tulkini cho‘ponlarning qopqoniga boshlab boribdi. Qopqondagi go‘shtni ko‘rgan tulki bora solib o‘zini go‘shtga uribdi. Qopqonning ilgagi chiqib tulkining bo‘ynidan qisib olibdi. Ayyor tulki o‘z tumshug‘idan qopqonga ilinib, ko‘p azob chekib o‘libdi.
Bedana ham, zag‘izgon ham xira va ayyor dushmandan qutulib qolibdi.
Cho‘ponlar qopqondagi tulkini ko‘rib, juda xursand bo‘libdilar.