Xotinning yaxshi-yomoni mehmon kelganda bilinar

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir er-xotin bor ekan. Er ovchilik bilan shug‘ullanar ekan. Uning otasi ulardan uzoqroq joyda yashar ekan.
Bir kuni er ovga ketganida birov eshikni taqillatib, “Hazratqul” deb chaqiribdi. Uning xotini eshikni ochmay, ichkaridan turib, “uyda yo‘qlar” deb javob beribdi va kelgan mehmonning kimligini ham so‘ramabdi.
Mehmon eshikning ortida turib-turib qaytib ketibdi. U kelgan kishi erining otasi ekan. Ketmasidan avval u kishi shunday debdi:
— Hazratqul kelsa ayting, ostonani boshqa qursin! Eri ovdan qaytgach, xotini:
— Siz yo‘g‘ingizda bir kishi keldi. “Eringiz ostonani boshqa qursin” deb ketdi, — debdi.
Shunda eri bo‘lgan voqeani tushunib, xotinining javobini berib yuboribdi.
Bir qancha vaqt o‘tgach, Hazratqul yana uylanibdi. U ovdaligida yana otasi kelib, eshikni qoqibdi. Xotini chiqib, uni uyga taklif etibdi, mehmon qilibdi. U xursand bo‘lib, qaytayotganida:
— Eringiz kelsa ayting, ostonani sira o‘zgartirmasin, — debdi.