Eshmat bilan Toshmat

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda ikki do‘st yashagan ekan. Ulardan birining ismi — Eshmat, ikkinchisiniki Toshmat ekan. Ular o‘rtalaridan qil o‘tmas yaqin do‘st ekan. Ikkovlari ham juda kambag‘al ekan.
Kunlardan bir kun ular Xizr yoniga iltimos bilan bormoqchi bo‘lishibdi. Eshmat bilan Toshmat o‘zaro maslahatlashishibdi. Shunda Eshmat:
— Men Xizrdan mol-dunyo va ko‘pgina ulfatlar so‘rayman, — debdi. Toshmat esa:
— Menga mol-dunyo kerak emas. Men yoshimni yashab, uylanib, bola-chaqa orttirsam, deyman, —- debdi.
— Ey, undan ko‘ra, menga o‘xshab sen ham mol-dunyo so‘rasangchi? Agar boyliging bo‘lsa, hamma ish ham yurishib ketaveradi, — debdi Eshmat.
Toshmat esa o‘z gapidan qaytmabdi. Ular Xizrga borib, o‘z tilaklarini aytishibdi. Xizrning ularga rahmi kelib, so‘ragan narsalarini beribdi. Kelgusidagi hayotlari o‘zlari tilab olganlaridek bo‘lishini aytibdi. Ikkalasi ham xursand bo‘lib qaytishibdi va katta bir chinor tagiga kelib dam olishibdi. Shu chinor tagida Eshmat bilan Toshmat ajrab ketishlari kerak ekan. Ular xayrlashib, uy-uylariga jo‘nashibdi.
Oradan bir necha yillar o‘tibdi. Eshmat juda boy bo‘lib ketibdi, mol-u dunyosi, o‘rtoqlari borgan sari ko‘payib, qayerga borsa mehmondorchilik, aysh-ishrat bilan yashabdi. U qirqta xotin olibdi, lekin birorta ham farzand ko‘rmabdi.
Bir kuni xunob bo‘lib o‘tirib, do‘sti Toshmat esiga tushibdi. Eshmat do‘stidan bir xabar olmoqchi bo‘lib, bir qancha do‘stlari bilan Toshmatnikiga jo‘nabdi.
Toshmat mehmonlarni juda yaxshi kutib olibdi. Toshmat kambag‘al yashar ekan. Uning egnida eski chopon, oyog‘ida eski kalish, bitta nosqovoqni osib olgan ekan. Uning juda go‘zal xotini, o‘nta o‘g‘li, sakkizta qizi bor ekan. Katta farzandlari yordam beradigan bo‘lib qolgan ekan. Toshmat topganini, borini dasturxonga qo‘yibdi. Shunda Eshmat:
— O‘rtoq, o‘shanda nimaga sen mening gapimga kirib mol-u dunyo so‘ramading? Yashashingni qara, bir ahvol. Senga farzandlaring nima qilib berardi? — debdi.
Bu gapdan Toshmatning jahli chiqib:
— Yashashimga nima bo‘libdi, men ham boshqa odamlar singari kunimni ko‘rib yuribman. Hayotimdan nolimayman, yonimda bola-chaqalarim bor, nima g‘amim bor? O‘lsam, chirog‘imni yoqib qoladigan o‘g‘illarim bor. Qizlarim esa o‘lganimda tepamda otamlab yig‘lashadi. Nom-nishonsiz ketmayman, — debdi.
Bu gaplardan Eshmat ta’sirlanib, xafa bo‘lib qolibdi. Shu payt Toshmatning kichkina o‘g‘li chopib kelgan ekan, otasi unga:
— Bor, hov anavi yerda yotgan nosqovog‘imni olib kelgin, bir chekay, — deb nosqovog‘ini ancha nariga otib yuboribdi.
O‘g‘li otasining aytganini qilib, yugurib borib nosqovog‘ini ko‘tarib kelibdi.
— Ko‘rdingmi, qani sen ham birorta o‘rtog‘ingga buyur-chi, otib yuborgan nosqovog‘ingni olib kelib berarmikan? O‘z farzanding bo‘lganida beminnat qilardi. Uni urishsang ham, so‘ksang ham, erkalasang ham ixtiyor o‘zingda, o‘z farzandingga xadding sig‘averadi. Qariganingda esa belingga quvvat bo‘ladi, — debdi.
Eshmat “ha, boylik, aysh-ishrat o‘tkinchi ekan. Men ham bir paytlar Xizrdan farzand tilasam bo‘lar ekan” deb, xafa bo‘lib, do‘stlari bilan uyiga qaytibdi.