Dunyoda nima lazzatli?

Husayn mirzoning qirq vaziri bor ekan. Qirqinchisi Alisher Navoiy ekan. Bir kam qirq vazir Navoiyni Husayn mirzoga yomonlay beribdi. Husayn mirzo Alisherni vazirlikdan bo‘shatibdi.
Bir kuni Husayn mirzo bir kam qirq vazirdan:
— Dunyoda nima lazzatli? — deb so‘rabdi. Vazirlar bilgan va boshlariga kelgan hamma sirlarni aytibdilar.
Husayn mirzo:
— Yo‘q, topolmadingiz! Ertalabgacha topib bermasangiz hammangiz joningizdan umidingizni uzing! — debdi.
Vazirlar o‘zaro maslahat qilishibdi.
— Buni Alisher biladi, — debdi vazirlardan biri. Uni Navoiyga yuboribdilar. Vazir Navoiyning oldiga kelib:
— Husayn mirzo bizga: «Dunyoda nima lazzatli, shuni topinglar!» deb buyurdi, biz topa olmadik. Aytib bermasangiz bo‘lmaydi, — debdi.
— Qaysi ovqatni och qolib yesangiz, o‘sha lazzatli deng, — debdi Navoiy.
Vazirlardan Husayi mirzo so‘raganida ular shunday debdilar.
Husayn mirzo aytibdi:
— Buni siz topmagansiz, to‘g‘risini ayting, kim aytib berdi?
Vazirlar:
— Taqsir, o‘zimiz topdik, — debdilar.
Husayn mirzo hammalarini bir uyga qamab:
— Kimki to‘g‘risini aytmasa, shu uydan birma-bir chaqirib, boshini olaveraman! — debdi.
Shunda vazirlar turib:
— Biz Alisherdan so‘radik, — debdilar. Husayn mirzo aytibdi:
— O‘zingiz uni menga yomonlab haydatib yuborib, yana nega undan maslahat so‘raysizlar? Demak, usiz sizlarning miyangiz ishlamas ekan-da! — debdi va Navoiyni chaqirtirib, yana vazirlikka tayinlabdi.