Echki, qo‘y va bo‘rilar

Bir bor ekan bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir odamning bir echkisi bilan bir qo‘yi bo‘lar ekan. U qo‘y bilan echkini rosa boqib semirtirgan ekan. Bir kuni echki egasining «Echkini so‘yib yeymiz», degan so‘zini eshitib, tezda qo‘yining yoniga yetib boribdi-da:
— Ey do‘stim, xo‘jayin seni so‘yib yemoqchi. Buni o‘z qulog‘im bilan eshitib seni xabardor qilgani keldim, —debdi.
Bu gapni eshitib qo‘yning ko‘zi qinidan chiqib ketay debdi. U echkiga:
— Echki do‘stim, unday bo‘lsa yur ikkimiz birga qochaylik. Nega desang, men qochsam navbat senga keladi, — debdi.
Echki darrov rozi bo‘libdi. Ular cho‘l-biyobonga qarab yo‘l olibdilar. Ular yurib-yurib bir bo‘rining kallasi yoniga kelib qolibdilar. Echki ko‘rsaki bir bo‘rining kallasi uzilib yotganmish, shunda u qo‘yga kallani ko‘rsatib:
— Qo‘yjon, mana bu sening ashaddiy dushmaningning kallasi. Buni xaltangga solib ol, kerak bo‘lib qolar, — debdi.
Qo‘y qo‘rqib kallaning yoniga borishdan bosh tortibdi, lekin o‘zining qo‘rqqanini echkiga bildirmaslikka urinib:
— Echkijon, kel, ikkimiz xaltaga solamiz. Nega desang, mening bir o‘zim ham xaltani ochib ham xaltaga solishim qiyin, sen xaltani och, men kallani xaltaga solayin, sen ham soqolli botirsan, kel do‘stim, ikkimiz bu ishni bajaraylik, — debdi.
Echki rozi bo‘libdi va ular ikkalasi kallani apil-tapil xaltaga solibdilar-da, orqalariga qaramasdan keta beribdilar. Ular yo‘l yurishibdi, yo‘l yurishsa ham mo‘l yurishib, bir o‘tloqqa yetib olibdilar. Endigina erkin nafas olib, o‘t yeb, qorinni to‘yg‘azamiz deganlarida bir necha bo‘rilarning birlashib palov pishirishib o‘tirganlariga ko‘zlari tushib qolibdi.
— Nima qilamiz? — debdi qo‘y echkiga qarab.
— Hozir, — debdi echki va bo‘rilarning oldiga borib: — Assalomu alaykum, kechlaringiz xayrli bo‘lsin! — debdi.
Bo‘rilar bir-birlariga qarashib, kulishib, o‘zlaricha: «Xudo bizga go‘sht yetkazdi», debdilar.
Shunda biri o‘rnidan turib echkiga yaqinlashgan ekan, fursatni qo‘ldan bermasdan:
— Sizlarga go‘sht kerakmi? Ehhe, qancha kerak desan-gizlar bizlarda topiladi, — debdi-da, qo‘yga qarab:
— Borib xaltadagi go‘shtning yaxshisidan bir kalla olib kel, — debdi.
Qo‘y ta’zim qilib chiqib ketibdi-da, borib haligi kallani olib kelib, echkiga uzatibdi;
— Nimaga yaxshisini olib kelmading? — debdi echki qo‘yga siyosat bilan. Qo‘y bo‘lsa:
— To‘qqiz kalladan eng yaxshisi shu ekan, agar bundan yaxshisi kerak bo‘lsa mana bularnikidan birini darrov uzib oling, — debdi.
Buni eshitgan bo‘rilar o‘tirgan joylaridan darhol tura solib qocha boshlabdilar. Echki bo‘lsa yonida turgan bo‘rini bor kuchi bilan boplab suzib yuborgan ekan, bo‘ri uzalasiga yiqilibdi-da, jon talvasasida qochib qutulibdi. Qo‘y bilan echki pishayotgan palovni yebdilar-da, yotib orom olibdilar.